“Buxoro — Urganch — Xiva” temir yo'li elektrlashtirilmoqda

    29,6 kilometrlik yangi po'lat izlar o'sha yilning o'zida qurib bitkazildi.

    Prezidentimizning 2017-yil yanvar oyida Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatiga respublikaning asosiy sayyohlik markazlarini bog'lashga xizmat qiluvchi “Urganch — Xiva” hamda “Buxoro — Miskin” yangi temir yo'l liniyalarini qurish, elektrlashtirish hamda tezyurar poyezdlar harakatini tashkil etish borasida ko'rsatmalar berilib, loyihani qisqa fursatda sifatli bajarish vazifasi yuklatilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-martdagi “Buxoro — Miskin temir yo'l liniyasini qurish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, amalga oshirilgan ishlar tufayli Urganch – Xiva yo'nalishida 29,6 kilometrlik yangi po'lat izlar o'sha yilning o'zida qurib bitkazildi. Xiva shahrida bir yo'la ikki yuz kishiga xizmat ko'rsatadigan zamonaviy temir yo'l vokzali qad rostladi.

    Temiryo'lchilar umumiy uzunligi 355 kilometrlik “Buxoro — Miskin” yo'nalishini ham 2017-yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirdi. Natijada Toshkent shahridan Urganch, Xiva, Nukus shaharlariga boradigan hamda mazkur shaharlardan poytaxtimizga keladigan yo'lovchi poyezdlarining harakatlanish vaqti qariyib 2 soatga qisqardi. Albatta, bu yurtimizda turizimni rivojlantirish, sayyohlar oqimining yanada oshishiga zamin yaratadi.

    Davlatimiz rahbarining 2020-yil 28-dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasining 2021-2023-yillarga mo'ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning mart oyida Buxoro — Urganch — Xiva yo'nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini tashkil etish uchun elektrlashtirish ishlari boshlandi va magistral bo'ylab poydevor hamda temir-beton ustunlari o'rnatilyapti.

    Bugungi kunda yurtimiz aholisi va xorijlik sayyohlar uchun transport tizimini xalqaro talablarga moslashtirish orqali ichki hamda tashqi turizmni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Aslida dunyoda ham eng ko'p daromad keltiradigan sohalardan biri bu sayyohlik hisoblanadi. Shu bois jahonda uning taraqqiyotini ta'minlashga katta sarmoyalar ajratiladi. YevroOsiyoning chorrahasida joylashgan O'zbekiston ham dunyo sayyohlarini jalb qilish uchun katta imkoniyat va salohiyatga ega davlatlar sirasiga kiradi.

    Sayyohlarni ko'hna va nodir tarixiy obidalarga boy Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva shaharlariga jalb etish, ularning oqimini ko'paytirish uchun, eng avvalo, sifatli va xavfsiz, tezkor va zamonaviy transport tizimi mukammal darajada bo'lishi lozim. Shu maqsadda 2011-yilda Toshkent – Samarqand yo'nalishida Markaziy Osiyoda ilk bor yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” elektropoyezdlari harakati yo'lga qo'yilgan bo'lsa, keyinchalik Qarshi, Buxoro va SHahrisabzga ham ana shunday qatnovlar amalga oshirishi uchun sharoit yaratildi. Endilikda navbat Urganch va Xiva shaharlariga keldi.

    Mazkur loyihani amalga oshirish temiryo'lchilardan ko'p va xo'p “ter to'kishi” taqozo qilmoqda. Agar 2017-yilgacha Toshkent shahridan Urganchga qatnovchi poyezdlar Navoiy — Uchquduq — Miskin magistrali orqali 1064 kilometr yo'l bosgan bo'lsa, Qizilqum sahrosini qoq o'rtasidan kesib o'tgan 355 kilometrlik “Buxoro — Miskin” yo'nalishi qurilgach, bu masofa qariyb 100 kilometrga qisqardi. Mutaxassislar qish sovug'ida ham, yozning jaziramasida ham noqulay ob-havo sharoiti hukm suradigan sahro bag'rida yangi po'lat izlarni qisqa muddatda yotqizishdi. Navbatdagi bosqichda esa ushbu yo'nalish to'liq elektrlashtirilishi lozim.

    — Elektrlashtirilayotgan “Buxoro — Urganch — Xiva” yo'nalishining umumiy uzunligi 465,5 kilometr bo'lib, loyihaga ko'ra, 8 ta elektr tutashtiruvchi tarmoqning navbatchilik binosi, 18 ta qo'riqlanadigan temir yo'l kesishmasi, 27 ta avto yo'lo'tkazgich hamda 1 ta lokomotiv jamoasi uchun dam olish uyi quriladi, — deydi “1-energomontaj poyezdi” unitar korxonasi boshlig'ining o'rinbosari Ruslan Nizomov. — Shu bilan birga, 2 ta vagonlarga texnik xizmat ko'rsatish punkti, qismlarga ajratish hamda joriy ta'mirlash sanoat korxonasini rekonstruksiya qilish, 6 ta texnik xizmat ko'rsatish binosi va boshqa inshootlarni qurish ko'zda tutilgan. Yo'nalish bo'ylab jami 14 mingdan ortiq poydevor, 12 mingdan ko'proq temir-beton ustunlari o'rnatish va ulanish tarmog'ini montaj qilish va unga xizmat ko'rsatish uchun maxsus texnikalar hamda himoya vositalari xarid qilinishi zarur.

    “Buxoro — Urganch — Xiva temir yo'lini elektrlashtirish” loyihasi “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Xalqaro moliya institutlari mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi. Qayd etish joiz, mazkur yo'nalishning aksar qismi Qizilqum sahrosidan o'tgan. Bu esa mutaxassislar uchun elektrlashtirish jarayonida poydevor va ustunlarni mustahkam o'rnatishda noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Bu muammoning ham “qalovi” topildi. Ya'ni, loyihaga ko'ra, elektr simlari uchun ustunlarning poydevori er ostiga 6 metrdan 9 metrga qadar maxsus texnikalar yordamida aylanma burg'ilash usulida o'rnatiladi. Ushbu texnologiya yurtimiz temir yo'llarini loyihalashtirish va elektrlashtirish tarixida birinchi marotaba qo'llanilishi nazarda tutilmoqda.

    Ayni kunda elektrlashtirish ishlari bir vaqtning o'zida ikki tomonda olib borilyapti. Bu yumushni bajarishda ishtirok etayotgan yuzdan ortiq mutaxassis-xodimlar ellikka yaqin maxsus temir yo'l va qurilish texnikalaridan foydalanmoqda.

    Hozirga qadar Buxoro hududidagi “43-raz'ezd – Yangiobod” hamda “Yangiobod – Navbahor” uchastkalari oralig'idagi qariyb 60 kilometrlik masofada 400 tadan ko'proq poydevor o'rnatilib, 100 dan ortiq ustun montaj qilindi. Mazkur masofadagi yumushlar bajarib bo'lginganidan keyin sahroning qumli hududlariga o'tiladi.

    Xorazm viloyati tomonida bajariladigan ishlarga ham kirishildi. “Istiqlol” — “Hazorasp” stantsiyalari oralig'idagi 12 kilometrlik hududda yuzdan ziyod poydevorlar tayyorlandi va ular ustiga ustunlar o'rnatilyapti.

    Elektrlashtirish ishlari olib borilayotgan uchastkalarda harakat xavfsizligini ta'minlashga katta ahamiyat qaratilyapti. Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasiga qat'iy amal qilishi doimiy nazoratga olingan. Ularga uch mahal issiq ovqat hamda dam olishlari uchun maxsus vagonlar tashkil qilingan. Qurilish obyektlariga mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan sifatli temir-beton mahsulotlari o'z vaqtida yetkazib berilmoqda.

    E'tirof etish joiz, ushbu yo'nalishning elektrlashtirilishi kelgusida Toshkent — Samarqand — Navoiy — Buxoro — Urganch — Xiva yo'nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo'lga qo'yishni ta'minlaydi. Tabiiyki, bu yo'l vaqtni, katta miqdordagi yonilg'i va boshqa xarajatlarni ham tejaydi. Atrof-muhit ekologiyasiga salbiy ta'sirni kamaytiradi. Ushbu loyiha yakuniga etgach, Buxoro — Urganch — Xiva yo'nalishida yuk va yo'lovchi poyezdlarining elektrovozlarda harakatlanishiga imkon yaratiladi.

    Harakat tezligini oshirish hisobiga iste'molchilarga xizmat ko'rsatish sifati oshadi, yo'nalishning o'tkazish va o'tkazuvchanlik qobiliyati ko'tariladi. YAngi ish joylarini tashkil qilish imkoniyati bo'ladi va yuk vagonlarini aylanmasinining ortishi evaziga harakat tarkibiga bo'lgan talab qisqaradi.

    Keyingi yillarda mamlakatimiz temir yo'l transporti tizimi o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko'tarilib bormoqda. Xususan, murakkab tog' va cho'l sharoitlarida yangi liniyalarni barpo etish, tezyurar poezdlar harakatini tashkil qilish, temir yo'llarni elektrlashtirish, yuk va yo'lovchi tashish vagonlarini ishlab chiqarish bo'yicha yirik loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat transport infratuzilmasinining rivojlanishiga, shu bilan birga, iqtisodiyotning muhim “qon tomri” sifatida butun mamlakat ravnaqiga ham o'z hissasini qo'shib kelyapti.

    Rustam HAYDAROV

    “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatining

    Axborot tahliliy media-markazi mutaxassisi

    Abdurauf QORJOVOV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri