Bosma nashrlar, teleradio kanallari va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, vaqt o'tgani sayin ijodkor xotin-qizlarning faolligi yaqqol ko'zga tashlanadi.
Shuningdek, OAVda faoliyat olib borayotgan iste'dodli jurnalist opa-singillarimizga yo'l-yo'riqlar ko'rsatish, rag'batlantirish borasida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida tashkil etilgan Jurnalist ayollar kengashi ham qator vazifalarni amalga oshirmoqda.
Kengashning navbatdagi davra suhbatida “Jurnalist xotin-qizlarning siyosiy faolligini amalga oshirish masalalari: O'zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida so'z yuritildi.
Kengash raisi Feruza Odilova yig'ilishni ochib berar ekan, OAV xodimlari safida fidoyilik bilan ijod qilib kelayotgan hamkasblarimizni alohida e'tirof etdi.
– 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida o'tkazilib kelingan “Atirgul” tanlovini qayta tiklashni taklif qilaman, – dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov. – Chunki ham oilasida, ham jamiyatda ma'naviy-ma'rifiy muhitni yaratish uchun jon kuydirayotgan xotin-qizlarimiz har qancha tahsinga va e'tirofga loyiqdir. Shuningdek, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan o'tkazilib kelinayotgan “Yil ayoli” milliy tanlovida jurnalist xotin-qizlar uchun alohida nominatsiya joriy etilishi ham maqsadga muvofiq deb bilaman.
Kengash yig'ilishida ma'ruza qilgan taniqli siyosatchi va jurnalist Feruza Muhammadjonova jurnalist opa-singillarimizning siyosiy faolligini oshirish borasidagi takliflarini o'rtaga tashlar ekan, so'nggi yillarda xususan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, Oliy Majlis Qontsnchilik palatasi deputatlari orasida xotin-qizlarimiz soni ortib borayotganini aytib o'tdi.
Tadbir yakunida bir guruh jurnalist ayollar O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a'zolikka qabul qilinib, ularga a'zolik guvohnomalari va ko'krak nishonlari topshirildi.
Muxtasar Tojimamatova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri.