Prezident SHavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mutaxassislikka aloqasi bo'lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartirilishini belgilagani mana shu muammoning echimi bo'ldi.
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov qaysi fanlar qisqartirilishi masalasiga to'xtalar ekan, nomutaxassislik fanlari ulushi kamaytirilishida ish beruvchi, kadr buyurtmachisining talabi asosiy mezon bo'lishini ta'kidladi. Muayyan yo'nalishga tayyorlayotgan kadr nimani bilishi kerak? Ish beruvchi undan nimani kutyapti? Mutaxassisda amaliyotda zarur kompetentsiya shakllanishi uchun unga qaysi fanlarni o'qitish kerak? O'qitiladigan va qisqartiradigan fanlar mana shu savollar javobidan kelib chiqib belgilanadi.
— 2018/2019 o'quv yiliga qadar o'quv rejadagi fanlarning soni 46-50tani tashkil etardi, — deydi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev. — SHu o'quv yilidan boshlab o'quv rejalardagi fanlar soni tayanch oliy ta'lim muassasalari tomonidan 36-40 tagacha kamaytirilib optimallashtirildi, shuningdek, o'quv va ishlab chiqarish amaliyotlari 24 xaftadan 30 xaftagacha ko'paytirildi. Biroq bu etarli bo'lmay, ishlab chiqarish va ilm-fan rivoji mutaxassislikka bevosita daxldor bo'lmagan, shunga qaramay, umumiy o'quv soatining 30 foizini tashkil etayotgan 1- va 2-blok fanlari zaruratini qayta ko'rib chiqishni taqozo etayotgan edi.
SHu kungacha bo'lgan holatni tahlil qiladigan bo'lsak, talabalar oliy ta'lim dargohida mutaxassisligiga oid bo'lmagan o'nlab fanlarni o'qiganining guvohi bo'lamiz. Masalan, tor ixtisoslik hisoblangan kimyoviy texnologiya yo'nalishida “Dinshunoslik”, “Milliy g'oya”, “O'zbekiston tarixi” “Falsafa”, “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Fuqarolik jamiyati”, “O'zbek (rus) tili”, “Xorijiy til”, “Jismoniy madaniyat” “Matematika” kabi fanlar o'qitilgan. Xullas kalom, “har sohadan bir shingil”. To'g'ri, fanning keraksizi bo'lmaydi, ammo ta'lim yo'nalishiga mos bo'lmagan mutaxassislik va ixtisoslik fanlarini o'zlashtirishga vaqt qoldirmaydigan fanlar bor.
— Fikrimcha, hozirgi zamonda axborot oqimi shunchalik katta va sohalarda ixtisoslashish darajasi shunchalik yuqoriki, oldingiga o'xshab "har sohada keng fikrlaydigan" mutaxassislar tayyorlash imkonsiz, — deydi London universitet kolleji (University College London UCL) ta'lim instituti (Buyuk Britaniya) o'quv dasturlarini tuzish, pedagogika va ta'lim jarayonlarini baholash mutaxassisligi bitiruvchisi, bir qator xalqaro grandlar sohibi Komil Jalilov. — Oddiy misol: qulog'ingiz og'risa yurak yoki tish doktoriga bormaysiz, aynan quloq doktoriga borasiz! Bir mutaxassis boshqa soha va fanlar nari yoqda tursin, hatto bitta sohaning barcha yo'nalishlarini egallay olmaydi. Hozirgi zamon tor ixtisosliklar davri, hamma o'z sohasini bilishi kerak. Hech kim muhandis yoki quruvchini ishga olayotganida uning tarix yoki falsafani bilish-bilmasligi yoki ona tili o'qituvchisi ishga qabul qilinayotganda uning ekologiya, valegologiya yoki matnshunoslikdan nechog'lik xabardorligini tekshirmaydi. O'quv rejaga fanlarni kiritishni asoslashda Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy kabi qomusiy bilimga ega buyuk ajdodlarimiz hamma sohani o'zlashtirgan degan dalillarni keltirish kulgili, chunki u davrdagi axborot oqimi bilan hozirgisi o'rtasidagi farq er bilan osmoncha. Sobiq Ittifoq davrida esa ta'limga mafkuraviy tus berib, o'quv rejaga juda ko'plab ideologik fanlar kiritilgan va bizdagi oliy ta'lim tizimimizdagi aksar 1-2 blok fanlari aslida asosan shu mafkuraviy fanlarning "merosxo'ri".
Mamlakatimiz davlat ta'lim standartlaridagi fanlarning kamida uchtadan bittasi tahsil oluvchilar egallayotgan mutaxassislikka tegishli malaka va ko'nikmani shakllantirishga yo'naltirilmagan edi. Natijada talabalar to'rt yil mobaynida 50talab fanlarni o'zlashtirgan. Ba'zi semestrlarda 12-13 fan o'qitilar edi. Umumta'lim muassasalarida o'tilgan fanlarni nega yana oliy ta'limda o'qitish holatini tushunish qiyin. Har kuni uch-to'rt “para” (6-8 soat) o'qib charchagan talabaning kutubxonada kitob va ilmiy jurnallar varaqlashga na vaqti, na hafsalasi bo'ladi. Talabalar ko'plab fanlarni o'qimasdan, undan turli yo'llar bilan baho olishga intiladi yoki sessiyadan keyin fan mazmunini butunlay esdan chiqaradi.
SHu holatni xalqaro reytinglarda yuqori o'rin egallaydigan davlatlar tajribasi bilan solishtiraylik. Buyuk Britaniya oliy ta'lim muassasalari bakalavriatida 3 yil davomida 24 ta fan o'qitiladi, bu har bir semestrga o'rtacha to'rttadan to'g'ri keladi. AQSHda talaba bitta semestrda 15 kredit to'plashi kerak, Xar bir fanga 3-5 kredit berilishini hisobga olsak, bir semestrga uchtadan beshtagacha fan to'g'ri keladi. Agar fanlar nomi va tafsifini qaraydigan bo'lsak, xorijning etakchi oliy ta'lim muassasalarida birorta umumiy fanni ko'rmaymiz, barcha fanlar shu kasbga bevosita bog'langan.
SHulardan xulosa qilib aytish mumkinki, nomutaxassislik fanlarining qisqartirilishi ta'lim tizimining xalqaro talablarga moslashuvi, o'z ishining ustasi bo'lgan kadrlar etishib chiqishiga xizmat qiladi.
Sanobar Jumanova