Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qon-tomir kasalliklari, boʻgʻimlarda tuz yigʻilishi, revmatizm, venalarning varikoz kengayishi, skleroz, asab xastaliklarining rivojlanishi kabi bir nechta omillar tomir tortishishiga sabab boʻlishi mumkin.
— Bu noxush holat beixtiyor yuz beradi va bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha davom etishi mumkin, — deydi tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova. — Tasodifiy ogʻriqlar mushaklar zoʻriqishi bilan bogʻliq boʻlib, organizmda minerallar, birinchi navbatda, qonda D vitamini va kalsiy miqdori kam boʻlganda yuz beradi.
Shuningdek, mushaklar tonusining oshishi asab zoʻriqishi, kamharakatlik, muntazam oʻtirib ishlash, uzoq muddat tik oyoqda turish yoki suvda suzish, organizmning suvsizlanishi va turli kasalliklar bilan ham bogʻlanishi mumkin.
Odam oʻtirganda, yurganda tomiri tortishsa, bir qoʻl bilan oyoq panjasini yozib, boldir mushaklarini asta-sekin pastga tomon silash lozim.
Baʼzilar oyoq tomirida spazm yuzaga kelayotganini oldindan his etadi. Siz ham ular safida boʻlsangiz, ogʻriq qoʻzgʻalayotganini sezgan zahotingiz, oyoq mushaklarini boʻshashtiring.
Shunda ham tomir tortishishi kelib chiqsa, oʻtirgan holda oyoq uchini oʻzingizga qaratib, 2-3 daqiqa ushlab turing. Yoki oʻrningizdan turib, asta harakatlaning. Imkoni boʻlsa, pol ustida oyoqyalang yuring.
Agar oyoq ogʻrib, tomir tortishishi takrorlanaversa, shifokor koʻrigidan oʻtish lozim.