Meʼda osti bezi — ovqat hazm qilishda ishtirok etadigan muhim aʼzo. U ozuqa moddalari soʻrilishiga xizmat qiladigan, ichakdagi oqsil, yogʻ va murakkab uglevodlarni parchalaydigan fermentlar ishlab chiqaradi. Qolaversa, endokrin tizimi faoliyatini tartibga solish vazifasini ham bajaradi. Oshqozon osti bezining yalligʻlanishiga koʻpincha spirtli ichimliklar, notoʻgʻri ovqatlanish, oʻt-tosh kasalligi, dori vositalarini nazoratsiz qabul qilish, virusli va bakterial infeksiyalar, chekish sabab boʻladi.

Shuningdek, qonda triglitseridlar va kalsiyning yuqori konsentratsiyasi, immun tizimi faoliyati buzilishi, ichak va oʻt yoʻllari yalligʻlanishi, qorin boʻshligʻi shikastlanishi hamda oshqozon osti bezining xavfli oʻsmasi ham pankreatitni keltirib chiqaradi. Kasallik koʻngil aynishi, qayt qilish, qorin dam boʻlishi, teri sargʻayishi, yurak tez urishi, sababsiz vazn yoʻqotish kabi alomatlar bilan namoyon boʻladi. Baʼzan chap qovurgʻa ostida toʻsatdan paydo boʻlgan kuchli ogʻriq tegishli muolajalarsiz bosilmaydi.

Oʻtkir pankreatit toʻqimalar va bez tuzilmasida qaytarib boʻlmaydigan jarayonlar, destruksiya bilan kechadi va hatto oʻlimga sabab boʻlishi mumkin. Kasallikning bu shaklida pankreatik shiralar bezning oʻzida saqlanib qoladi va faollashib, uning hujayralarini parchalay boshlaydi. Surunkali pankreatit yengil simptomatika bilan ifodalanadi va bir necha yil davom etishi mumkin. Keyingi bosqichda oshqozon osti bezi vazifasining buzilishlari ancha sezilarli boʻladi.

Uning kuchayishiga asosan achchiq, yogʻli yoki qovurilgan ovqatlar, gazlangan va spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish sabab boʻladi, ayniqsa, ular och qoringa qabul qilinsa.Pankreatitga chalingan bemorlar oilaviy shifokor va jarrohlar nazorati ostida ambulatoriya sharoitida muolaja olsa boʻladi. Baʼzida statsionar davolanish ham mumkin.

Feruza Hamroboyeva,
tibbiyot fanlari doktori, professor