Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Uchrashuvda Suriya tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi.

Tomonlar so‘nggi paytlarda O‘zbekiston–Suriya munosabatlari faollashganini qayd etib, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini shakllantirish hamda boshqa qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Asad ash-Shayboniy O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Suriya tomoni o‘tgan yillarda O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam va ko‘makni yuksak qadrlashini bildirdi.

Suriya tomoni munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyorligini ma’lum qilib, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan hamkorlik taklif va tashabbuslarini ko‘rib chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqot, oliy va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda O‘zbekiston–Suriya munosabatlarini yanada rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.