Bugun mahalla iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotning boshlang‘ich nuqtasi sifatida qaralmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni doirasida belgilab berilgan asosiy vazifalar ana shu strategik yondashuvning mantiqiy davomidir.

Mazkur strategiya doirasida kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini shakllantirish masalasi alohida ahamiyat kasb etdi. Negaki mehnat bozorida yuz berayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar, raqamli texnologiyalar ta’sirida shakllanayotgan kasb yo‘nalishlari, an’anaviy mutaxassisliklarning tezkor yangilanishi jamiyat oldiga mutlaqo yangi talablarni qo‘ymoqda. Endilikda shaxsning barqaror hayotiy pozitsiyasi birgina diplom bilan belgilanmaydi, uning doimiy o‘rganishga tayyorgarligi, moslashuvchan tafakkuri, amaliy ko‘nikmalari va raqobatbardosh malakasi bilan aniqlanadi.

Farmonda belgilangan chora-tadbirlar aynan shu ehtiyojlar hosilasi bo‘lib, ular mehnat bozori va kasbiy ta’lim tizimini o‘zaro uzviy bog‘liq yagona mexanizm sifatida qayta shakllantirishga qaratilgan. Mahallalarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, aholini kasbga yo‘naltirish hamda qayta tayyorlash orqali hududiy bandlikni ta’minlash uning markaziy yo‘nalishlaridan. Xususan, mazkur huquqiy hujjat bilan mustahkamlab qo‘yilgan Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi yigit-qizlarni erta yoshdan kasbga yo‘naltirish, mustaqil kasb o‘rgangan aholi malakasini rasmiy tan olish, kam ta’minlangan va ishsiz aholini o‘qitish orqali bandlikni oshirish, texnikumlarnig institutsional salohiyatini kuchaytirish, ­hal­­qaro tajribalarni joriy etish hamda raqamli platformalar orqali ishga joylashishni tizimlashtirish kabi jarayonlarni institutsional ravishda tartibga solishni nazarda tutadi.

Kasbiy yo‘naltirishning erta bosqichda yo‘lga qo‘yilishi

Mehnat bozorida ko‘zga yaqqol tashlanayotgan muammolardan biri o‘sib kelayotgan avlodning kasb tanlash borasida aniq tasavvurga ega bo‘lmasdan voyaga etishidir. Aynan shu holat ularga erta bosqichdan ­qiziqishlariga ko‘ra konkret ilmiy asosga ega yo‘l-yo‘riq berish, ya’ni kasbiy yo‘naltirishni maktab davridayoq boshlash zaruratini yuzaga chiqardi. Farmonda belgilangan “Kasblar shaharchalari” tashab­busi ana shu bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan tizimli echimdir. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, ­Xorazm, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida tashkil etiladigan “shaharchalar”da o‘quvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri real ishlab chiqarish jarayonini, texnik uskunalarni, ustaxonadagi mehnat muhitini, xizmat ko‘rsatish sohasining ichki mexanizmlarini o‘rganishi mumkin.

Ushbu jarayonning muhim jihati shundaki, o‘quvchi o‘z qobiliyatini amaliy faoliyat orqali baholay oladi. Test va zamonaviy interfaol usullar orqali kasbiy moyillikni aniqlash mexanizmlari joriy etiladi. Zero, zamonaviy iqtisodiyot sharoitida bilim bilan bir qatorda shaxsiy salohiyat, fikrlash uslubi, moslashuvchanlik darajasi hal qiluvchi omillardan. Ilmiy asoslangan diagnostika usullari esa o‘quvchilarning qaysi yo‘nalishda samarali faoliyat yurita olishini aniqlashga xizmat qiladi. Erta kasbiy yo‘naltirish tizimi hududiy rivojlanish bilan ham uzviy bog‘liq. Har bir viloyatning sanoat profili, ishlab chiqarish salohiyati, xizmatlar bozori ehtiyoji inobatga olingan holda kadrlar tayyorlanadi. Shu bilan birga, “Kasblar shaharchalari” maktab, texnikum, mahalla va ish beruvchilar o‘rtasida uzviy hamkorlik muhitini yuzaga keltiradi.

Bu borada ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan yana bir jihat bor — muayyan kasbni rasmiy ta’lim muassasalarida emas, balki mustaqil ravishda, amaliy faoliyat jarayonida o‘rganish amalIYoti. Qurilishda ishlayotgan yoshlar, xizmat ko‘rsatish sohasida tajriba orttirayotganlar, ustaxonalarda, kichik korxonalarda, oilaviy biznesda mehnat qilayotgan minglab insonlar real malakaga ega bo‘lsa-da, ularning bilim va ko‘nikmalari ko‘pincha hujjat bilan tasdiqlanmagan holda qolmoqda. Shu sababli bunday fuqarolar mehnat bozorida o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmaydi, barqaror ish topishda qiyinchiliklarga duch keladi, malakasiga mos daromadga erisholmaydi. Aynan mana shu muammo farmonda belgilangan malaka sertifikatlasH tizimini joriy etish tashabbusining asosiy sabablaridan biridir.

2026 yildan boshlab har bir hududning sanoat ixtisoslashuvi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xususiyatlaridan kelib chiqib, 24 ta malakani baholash markazini tashkil etish rejalashtirilgan. 60 ta dolzarb kasb bo‘yicha baholash vositalari ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkaziladi. Shu bilan birga, 120 nafar baholovchi ekspertning malakasi oshiriladi va professional ekspertlar korpusi shakllantiriladi. Mustaqil kasb o‘rganib, moliyaviy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun malakani baholash xarajatlari va voucher tizimi asosida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Aholiga 100 dan ortiq kasb bo‘yicha mustaqil bilim olish imkoniyatini yaratadigan “Kasbiy rivojlanish platformasi” ishga tushirilmoqda. Platformada o‘quv materiallari, videodarslar, simulyatsion mashqlar joylashtiriladi hamda o‘qish yakunida sertifikat berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Migratsiya agentligi hamda Savdo-sanoat palatasining elektron platformalari yagona “Kasbiy rivojlanish platformasi”ga integratsiya qilinadi. Platformaning muhim jihatlaridan biri o‘rganilayotgan kasbni simulyatsion mashqlar orqali ham egallash imkoniyatining yaratilishidir. Virtual muhitda ishlab chiqarish jarayonlarini modellashtirish, texnik qurilmalar bilan ishlashni mashq qilish, xizmat ko‘rsatish vaziyatlarini sinab ko‘rish foydalanuvchilarning amaliy tayyorgarligini kuchaytiradi. Bu usul, ayniqsa, murakkab va texnologik yo‘nalishlarda samarali hisoblanadi.

Yoshlarning “Karyera”si

Dunyo ta’lim tizimi tajribasi ko‘rsatadiki, barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishgan davlatlarda kasbiy ta’lim umumta’lim maktablaridan keyingi “ikkinchi darajali tanlov” sifatida qaralmaydi. Aksincha, Germaniya, Shveytsariya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda texnik va kasbiy ta’lim yoshlarni mehnat bozoriga olib kiruvchi asosiy platforma sanaladi. O‘zbekiston sharoitida ham so‘nggi yillarda aynan shu modelga yaqinlashish ehtiyoji kuchayib bormoqda. Maktab bitiruvchilarining aksariyati uzoQ vaqt davomida oliy ta’limni yagona muvaffaqiyat mezoni sifatida qabul qilib kelgan. Oqibatda oliy ta’limga kira olmagan minglab yoshlar aniq kasbiy yo‘nalishsiz qolib ketgan, vaqtincha ishlarga, norasmiy bandlikka yoki migratsiyaga yo‘nalgAN. Bu holat yoshlar salohiyatining to‘liq namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan.

Shu sababli farmonda yoshlarni texnikumlarga ongli va tizimli ravishda yo‘naltirish alohida ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ushbu siyosatning markazida 11-sinf bitiruvchilari bilan individual ishlash mexanizmi turadi. 2026 yil 1 apreldan boshlab oliy ta’limga qiziqishi yuqori bo‘lmagan o‘quvchilarni aniqlash tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali har bir bitiruvchi uchun eng maqbul ta’lim yo‘nalishlari tavsiya etiladi. “Kasb tanlash haftaligi” tadbirlari maktablarda tizimli ravishda o‘tkazilib, o‘quvchilarga turli kasblarning real mazmuni, mehnat sharoiti, rivojlanish istiqbollari, daromad manbalari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Texnikumlarda o‘qitiladigan mutaxassisliklar amaliy misollar orqali tushuntiriladi, muvaffaqiyatli mutaxassislar hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

2026 yil may-avgust o ylaridan e’tiboran texnikumlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish ishlari kengaytiriladi. Rejaga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilida texnikumlarda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarni qabul qilish jarayoni keng ko‘lamda amalga oshiriladi. Oliy ta’limga kirish istagida ­bo‘lmagan 200 mingga yaqin o‘quvchini kasbga o‘qitish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, doimiy daromad manbai bo‘lmagan, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashishda qiynalayotgan qatlam uchun ham alohida imtiyoz va imkoniyatlar yaratish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 400 ming band bo‘lmagan shaxs hamda kam ta’minlangan oilalarning ishsiz ­a’zosi kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladi. Band bo‘lmagan shaxslar va ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari uchun kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim beruvchi davlat hamda nodavlat muassasalari ro‘yxati shakllantiriladi. Shu bilan birga, mazkur toifa uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari dasturlari ishlab chiqiladi.

Albatta, kasbiy ta’lim tizimining yakuniy natijasi diplom bilan belgilanmaydi. Uning haqiqiy samaradorligi bitiruvchining qanchalik tez va barqaror tarzda mehnat bozoriga kirib borishi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topa olishi bilan namoyon bo‘ladi. Agar ta’lim jarayoni ish bilan ta’minlash mexanizmlari bilan uzviy bog‘lanmagan bo‘lsa, eng puxta tayyorlangan kadr ham uzoq vaqt ish izlash holatida qolib ketishi mumkin. Shu sababli farmonda bitiruvchilarni mehnat bozoriga olib chiqish jarayonlarini raqamlASHTIRISH va tizimlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur yo‘nalishda eng muhim tashabbuslardan biri 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “Karyera” elektron platformasini ishga tushirishdir. Ushbu platforma oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari talabalari hamda bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bevosita bog‘lovchi raqamli mehnat bozori vazifasini o‘tashi lozim. Uning asosiy vazifasi ta’lim tizimi bilan real iqtisodiyot o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etishdan iborat.

“Karyera” platformasi orqali talabalar va bitiruvchilar o‘z malakasi, bilim darajasi, qiziqishlari, amaliy tajribasi haqida to‘liq ma’lumot joylashtiradi. Ish beruvchilar esa mavjud vakant ish o‘rinlari, talab etilayotgan kompetensiyalar, ish sharoitlari haqida ochiq axborot taqdim etadi. Platformaning muhim jihatlaridan biri sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishdir. Mazkur texnologiyalar orqali talabalar va bitiruvchilarning qobiliyati, o‘zlashtirish darajasi, qiziqish yo‘nalishlari tahlil qilinadi hamda ularga mos ish o‘rinlari tavsiya etiladi. Ish beruvchilarga esa eng munosib nomzodlar tanlab beriladi. Bu yondashuv tasodifiy tanlovlarni ­kamaytiradi, kadrlar va ish o‘rinlari o‘rtasidagi moslik darajasini oshiradi.

Farmonda bitiruvchilarning ishga joylashish jarayonlari ustidan avtomatlashtirilgan monitoring tizimini joriy etish ham belgilangan. Ushbu mexanizm orqali qaysi ta’lim muassasasining bitiruvchilari qaerda va qanday sharoitda ish boshlayotgani, qaysi yo‘nalishlarda muammolar mavjudligi muntazam tahlil qilinadi. Bu ma’lumotlar asosida ta’lim dasturlarini takomillashtirish, yangi yo‘nalishlarni ochish, mavjudlarini yangilash imkoniyati yaratiladi.

“Karyera” platformasi orqali 1,6 million talaba va bitiruvchi uchun kasb tanlash hamda ish topish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 50 mingdan ortiq ish beruvchini platformaga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Texnikum bitiruvchilari orasidan kamida 150 ming nafari uchun munosib ish topish sharoitlari yaratiladi. Mazkur tizim mehnat bozorida ishonch muhitini shakllantiradi. Bitiruvchi o‘z bilim va ko‘nikmalariga tayangan holda ish topishiga ishonadi, ish beruvchi esa nomzodning tayyorgarlik darajasini aniq ko‘ra oladi.

Kasbiy ta’limning samaradorligi ko‘p jihatdan real ishlab chiqarish muhiti bilan qanchalik uzviy ekaniga ham bog‘liq. Mazkur yo‘nalish doirasida kasbga o‘rgatish uchun texnikum o‘quvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim soliq imtiyozlari joriy etilmoqda. Xususan, texnikum bitiruvchilarini va o‘quvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga o‘quvchilarga to‘lanadigan ish haqidan olinadigan ijtimoiy soliqni 1 foiz stavka bo‘yicha to‘lash huquqini 2030 yilgacha uzaytirish nazarda tutilgan. Ushbu mexanizm bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari”

Bugungi iqtisodiy muhit tezkor o‘zgaruvchanlik bilan xarakterlanadi. Ishlab chiqarish jarayonlari automatlashtirilib, raqamli boshqaruv tizimlari kengaymoqda, xizmat ko‘rsatish standartlari yangilanmoqda. Pedagoglar doimiy ravishda o‘z bilimini yangilab bormasa, ta’lim tizimining real iqtisodiy jarayonlardan uzilib qolishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun malaka oshirishni an’anaviy, davriy va formal jarayon sifatida emas, balki uzluksiz rivojlanish mexanizmi sifatida tashkil etish zarurati yuzaga kelgan.

Farmonga muvofiq, masofaviy va aralash shaklda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari ulushini 22 foizga yetkazish rejalashtirilyapti. 2026 yil mart oyidan boshlab masofaviy malaka oshirish kurslari uchun maxsus o‘quv kontentlari ishlab chiqiladi. Kontentlar zamonaviy pedagogik metodlar, ishlab chiqarishdagi yangi texnologiyalar, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish usul­­lari hamda baholash mexanizmlarini o‘z ichiga oladi.

Masofaviy va aralash shakl joriy etilishi ta’lim jarayonini yanada moslashuvchan qiladi. Har bir pedagog o‘z ish jadvali va shaxsiy imkoniyatidan kelib chiqib malakasini oshiradi. Uch yoshgacha farzandi bor, nogironligi mavjud, nafaqa yoshiga yetgan boshqaruv va pedagog kadrlar uchun ham sharoit yaratiladi. 2026 yil dekabr oyiga qadar mazkur toifadagi xodimlar ehtiyojiga ko‘ra masofaviy yoki aralash shaklda malaka ­oshirish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’lim sifatini oshirishda pedagog bilan bir qatorda texnikum rahbarining boshqaruv uslubi, strategik qarashlari, resurslardan foydalanish samaradorligi ham muhim omildir. Shu bois, farmonda texnikum direktorlarI va o‘rinbosarlariga menejerlik sertifikati berish tizimini joriy etish belgilangan. Menejerlik sertifikati olish jarayoni rahbarlarning bilimini baholash, ularni zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida o‘qitish orqali amalga oshiriladi. Strategik rejalashtirish, moliyaviy boshqaruv, inson resurslari bilan ishlash, ta’lim sifatini monitoring qilish kabi yo‘nalishlar o‘quv kurslarining asosiy mazmunini tashkil etadi. 600 nafardan ortiq rahbar va o‘rinbosar menejerlik bo‘yicha o‘qitiladi va ularning boshqaruv salohiyati mustahkamlanadi. Texnikum direktoriga 50 foiz, o‘rinbosariga 30 foiz miqdorida har oylik ustama berilishi boshqaruv sifati va mas’uliyat darajasini oshiradi.

Ta’lim sifati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan yana bir yo‘nalish modulli ta’lim dasturlarini joriy etishdir. Farmonga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarida modulli dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantiriladi. 2026 yil
1 martdan boshlab bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, 1 apreldan xorijiy tajribalar o‘rganiladi, 1 sentyabrgacha esa texnikumlarda tayyorlanadigan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha modulli dasturlar ishlab chiqilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etiladi. 60 ta mutaxassislik bo‘yicha modulli dasturlar ishlab chiqilishi ta’lim mazmunini aniq kompetensiyalarga yo‘naltiradi. Har bir modul muayyan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi, o‘quvchi bosqichma-bosqich o‘zlashtirish darajasini namoyon etadi.

Bu borada xorijiy tajriba ham asqatadi. Rivojlangan davlatlar amaliyoti ko‘rsatadiki, kasbiy ta’limda barqaror natijalarga erishish uchun xalqaro standartlar, zamonaviy metodikalar va ilg‘or texnologiyalar bilan uzviy uyg‘unlik zarur. Shu ma’noda, texnikumlar faoliyatiga xalqaro ta’lim tajribalarini keng joriy etish dolzarb masalalardan. Farmonga muvofiq, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya Respublikasi va Buyuk Britaniya kabi davlatlarning xalqaro ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar ro‘yxati shakllantiriladi. Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadigan 60 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar ishlab chiqarish ehtiyojlari, texnologik rivojlanish darajasi hamda kasbiy kompetensiyalar asosida shakllantiriladi. 2026 yil 1 noyabrgacha xalqaro ta’lim dasturlari asosida kamida 8 ming o‘quvchini qamrab olish rejalashtirilgan.

Kasbiy ta’lim tizimida barqaror natijaga erishish faqat o‘quv dasturlari va moddiy-texnik baza bilan belgilanmaydi. Yoshlarning o‘qishga munosabati, ichki intilishi, kelajakka ishonchi ham ta’lim samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar o‘quvchi o‘z mehnati va sa’y-harakatlari jamiyat tomonidan qadrlanayotganini his qilsa, u bilim olish jarayoniga mas’uliyat bilan yondashadi, o‘z ustida ko‘proq ishlaydi, kasbiy mahoratini o‘stirishga intiladi. Shu sababli farmonda yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rag‘batlantirish mexanizmlariga alohida ­e’tibor qaratilgan.

Mazkur yo‘nalishda eng muhim tashabbuslardan biri texnikumlarda dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun stipendiya tizimini joriy etishdir. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’limda o‘qiyotgan o‘quvchilarga davlat byudjeti hisobidan stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda har bir o‘quvchiga fanlarni o‘zlashtirish darajasidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya beriladi. Fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85 foizdan yuqori hamda respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi. Mazkur rag‘batlantirish tizimi orqali texnikumlarning 100 mingdan ortiq o‘quvchisini qamrab olish rejalashtirilgan.

Yoshlarni rag‘batlantirish tizimining yana bir muhim yo‘nalishi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi tashkil etilishi. Tanlov texnikum o‘quvchilari, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida kasblar bo‘yicha o‘tkaziladi. Tanlov doirasida dolzarb 10 ta kasb belgilanadi, hududlar kesimida 700 nafar sovrindor saralab olinadi, respublika miqyosida esa 120 nafar g‘olib aniqlanadi. G‘oliblar va ularning ustozlari 4,9 million so‘mdan 41,2 million so‘mgacha miqdorda rag‘batlantiriladi. Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar esa 1 milliard so‘mgacha mukofot bilan taqdirlanadi.

Kasbiy ta’limni yangilashga qaratilgan strategik yondashuv aslida iqtisodiy dasturdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. U jamiyatning o‘zini anglash, mehnatga munosabatini qayta ko‘rib chiqish, shaxs va davlat o‘rtasidagi mas’uliyat muvozanatini mustahkamlash jarayonidir. Mehnat bozori arxitekturasini qayta shakllantirish tashabbusi insonning qadr-qimmati uning aniq amaliy salohiyati, yaratuvchanligi va mas’uliyatiga bog‘liq degan tamoyilni ijtimoiy ongga singdiradi. Ya’ni mahalla, ta’lim muassasasi, tadbirkorlik subyekti va davlat instituti o‘rtasidagi uzviylik jamiyatni ichkaridan mustahkamlaydi. Mehnatga hurmat, malakaga e’tibor, ustoz-shogird an’anasining zamonaviy talqini, adolatli raqobat muhiti — bularning barchasi barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi. Inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan har bir qadam davlat siyosatini ijtimoiy ishonch bilan boyitadi, ishonch esa, o‘z navbatida, taraqqiyotning eng mustahkam tayanchiga aylanadi.

Asliddin ABDURAZZOKOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri