Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan gender tenglikni taʼminlashga qaratilayotgan ustuvor eʼtibor natijasida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarning faolligini oshirish, oilada va jamiyatda mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Yurtimizda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda munosib eʼtirof etilayotgani barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Xususan, kuni kecha Parlamentlararo ittifoq rasmiy veb-sahifasi 2021-yil uchun “Siyosatda ayollar” infografikasini eʼlon qildi. Unda ayollarning turli mamlakatlar parlamentlari va hukumatlaridagi vakilligiga oid statistika maʼlumotlari keltirilgan. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 45-oʻrinni egallab turibdi. Respublikamiz shu maʼnoda PI (Parlamentlararo ittifoq)ga aʼzo 130 dan ortiq davlat, jumladan, Germaniya, Avstraliya, Kanada, AQSH, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan oʻzib ketdi.

Bundan tashqari, respublikamiz ayollar parlamentga rahbarlik qiladigan va hukumat tarkibiga kiradigan davlatlar roʻyxatiga kiritilgan. Qayd etish kerakki, xorijlik hamkorlar Senat Raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qilayotgan Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya faoliyatini yuqori baholamoqda. Albatta, bu yutuqlar yurtimizda inson manfaatlarini muhofazalash, ochiq fuqarolik jamiyati, demokratik davlat barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning oʻziga xos natijasidir.

Aytish kerakki, soʻnggi yillarda dunyoning koʻpgina mamlakatlari, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham gender tenglik masalalarida muayyan natijalarga erishilmoqda. Shunga qaramay, dunyo miqyosida baʼzan ayollarning ish topishi, oʻz biznesini ochishi va iqtisodiy qarorlar qabul qilishi biroz qiyinroq kechishi holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa nafaqat ularning oilalari, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham salbiy oqibatlarga olib keladi.

Jahon bankining 2019-yili eʼlon qilingan “Ayollar, biznes va huquq” hisobotida qayd etilgan bu haqiqat bugungi pandemiya davrida yana-da dolzarblik kasb etmoqda. Demak, gender tenglik shunchaki ayollar manfaatiga xizmat qiladigan omil emas, balki butun mamlakat, taʼbir joiz boʻlsa, jamiyat manfaatdor boʻlgan masala.

Shu oʻrinda xalqaro tajribadan bir misol keltiraylik. Bloomberg agentligi yaqinda eʼlon qilgan tadqiqotga koʻra, shu paytgacha xotin-qizlar segregatsiyasi eng kuchli hisoblangan Saudiya Arabistonida ishlayotgan ayollar soni barqaror ortib bormoqda. Shunisi eʼtiborliki, Saudiya Arabistonida ishsiz ayollarning uchdan ikki qismidan ortigʻi bakalavr va undan yuqori ilmiy daraja ega. Bunday holatda ayollar huquq va erkinliklarini kengaytirishning mantiqi oddiy: yillar davomida davlat ularning taʼlimiga investitsiya kiritgan, endi bu oʻzini oqlashi kerak. Shundan kelib chiqib, mamlakat hukumati ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash siyosatini yuritmoqda.

Albatta, gender tenglik mavzusiga turli nuqtayi nazardan qarash mumkin. Garchi biz hozir butun dunyo uchun dolzarb boʻlib turgan iqtisodiy yondashuvdan boshlagan boʻlsak-da, bu masalaning jamiyat uchun hayotiy muhim tomonlari juda koʻp. Shu jihatdan Oliy Majlis Senatining yaqinda boʻlib oʻtgan oʻn beshinchi yalpi majlisida maʼqullangan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi, avvalo, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi va ravnaqi tomon qoʻyilgan muhim qadam boʻldi.

Shunisi eʼtiborliki, Oʻzbekistonda maʼqullangan Gender tenglikka erishish strategiyasi aynan parlament tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va qabul qilingan birinchi normativ-huquqiy hujjatdir. Bu esa mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga aynan qonun chiqaruvchi hokimiyat darajasida, qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi institut miqyosida alohida eʼtibor qaratilayotganidan, bu yoʻnalishda soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlar real voqelikni oʻzgartirayotganidan dalolatdir.

Hujjatda gender tenglikni taʼminlashning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik, demokratiya, ochiqlik va oshkoralik sanab oʻtilgan. Shu bilan birga, hujjatning asl mohiyati shundaki, unda belgilangan muddatgacha gender tenglikka erishish uchun qanday yoʻnalishda ishlash va qanday maqsadlarga erishish lozimligi aniq belgilab berilgan. Bu juda muhim. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisidir.

Shu islohotlar samarasida Oʻzbekiston ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi va shu koʻrsatkich boʻyicha TOP-50 roʻyxatidagi mamlakatlar safidan joy oldi (parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetib, dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-oʻringa koʻtarildi).

Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi (6 nafar ayol hokim, 1 nafari elchi etib tayinlandi). Bugungi kunda 81 ta vazirlik va idorada ilgʻor, yetakchi, bilimli ayollardan iborat 15 mingdan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” joriy etildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqishi uchun shartnoma toʻlovlarini qoplab berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trillion soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.

Sohadagi islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 davlat qatoriga kiritildi va 5 pogʻona yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-oʻrinni (2019-yilda 139-oʻrin) egalladi.

Bu yoʻnalishda erishilgan yutuqlarimiz bilan bir qatorda, ayrim muammolar ham koʻzga tashlanadi. Jumladan, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki yetarli emas. Qolaversa, taʼlimning eng talab koʻp yunalishi – muhandis-texnik va huquqshunoslik sohalarida ayollar ulushi hamon kam (24 foiz).

Tashqi va ichki migratsiyaning gender jihatlari, xotin-qizlarning huquqlari va mehnat migrantlarini himoya qilish mexanizmlari toʻgʻrisida targʻibot-tashviqot ishlari ham lozim darajada emas. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ham asosan shu muammolarni bartaraf etish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida oldimizda turgan vazifalar ijrosiga qaratilgan. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan ushbu hujjat bilan bir qatorda, uni amalga oshirishga qaratilgan 37 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi hamda baholashning 61 ta maqsadli koʻrsatkichi ishlab chiqildi.

Jumladan, strategiyada xotin-qizlarning davlat boshqaruvi jarayonidagi ishtirokini yana-da kengaytirish nazarda tutilmoqda. Alohida dasturlar asosida zaxiradagi xotin-qizlarni tizimli oʻqitish orqali ularni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etib borish, siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari mahalliy kengashlarga saylovlarda nomzod koʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlanganini monitoring qilish kabi choralar ham strategiyadan oʻrin olgan. Shuningdek, barcha davlat organlari, tashkilotlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar va erkaklar, ularning egallab turgan lavozimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tashkilotning rasmiy saytiga joylashtirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish ham joylarda gender tenglikka erishishga xizmat qiladi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va faolligini qoʻllab-quvvatlash strategiyaning yurtimiz taraqqiyotiga daxldor yana bir jihati. Buning uchun ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning moliyaviy resurslarga, jumladan, kredit olishga boʻlgan imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Xotin-qizlar, ayniqsa, chekka hududdagi ayollar bandligini taʼminlash, turli oʻquv muassasalarining bitiruvchi qizlarini kasbga va xorijiy tillarga oʻqitish ham rejalashtirilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, notinch oilalardan boʻlgan iqtidorli qizlarni aniqlab, intellektual va startap loyihalarga jalb qilish ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻladi.

Albatta, strategiyaning qabul qilinishi bizga nima beradi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu savolga javob aniq. Strategiya amalga oshirilishi natijasida aholining deyarli yarmini tashkil qiluvchi xotin-qizlar faolligini oshirish va bandligini taʼminlash orqali iqtisodiy taraqqiyot yana-da jadallashishiga erishiladi. Qolaversa, davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan 10 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilish ham shular jumlasidan.

Shuningdek, siyosiy partiyalarning rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning ulushini 30 foizdan 50 foizga, boshqaruv lavozimlarida ishlovchi xotin-qizlarning ulushini 26 foizdan 30 foizga, sudyalar orasida 12 foizdan 30 foizga oshirishga erishiladi. Bundan tashqari, barcha davlat organlaridagi xotin-qizlar va erkaklar toʻgʻrisida ochiq maʼlumotlar yuritilishi taʼminlanadi, gender statistikasi va gender audit yuritish tizimi takomillashtiriladi. Maqsadli koʻrsatkichlarga oʻz vaqtida erishilishini taʼminlash maqsadida 2023-yildan har yili chora-tadbirlar dasturi qabul qilib boriladi.

Albatta, mavzu dolzarbligi jihatidan mazkur hujjat va umuman gender tenglik masalasida uzoq soʻz yuritish mumkin. Shu bilan birga, mamlakatimiz uchun tarixiy ahamiyat kasb etgan ushbu strategiyani roʻyobga chiqarish ham izchil va tizimli jarayon ekanini alohida taʼkidlash joiz. Buning uchun davlat va jamiyatning, aynan fuqarolik jamiyatining birgalikdagi saʼy-harakatlari talab etiladi. Bunda, ayniqsa, jamiyatda hanuzgacha muqim boʻlgan eski qolip tushunchalardan voz kechish, xotin-qizlarimizning, avvalo, oʻzlariga boʻlgan munosabatlarini oʻzgartirish, qolaversa, ularda fuqarolik masʼuliyatini kuchaytirish kabi maqsadlarga birgalikdagi hamkorlik orqali erishiladi.

Pirovardida bu harakatlar yurtimiz ravnaqini taʼminlaydi. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi esa bu yoʻlda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Malika QODIRXONOVA,

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar

va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi