Xalqaro ekspertlar jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilishmoqda. Masalan, soʻnggi bir oyda jahon bozorlarida bugʻdoy narxi 36 foizga, shakar xom ashyosi 10 foizga, oʻsimlik yogʻi narxi 2 barobarga oshgan. Bu esa ichki bozordagi narx-navoga, ayniqsa, oziq-ovqat narxlari va inflyatsiyaga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.
Shu bois, bu omillar Prezidentimiz rahbarligida muntazam tahlil qilinib, zarur choralar koʻrib borilyapti. Buning natijasida ichki bozorda moʻtadillik taʼminlanmoqda. Xususan, goʻsht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxining oshishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Joriy yil 31-mart kuni Prezidentimiz raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, biznesni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda ichki narxlar moʻtadilligini saqlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumki, tovar bozorlarida narxlarning moʻtadil va barqaror ushlab turishning eng samarali usuli bu bozor vositalari va mexanizmlaridan foydalanish hisoblanadi. Birja savdolari esa mana shu vazifalarni oʻz zimmasiga oladi.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida savdolar ochiq-oydinlik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkaziladi, narxlar esa faqatgina talab va taklif asosida shakllanadi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlarning tovar resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlari kengayishi, haqiqiy bozor narxlarining shakllanishi va sogʻlom raqobatning rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Xususan, oʻtgan uch oy mobaynida birjaning tovar segmentlari bozorda shakllangan talab va taklifdan kelib chiqib, oʻsish va pasayish holatlarini namoyon etdi.
Misol uchun, joriy yilning boshidan buyon AI-91 markali avtomobil benzinining birjada shakllangan oʻrtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 12 075,6 ming soʻmdan 10 422,3 ming soʻmgacha, yaʼni 14 foizga tushgan. Shuningdek, 2022-yil yanvar-mart oylarida birja kotirovkalari oʻzining yuqori darajasidan sulfat ammoniy boʻyicha 88 foizga, koʻmir – 49, texnik chigit – 43, polietilen – 22, oʻsimlik yogʻi va paxta linti – 14, omuxta yem – 12 va qora metall – 10 foizga pasaygan.
Shu bilan birga, birja bozorining ayrim tovar segmentilarida oʻsish holatlari ham kuzatildi. Masalan, joriy yilning 1-17-mart kunlari davomida shakarning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 11 921,9 ming soʻmgacha koʻtarildi. Biroq keyingi kunlarda birja savdolariga qoʻyilayotgan shakar hajmining sotuvchi korxonalar tomonidan sezilarli darajada oshirilishi evaziga uning narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 8 981,6 ming soʻmgacha, yaʼni 25 foizga pasaydi. Boshqacha aytganda, birjada bozor mexanizmi va choralarini qoʻllash orqali, yaʼni taklif darajasini koʻtarish yoʻli bilan shakarning narxi pasaytirildi.
Biroq, ayrim vaziyatlarda mamlakatda ichki ishlab chiqarish salohiyati oʻsib borayotgan talabni toʻlaqonli qondirish uchun yetarli boʻlmasligi mumkin. Bunday holatlarda ushbu mahsulotni import qilish masalani ijobiy yechimlaridan biri, baʼzida esa yagona yoʻli hisoblanadi.
Mahalliy tadbirkorlarimiz ushbu yoʻnalishda ham birjada yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanib kelishyapti. Ayni paytda birjaning xalqaro savdo tarmogʻi turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan 19 ta xorijiy savdo maydonchasidan iborat boʻlib, ular orqali ortiqcha sarsongarchiliklarsiz eksport-import operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.
Yigʻilishda chet el korxonalariga tovar-xomashyo birjasida oziq-ovqat mahsulotlarini sotishi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratilgani ham taʼkidlandi. Bunga xorijdagi tayanch ofislarimizning birja savdolariga bevosita tovar ishlab chiqaruvchilar va yakuniy isteʼmolchilarni jalb qilishi hamda operatsion xarajatlarni qisqartirilishi orqali erishilyapti.
Keyingi payttda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida ushbu savdo maydonchalari orqali 127 million AQSH dollariga teng boʻlgan mahsulotlar xarid qilindi. Masalan, birja orqali 276,7 ming tonna bugʻdoy import qilingan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 39 foizga koʻpdir.
Joriy yilning birinchi choragi natijalariga koʻra, birja savdolari orqali 46 ming tonna un, 4,7 ming tonna oʻsim yogʻi sotildi. Ushbu mahsulotlar boʻyicha ochiq birja savdolari davom etmoqda va tadbirkorlarimiz ularda erkin qatnashishlari mumkin.
Prezidentimizning 2021-yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq xorijiy savdo maydonchalari orqali mamlakatimizga olib kelinayotgan ushbu mahsulotlarni temir yoʻl orqali tashishda ichki tariflar qoʻllanilmoqda.
Umuman olganda, mazkur qaror mamlakatimizda birja savdolari va elektron tijoratni yanada rivojlanishiga katta turtki berdi. Xususan, 2022-yil yanvar-mart oylarida Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning hajmi 2021-yilning dastlabki choragiga nisbatan 50,6 foizga va 2019-yilning mos davriga nisbatan esa qariyb uch barobar oʻsib, 26,7 trillion soʻmni tashkil qildi.
Birjada roʻyxatdan oʻtgan yangi mijozlarning soniga kelganda shuni aytish mumkinki, bu raqam oʻtgan yilga nisbatan deyarli toʻrt marotabaga ortib, 33,6 mingta savdo ishtirokchisinni qamrab oldi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlarning bozor tamoyillariga asoslangan zamonaviy va shaffof savdo turlariga boʻlgan qiziqishlari ortganligidan ham dalolat beradi.
Birjada mahsulotlar uchun haqiqiy bozor narxlarining shakllanishi natijasida sotuvchi korxonalar joriy yilning oʻtgan uch oyida qariyb 3 trillion soʻmlik qoʻshimcha daromad olishdi. Bu 2021-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 2,8 marotabaga koʻpdir. Mazkur mablagʻlar sotuvchi korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishga hissa qoʻshmoqda.
Prezidentimiz qarori ijrosini taʼminlash doirasida, davlat xaridlari va yuk tashish sohalarida shaffoflikni taʼminlash maqsadida birja tomonidan davlat xaridlari boʻyicha xarid.uzex.uz va elektron logistika boʻyicha e-logistika.uzex.uz portallari ishga tushirilgan edi.
Buning natijasida, 2022-yil yanvar-mart oylarida davlat xaridlari boʻyicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan uch marotabaga oshdi va qariyb 4,2 trillion soʻmni tashkil etdi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablagʻlarining tejalishi ham uch marotabaga oʻsib, 879,2 mlrd soʻmga teng boʻldi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi “Tovar-xom ashyo birjalarida fyuchers savdolarini joriy qilish hamda mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlarining elektron logistika savdo portalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, e-logistika.uzex.uz elektron logistika savdo portali takomillashtirib borilmoqda. Yangi portal birja savdolari orqali xarid qilingan mahsulotlarni tashishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni bartaraf etish, tovar tashish va yuklashda shaffoflikni taʼminlash hamda sohada soliq bazasining kengayishiga xizmat qilyapti. Bu jarayon mahsulotlarni avtotransportda tashish mazkur xizmatlarning boshlangʻich narxlarini pasaytirishga qaratilgan auksion tartibida amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda mazkur portalda 1 140 ta yuk tashuvchi, 3 665 ta avtotransport va 1 224 ta buyurtmachi onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtkazilgan, hamda 2,1 milliard soʻmlik 1 500 dan ziyod shartnomalar tuzilgan.
Tovar bozorlarida birja mexanizmlarining keng qoʻllanilishi narxlar barqarorligini taʼminlash bilan birga, mahalliy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlash va pirovardida, maqroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga ham koʻmak beradi.
Ziyoviddin BADRIDDINOV,
“Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi”
aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi