Taqdimotda milliy ijtimoiy sugʻurta tizimini xalqaro hujjatlarga uygʻunlashtirish taklifi ham koʻrib chiqilgan, unga koʻra, endi rasman ish bilan band boʻlgan barcha shaxsga nafaqa bosqichma-bosqich Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan toʻlanishi aytilgandi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi qonuni bilan esa davlat ijtimoiy sugʻurtasining yangi tizimi bosqichma-bosqich amaliyot­ga joriy etiladi. Aholini ijtimoiy himoyaga kengroq qamrab olish nafaqat moliyaviy qoʻllab-quvvatlov, balki kam­bagʻallikning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizm sifatida ham muhim.

Ish beruvchilardan moliyaviy yukning olinishi

Tahlillarga koʻra, oʻtgan yillarda byudjet tashkilotlarida ishlovchi ayollar toʻliq homiladorlik va tugʻuruq nafaqasi bilan taʼminlangan. Xususiy sektorda ishlovchilarning uchdan bir qismigina ushbu nafaqani olishga muvaffaq boʻlgan. Aksariyat holatlarda tadbirkorlar ayol xodimlarni tugʻuruq davri yaqinlashganda ishdan boʻshatgan yoki ish beruvchi nafaqani toʻlashdan bosh tortgan.

— 2026-yil 1-yanvardan mehnat qila­yotgan barcha ayol, ishlayotgan hamma fuqaro davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida ho­miladorlik va tugʻish, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi bilan taʼminla­nishi qonunda mustahkamlandi, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhammadjonova. — Shu yil 1-yanvardan homilador­lik va tugʻuruq, 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi fuqaro­larga proaktiv shaklda, yaʼni murojaat ta­lab qilinmagan holda belgilanadi.

Endi ijtimoiy toʻlovlar bilan bogʻliq moliyaviy yukning ish beruvchilar zimma­sidan olib tashlanishi yangi tizimning yana bir muhim jihati. Bu tadbirkorlar­ga oʻz resurslarini ish oʻrinlari ochish, ishlab chiqarishni kengaytirish va biz­nesni rivojlantirishga yoʻnaltirish imkonini beradi. Ilgari mazkur nafaqa­larni toʻlash majburiyati ish beruvchilar zimmasida boʻlgani sababli ular mahsulot yoki xizmatlar tannarxiga salbiy taʼsir koʻrsatib, bozordagi raqobatbardoshlik­ni pasaytirgan. Ayrim hollarda esa xarajatlarni qisqartirish maqsadida homilador ayollarni ishga qabul qilmas­lik yoki ishdan boʻshatish kabi salbiy ho­latlar kuzatilgan. Shuning uchun ham koʻplab homilador ayollar tashkilotlarga ish soʻrab borishdan tortingan. Yangi tizim bu kabi holatlarning oldini olishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.

Rasmiy bandlik ragʻbatlantiriladi

Davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimi rasmiy bandlikni ham ragʻbatlantiradi. Chunki nafaqalar fuqarolarning sugʻur­ta stajiga bogʻliq holda tayinlanadi. Yaʼni inson qanchalik uzoq muddat rasmiy ishlab, sugʻurta tizimida ishtirok etsa, ijtimoiy himoyasi shunchalik mustahkam boʻladi.

— Yangi yilning birinchi kunidan boshlab ijtimoiy sugʻurtaning yangi tizi­mi joriy etilib, Davlat ijtimoiy sugʻur­ta jamgʻarmasi tashkil etildi, — deydi jamgʻarma ijrochi direktori Nodir Mus­liddinov. — Tashkilotimizning asosiy maqsadlaridan biri — ixtiyoriy va maj­buriy tartibda yigʻiladigan badal toʻlov­larini jamlash va sugʻurta hodisasi yuzaga kelgan fuqarolarga sugʻurta nafaqasini tayinlab, oʻz vaqtida toʻlanishini taʼmin­lash. Badal toʻlash majburiy va ixtiyoriy shaklda boʻladi. Majburiy shaklda Oʻzbe­kiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun bilan miqdori (stav­kasi) belgilanadigan jismoniy shaxslar­dan olinadigan daromad soligʻining bir qismi hisobidan, ixtiyoriy badal mehnat­ga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 foizini har oy jamgʻarmaga toʻlab borish bilan amalga oshiriladi.

Yangi tizim joriy etilishi tufayli 2026-yilda byudjet tashkilotlarida ishlov­chi qariyb 2,2 million, xususiy sektorda band boʻlgan 3,6 milliondan ortiq fuqaro, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan va norasmiy sektorda faoliyat yurituvchi 7 milliondan ortiq shaxs davlat ijtimoiy sugʻurta tizimiga qamrab olini­shi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Davlat ijtimoiy sugʻur­ta jamgʻarmasi orqali 2026-yilda sugʻur­talangan 165 ming shaxsga homiladorlik va tugʻish nafaqasi, 1-iyuldan boshlab esa 500 mingga yaqin sugʻurtalangan shaxsga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari fuqarolarning murojaati­siz, proaktiv shaklda toʻlab berilishi koʻzda tutilmoqda.

Raqamlashtirish shaffoflikni taʼminlaydi

Yangi tizimning zamonaviyligi toʻ­liq raqamlashtirilganida ham koʻrinadi. Bu esa nafaqalarning elektron tarzda, fuqarolardan qoʻshimcha hujjat yoki mu­rojaat talab etilmagan holda avtomatik tayinlanishiga xizmat qiladi. Oʻz-oʻzidan shaffoflik taʼminlanadi, ortiqcha byuro­kratik omillar qisqaradi va inson ishti­roki ham kamayadi.

Shu oʻrinda qisqa muddat (2026-yil yanvar oyi)dagi amaliyot natijalariga eʼtibor qaratsak. Homiladorlik va tugʻish nafaqasi boʻyicha Davlat ijtimoiy sugʻur­tasi jamgʻarmasiga 11,6 mingta kasallik varaqasi kelib tushgan. Shundan 9 ming tasi (77,5 foizi) boʻyicha 103,5 milliard soʻm miqdoridagi nafaqa tayinlangan. Qolgan 2,6 mingta mehnatga layoqatsizlik varaqasidan 1,6 mingtasi (14 foizi) boʻyicha fuqarolar rasmiy band boʻlmagani yoki sugʻurta staji yetarli emasligi sabab­li nafaqa tayinlash rad etilgan. Qolgan varaqalar yuzasidan nafaqa tayinlash yoki rad etish masalasi boʻyicha oʻrganish ishla­ri davom etmoqda.

Nafaqa tayinlangani, toʻlangani yoki rad etilgani haqida kasallik varaqasida koʻrsatilgan mobil telefon raqamlariga tegishli SMS xabarnomalar yuborilayot­gani ham fuqarolarni ortiqcha ovoragar­chilikdan xalos etadi. Bu ham inson qadri amalda taʼminlanayotgani ifodasidir. Zero, birgina mana shu xabardorlik uchun ham yaqin-yaqingacha odamlar tegishli ido­ralarga yoʻl haqi va vaqt sarflardi.

Davlat ijtimoiy sugʻurtasining yangi tizimi shunchaki toʻlovlar mexanizmi­ni oʻzgartirish emas, balki inson qadri, ijtimoiy adolat va davlatning fuqaro oldidagi masʼuliyatini amalda namoyon etuvchi muhim islohotdir.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri