Qayd etilishicha, Oʻzbekiston gidroenergetikasi tarixi 1926 yil may oyida dastlabki gidroelektr stansiya — Boʻzsuv GES ishga tushirilishi bilan boshlangan.
2017 yil 18 may sanasi esa mamlakat gidroenergetikasi tarixida yangi bosqich sifatida baholanmoqda. Aynan shu kuni Oʻzbekiston Prezidentining farmoni asosida Oʻzbekgidroenergo mustaqil va yagona tarmoq sifatida tashkil etilgan. Ushbu qaror sohani tizimli boshqarish, investitsiyalarni keng jalb qilish, yangi quvvatlarni yaratish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos boʻlgani taʼkidlandi.
Soʻnggi toʻqqiz yilda sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Agar 2017 yilga qadar mamlakatda umumiy quvvati 1604 megavatt boʻlgan 36 ta gidroelektr stansiya faoliyat yuritgan boʻlsa, 2026 yilga kelib GESlar soni 100 taga yetdi. Sohani umumiy quvvati esa 2402 megavattni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida qoʻshimcha 800 megavatt «yashil» energiya quvvatlari yaratildi. Bu nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki mamlakat energetika xavfsizligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sohada milliy muhandislik salohiyatini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bugungi kunda gidroelektr stansiyalarni loyihalash, qurish, montaj qilish, sinovdan oʻtkazish va ishga tushirish ishlarining asosiy qismi mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlanishicha, gidroenergetika sohasida mahalliylashtirish darajasi ham yangi bosqichga chiqqan. Ilgari xorijdan olib kelingan qator uskuna va mexanizmlar endilikda mamlakatning oʻzida ishlab chiqarilmoqda.
Xususan, UzHydroPower zavodi Markaziy Osiyoda gidroaggregatlar ishlab chiqaruvchi yagona korxona sifatida faoliyat yuritmoqda. Quvvati 40 megavattgacha boʻlgan gidroaggregatlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega mazkur zavod ayni paytda «milliy loyihalar» uchun zarur jihoz va ehtiyot qismlarini yetkazib bermoqda.
Shuningdek, sohada raqamlash-tirish ishlari ham jadal olib borilmoqda. Ilgʻor xorijiy tajriba asosida gidrotexnika inshootlari xavfsizligini nazorat qilishga qaratilgan «Vaziyatlar markazi» ishga tushirildi.
Ushbu markaz orqali Oʻzbekgidroenergo tasarrufidagi 6 ta suv ombori hamda 100 dan ziyod katta va kichik GESlar real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda. Bunda Italiyaing SISGEO kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 4000 ga yaqin yuqori aniqlikdagi datchik va nazorat qurilmalari oʻrnatilgan.
Jamiyat soʻnggi uch yil davomida ESG reytingi boʻyicha 79 ballik xalqaro koʻrsatkichni saqlab kelmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori natijalardan biri sifatida baholanmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekgidroenergoning xalqaro moliyaviy koʻrsatkichlari ham yaxshilangan. Xususan, Fitch Ratings agentligi 2020 yilda kompaniyaga ilk bor «B+» reytingi bergan boʻlsa, 2025 yil yakuniga koʻra reyting «BB+» barqaror darajasigacha oshirildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kompaniyaning moliyaviy barqarorligi, investitsion jozibadorligi va korporativ boshqaruv tizimi xalqaro darajada eʼtirof etilayotganini anglatadi.
Joriy yilda ham sohada ijobiy iqtisodiy oʻsish kuzatilmoqda. Xususan, 2026 yil yakuniga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 7,1 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan.
Bayram tadbirida gidroenergetika tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun sport musobaqalari, milliy taomlar tanlovlari, hunarmandchilik koʻrgazmalari, intellektual bellashuvlar hamda kontsert dasturlari tashkil etildi.
Tadbir tashkilotchilari taʼkidlashicha, mazkur bayram nafaqat sohadagi yutuqlarni namoyish etish, balki energetiklarning mashaqqatli mehnatini eʼtirof etish, jamoada ahillik va korporativ madaniyatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.