Maʼlum qilinishicha, mazkur tarixiy voqeani abadiylashtirish maqsadida 999,9 asllikdagi sof oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalar zarb etilgan.

Tangalar avers qismida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol toʻpi tasviri hamda “Tarixiy zafar. Oʻzbekiston futboli jahon chempionatida – 2026” yozuvi aks ettirilgan. Ushbu elementlar milliy terma jamoaning ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritganini ramziy ifodalaydi.

Revers qismida esa muxlislar orasida “Oq boʻrilar” nomi bilan mashhur boʻlgan milliy terma jamoa ramzi tasvirlangan. Boʻri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va matonatini ifodalasa, unda aks ettirilgan 26 nafar futbolchi silueti tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va fidokorona mehnati samarasi ekanini anglatadi.

Shuningdek, tanga dizaynida milliy terma jamoa liboslaridagi naqshlar asos qilib olinib, ular orqali Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniy merosiga murojaat qilingan.

31,1 gramm ogʻirlikdagi esdalik tangalar cheklangan miqdorda — 100 dona oltin va 1000 dona kumush nusxada ishlab chiqarilgan. Ular yuqori badiiy va kolleksion qiymatga ega.

Esdalik tangalari joriy yilning 18-iyun kunidan boshlab respublika boʻylab 690 ta tijorat banki filiallarida sotuvga chiqariladi.

Tangalar narxi hamda ularning banklardagi mavjudligi haqidagi yangilangan maʼlumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam eʼlon qilib boriladi.