Hosilning asosiy qismi esa bugunga qadar asrlar davomida saqlanib kelayotgan anʼanaviy usul — urugʻ ekilganidan keyin uni suvga bostirib qoʻyish texnologiyasi orqali yetishtiriladi.

Bu taxminan 80-100 kun davomida sholi ekinining bir qismi suvga botirilgan holda turadi, degani. Sholi yetishtirishda boshqa ekinlarga nisbatan bir necha baro­bar koʻp suv talab qilinishi boisi shunda. Oʻsimlik to pishib yetilguniga qadar bir gektariga 20 ming kub metrdan koʻproq suv sarflanar ekan. Global suv tanqisligi or­tib borayotgan hozirgi sharoitda hatto ushbu jihat ham guruchga talabni kamaytirmayapti, aksincha, unga ehtiyoj tobora ortmoqda.

Axir sholi yetishtirishni qisqartirib, odamlarning guruch isteʼmolini cheklash­ning imkoni yoʻq. Shunchaki oʻsimlikni yetishtirish davridagi suv sarfini ka­maytirish choralarini koʻrish kerak. Dunyo olimlari bu borada uzoq yillardan buyon tadqiqot oʻtkazadi. Keyingi yillarga ke­lib, ana shunday tadqiqotlar asosida yangi va zamonaviy yechimlarning bir qanchasi amaliyotda ommalashib boryapti. Masalan, sholini koʻchat usulida yetishtirish ham suv sarfini qisman kamaytirayotgan ilgʻor tex­nologiyalardan. Ammo yaqinda eshitganim yana bir usul sholi yetishtirishda haqiqiy yangilik ekani shubhasiz.

Gap suv yuzasida sholi yetishtirish haqi­da boryapti. Jahon amaliyotida bu “suzuvchi sholi usuli” deb ham atalar ekan. Mamlaka­timizda ilk bor joriy yil aprelda xorij tajribasi asosida “suzuvchi sholi” usulida sholi ekildi. Tajriba uchun yurtimizdagi bir qancha baliqchilik xoʻjaliklari tanlab olindi.

Yangi tajriba haqida oʻqiganim hamon loyihani amalga oshirayotgan Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutiga yoʻl oldim. Nazarimda, suv yuzasida sholi yetishtirish chinakam yangilik boʻlib, uning ommalashi­shi ham yer maydonlari, ham suvni sezilar­li darajada tejashga xizmat qiladi. Boshqa jihatdan, yangi usulning qay tarzda qoʻlla­nayotgani, xalqaro amaliyotning yurtimizga kirib kelishi sabablari ham qiziq.

— Mamlakatimizda ilm-fan rivoji, yangi texnologiyalarni qoʻllashdagi saʼy-harakatlar qishloq xoʻjaligida yangicha yondashuvlarni joriy etish orqali mah­sulot yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qilyapti, — deydi Sholichilik il­miy-tadqiqot instituti direktori Abdul­lo Mansurov. — Davlatimiz rahbarining tegishli topshiriqlari bilan keyingi yil­larda olimlarimiz yilda ikki marta hosil olish, yotib qolishga chidamli, tezpishar, kam suv talab qiladigan sholi navlarini yaratish, hosildorlikni oshirish kabi loyihalar ustida faol ishlayapti. Oʻtgan yili noyabrda qishloq xoʻjaligi vaziri oldimizga ayni yoʻnalishda innovatsiyalarni qoʻllash, xorij tajribasini kengroq oʻrganish vazi­fasini qoʻydi. Shundan soʻng ilmiy xodim­larimiz jahondagi umumiy amaliyotni oʻr­ganib, qator davlatlar tajribasini tahlil qildi. Jarayonda suv yuzasida sholi yetishti­rish texnologiyasi eʼtiborimizni tortdi. Mazkur amaliyot dunyo boʻyicha yirik guruch yetishtiruvchi Xitoy, Malayziya, Vyetnam, Tailand kabi mamlakatlarda yoʻlga qoʻyil­gan. Bu usulda sholi odatdagidek tuproqli yerda emas, balki tabiiy yoki sunʼiy koʻllar yuzasida yetishtiriladi. Mazkur davlatlarda tabiiy koʻllar koʻpligi bois, sholi ana shu suv havzalari yuzasida pishib yetiladi. Biz esa yurtimizdagi baliqchilik xoʻjaliklari­da tajriba qilib koʻrishga qaror qildik. Bu texnologiya Oʻzbekiston amaliyotida yangilik boʻlib, natijasi oʻzimizga ham qiziq. Shu bois, innovatsion usulning amaliy nati­jalari mutaxassislar tomonidan muntazam oʻrganib borilmoqda.

Poʻkaklar suvda soya vazifasini ham bajaradi

Tajriba Fargʻona viloyati Yozyovon tuma­ni, Namangan viloyati Mingbuloq tumani hamda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq va Bekobod tumanlaridagi bir qancha baliqchi­lik xoʻjaliklarida sinovdan oʻtkazilyapti. Xususan, Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Fish Cluster” klasterining baliq parvarishlanadigan havzalaridan bir gektari ajra­tilib, suv yuzasiga sholi ekildi.

Bunda sholi urugʻi yoki koʻchatlari toʻgʻridan toʻgʻri suvga solinmaydi. Avval ular maxsus tuvaklarga eki­lib, soʻng har bir tuvak turli kattalikdagi poʻkak (penoplast) lar orasiga oʻrnatiladi. Keyin bu poʻkaklar suv yuzasiga qoʻyilib, bir uchi yerga bogʻla­nadi. Poʻkak suvda muntazam qalqib turgani uchun ham “suzuvchi sholi usuli”, deb taʼriflanadi.

Mutaxassislarning tu­shuntirishicha, sholi ekila­digan tuvak va penoplastlar Xitoydan olib kelingan. Ular­ning hajmi va oraliq masofasi ham Xitoy texnologiyasi asosida tanlangan. Maxsus poʻkaklarning uzunligi 120, kengligi 60 santimetr. Har birining ustiga 26 tadan tuvak oʻr­natilgan. Tuvaklar hajmi 15 santimetr, qatorlari orasi esa 7 santimetr. Har bir tuvak ichiga 20 kunlik tayyor sholi koʻchatla­ri yoki urugʻi solinib, 250 grammdan tuproq va biogumus aralashmasi bilan toʻldiril­gan. Bitta tuvakka 3-4 tadan koʻchat ekilgan.

Tuvaklarning suvga tegib turadigan tag qismi teshik boʻladi va oʻsimlik ildizi pastga tushib, gidroponika usulida suvdan ozuqa oladi. To sholi pishib yetilguniga qa­dar tuvaklar suv yuzasida shu holatda tura­di. Qarabsizki, baliq boqiladigan sunʼiy suv havzalarida bir vaqtning oʻzida sholi ham yetishtiriladi, unga ana shu tayyor suv­dan ortiqcha manba kerak boʻlmaydi. Suv za­xiralari tobora kamayib ketayotgan hozirgi sharoitda bu guruch yetishtirishning eng te­jamkor va zamonaviy usuli ekanini aytayot­ganlaricha bor.

— Ushbu usul suvdan unumli foydala­nish barobarida organik mahsulot yetishti­rish imkonini beradi, — deydi Abdullo Mansurov. — Sababi, baliq uchun solina­digan ozuqa moddalari suv muhitida tabiiy oʻgʻit vazifasini bajaradi. Shu bilan bir­ga, baliqlarning sholi ildiz tizimi bilan oʻzaro taʼsiri oʻsimlikning oʻsuvchanligini oshirib, hosildorlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Natijada ekologik toza va yuqo­ri sifatli mahsulot olinadi. Baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlarining aytishicha, bu texnologiya baliqlarning oʻsishi uchun ham foydali boʻlishi mumkin. Masalan, kun isib ketgan vaqtlari, odatda, baliqlar soya­ga oʻtib, oziqlanmay qoʻyarkan. Suv yuzasidagi sholi solingan poʻkaklar esa baliqlarga soya berib turadi. Issiq paytlarda baliqlar ana shu soya tagida oziqlanishda davom etadi. Umuman, xorij tajribasida mazkur usul­ning salbiy jihatlari haqida gapirilma­gan. Ammo biz bu boradagi ehtimollarni ham oʻylaganmiz. Masalan, baʼzi baliq tur­lari sholining tuvak teshigidan chiqadigan ildizini yeb qoʻyishi mumkin. Ammo bu xavfli emas. Chunki tuvak ichida ham oʻsim­lik ildizi boʻladi. Tashqaridagi ildizning qaytadan chiqishi esa hosildorlikni yanada oshiradi.

Suv yuzasiga joylashtirilgan poʻkaklar­ning orasi zich boʻlmaydi, 5-6 metr masofada ochiq qoldirilib, bir-biriga ulanadi. Ay­taylik, 1 gektar baliq hovuzi boʻlsa, shundan 40-50 sotixini poʻkaklar egallaydi. Qolgan qismi esa ochiq qoldiriladi. Chunki suv tagi­dagi baliqlar uchun yorugʻlik cheklanib qolmas­ligi kerak. Shuning oʻzida ham yaxshigina miq­dorda sholi yetishtirish imkoniyati boʻladi.

Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 176 ta baliqchilik xoʻjaligi boʻlib, ularning umu­miy maydoni 576 ming gektarni tashkil etadi. Mamlakatimizdagi sholi maydoni esa 140 ming gektar. Mavjud yer maydonida hosil yetishtirish davomida gektariga 20 ming kub metrdan ziyod suv sarflanar ekan. Bu yer maydoniga nisbatan suv yuzasida sholi yetishtirish uchun imkoniyat koʻproq ekanini koʻrsatadi. Birinchidan, yurtimizda birgina baliqchilik xoʻjaliklaridagi maydonning oʻzi sholi yerlaridan toʻrt barobar katta. Qolaversa, ularda sholi uchun qoʻshimcha suv­ga talab boʻlmaydi. Agar mavjud baliqchi­lik xoʻjaliklarining 10-20 foizida sholi yetishtirilsa ham qancha suv tejalishini tasavvur qilavering.

Sarf-xarajatlarga kelsak, suv yuzasida sholi yetishtirilganda, birinchi yili nisba­tan koʻproq xarajat talab etiladi. Koʻchatdan tashqari, maxsus tuvak va poʻkaklarni sotib olishga toʻgʻri keladi. Keyingi yillari esa ularga xarajat qilinmaydi. Chunki tuvak va poʻkaklardan 4-5 yil foydalanish mumkin. Bu mahsulotlar tajriba uchun Xitoydan olib kelinganiga qaramay, yurtimizda ham bor. Keyinchalik toʻliq mahalliy vosita­lardan foydalanish rejalashtirilgan. Qo­laversa, poʻkaklar odatda qayta ishlangan mahsulotdan tayyorlangani bois, narxi ancha arzon turadi. Agar yurtimizda suv yuzasida sholi yetishtirish texnologiyasi ommalashib ketsa, sanoatda ishlab chiqarishning yangi quvvatlari paydo boʻlishiga ham turtki be­rar ekan.

Bundan tashqari, suvda sholi yetishtir­ganda yerni shudgor qilish va boshqa agrotad­birlarga ham zarurat boʻlmaydi. Mineral oʻgʻitlar tejaladi. Boisi, baliqlarga be­riladigan baʼzi oʻgʻitlar aynan sholi uchun kerakli ozuqa vazifasini oʻtaydi. Kimyoviy dorilardan foydalanilmagani hisobiga organik mahsulot yetishtiriladi. Hosildor­lik oʻrtacha 50-55 sentner boʻlishi taxmin qilingan. Bu tuproqda yetishtiriladigan hosil bilan deyarli bir xil.

Oktyabrda ilk hosil olinadi

Yangi tajriba uchun sholi ham urugʻ, ham koʻchatlash usulida ekib koʻrildi. Hozir koʻ­chatlar oʻzini ancha tutib olgan, urugʻlarning oʻsishi ham yomon emas. Davlatimiz rahba­rining tegishli qarori bilan Oʻzbekiston amaliyotida sholini koʻchat usulida ekishga oʻtilyapti. Keyinchalik oʻsimlik asosan shu tarzda yetishtiriladi. Hatto Janubiy Ko­reyaning KOPIA xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda koʻchat ekadigan zamonaviy tex­nika olib kelingan. Koʻchatlar issiqxonada, maxsus iqlim sharoitida tayyorlanadi. Bu sholining vegetatsiya davrini qisqartirib, suv va urugʻlikni sezilarli tejaydi. Qo­laversa, sholi koʻchati tezroq yetilib, hosil­dorlik ham yuqori boʻladi.

Maʼlumotlarga koʻra, sholi yetishtiruv­chi aksariyat yirik davlatlarda ushbu ekin deyarli toʻliq koʻchatlab ekiladi. Bu zamo­naviy mexanizm yilda ikki marta hosil olishda ham muhim. Yurtimiz Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ayni yoʻnalishda tadqiqotlar oʻtkazib, bir qancha hududlarda tajriba-sinovlarni oʻtkazyapti. 2024-yilda dastlabki natijalar olindi. Hozir Andijon, Toshkent va Sirdaryo vilo­yatlarida tajriba davom etyapti.

Mamlakatimiz iqlimi keskin konti­nental boʻlib, doimiy issiqlik kuzatil­masa-da, sholidan yilda ikki marta hosil olishga erishish mumkinligi aytilmoqda. Mutaxassislarning tushuntirishicha, bu­ning uchun fevralda koʻchatxonalarda kassetalarga urugʻ solinadi va undan tayyorlangan koʻchatlar mart oyida dala sharoitida ekiladi. Hosil iyulning oʻrtalarida oʻrib oli­nadi. Unga qadar — iyunning boshida esa issiqxonalarga yana urugʻ tashlangan boʻladi. Bu koʻchatlar ikkinchi hosil sifa­tida ekilgach, oktyabr boshida yigʻishtirib olinadi. Shuning hisobiga oʻtgan yili birinchi ekishdan 65 sentner, ikkinchi­sidan 55 sentner hosil olindi.

Bu amaliyotni suv yuzasida sholi yetishtirishda qoʻllash qiyinroq. Chunki sholi uchun issiq harorat zarur. Hovuzlardagi suv ha­rorati esa sovuq mavsumda ancha tushib ketadi. Biroq eʼtiborni bir martada koʻproq hosil olishga qaratish mumkin va bu navlarga ham bogʻliq. Ayni paytda ushbu tajriba uchun yangi mahalliy “billur” navi tanlangan boʻlib, uning yotib qolishga chi­damli ekani aytilmoqda.

— Oʻzbekistonda yetishtiriladigan sho­lining 99 foizi mahalliy navlar hissasiga toʻgʻri keladi, — deydi Abdullo Mansurov. — Ularning asosiy jihati oshbopligida. Xalqimiz palovni koʻp isteʼmol qilgani bois, mahalliy navlarni yaratishda asosan shu jihat inobatga olinadi. Xorijiy navlar esa tezpishar boʻlib, koʻpincha boʻtqabop hisoblanadi. Shu bois, bizning guruchga bozorda talab ancha yuqori. Yaqin uch yil­lik tahlillarga koʻra, mamlakatimizning sholi importi 3 baravar kamayib, eksport 14 baravar oshgan. Bu mahalliy ehtiyojdan tashqari qismi. Yaʼni Oʻzbekistonning 38,5 milliondan ortiq aholisiga 370 ming ton­na guruch talab etiladi. Yurtimizda esa 2025-yilda 440 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu aholi ehtiyoji toʻliq qoplanib, eksport imkoniyati oshib borayotganini koʻrsatadi.

Suv yuzasida sholi yetishtirish qoʻshimcha hosil olish bilan birga mavjud suv maydon­laridan unumli foydalanishga xizmat qila­di. Keyinchalik mazkur usulni keng qoʻllash orqali sholi maydonlarini qisqartirish va ularda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari­ni yetishtirish mumkin. Har holda yerda har qanday ekin turi oʻsaveradi, suv yuzasida esa sholidan boshqa oʻsimlik unmasa kerak.

Ayni paytda tajriba maydonlariga ekilgan “suzib yuruvchi sholi” ekinlari ancha boʻy choʻzib qoldi. Dastlabki hosilni esa oktyabr boshlarida olish kutilmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri