U haqda taniqli urdu adibi Qamar Ra­yis “Bobur shaxsiyati va sheʼriyati” asarida bunday deydi: “Tabiat bu togʻli Fargʻona vo­diysiga mislsiz husn ato etgan, Bobur uning shaydosi boʻlgan. Tabiatning mana shu soʻlim goʻshasida Boburning shoirona tafakkuri kurtak ochgan. Uning bogʻlari, chinorlari, sha­kardan shirin mevalarini taʼrif qilishdan bir soniya charchamagan...”.

Boburning buyukligi va xalqimizga suyukligi nimada? Gap shundaki, u ham bosh­qalar qatori oddiy inson boʻlgan, lekin taqdir sinovlariga tan berib, qoʻl qovush­tirib oʻtirmadi. Yuksak darajadagi aql- idroki, tafakkuri, sabr-toqati, matonati bilan mashaqqatli hayot yoʻlini bosib oʻtib, Hind yerida buyuk Boburiylar saltanatiga asos soldi. Qaysi bir sohani olib qara­maylik, barchasida peshqadam, ildam boʻldi. Har doim adolatni tugʻ qilib, muborak yalov qilib qoʻlida koʻtarib yurdi. Oddiy masala­lardan tortib, mushkul holatlargacha haqi­qatga tayandi, roʻy-rost soʻzladi. Garchi taq­dir Boburni yurtidan olislarga olib ketgan boʻlsa-da, u hamisha ona diyor, vatan nafasi bilan yashadi.

Bobur ota-bobolarimizdan meros boʻlib avloddan avlodga oʻtib kelgan adolat, haqi­qat, rahm-shafqat, saxovat kabi chinakam in­soniy tuygʻularni oʻzining qalb goʻzalligi, aql-zakovati bilan uygʻunlashgan holda yuzaga chiqara olgan chinakam insonlardan biridir.

Bori elgʻa yaxshiliq qilginki, mundin yaxshi yoʻq,

Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiliq

bayti uning bosh shiori edi. U doʻstu dush­manga bir xil muomalada boʻldi, doʻstning sa­doqatini qadrladi, dushmanning mardligiga tan berdi. Yaqin kishilari vafosizlik qil­ganda ham taqdir hukmiga topshirdi, ular­ni tahqirlamadi, sazoyi qilmadi, aksincha, Yaratgan izmiga havola etdi.

Shu bois, Bobur xarakterida bugungi yosh avlodga ibrat boʻlgulik jihatlar istagan­cha topiladi. Uning ijodi vatanparvarlik, xalqparvarlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan.

Bugungi shiddatli, tahlikali zamonda ja­hon ahliga oʻrnak boʻlgulik fazilatlar uning xarakterida jamuljam edi. Janggohlarda umri oʻtganiga qaramasdan, “Devon” tartib berdi, “Harb ishi”, “Mufassal”, “Mubay­yin”, “Musiqa ilmi” kabi asarlarni yaratdi, “Xatti Boburiy”ni kashf qildi, Xoja Ah­ror Valiyning “Volidiya” asarini turkiyga oʻgirdi.

U hind, afgʻon yerlariga qurol koʻtarib, ularni talash, parokanda qilish, dahshat solish, boylik orttirish uchun emas, Yarat­ganning izmi bilan ularni birlashtirish, tarqoq qabilalarni yagona davlat bayrogʻi ostiga toʻplash maqsadida bordi. Garchi oʻsha davr taqozosi bilan ona yurtini tashlab ket­gan boʻlsa-da, umr boʻyi unga intilib yashadi, vatanidan uzoqqa ketishni “yuzi qoralik” deb bildi, oʻzga yurtda shoh boʻlsa ham oʻzini bena­vo, miskin, gʻariblar qatoriga qoʻshdi. Uning barcha asarlarida bu ruh ustunlik qiladi. Bobur ruboiylarining birida bunday yozadi:

Koʻpdin berikim, yoru diyorim yoʻqtur,

Bir lahzayu bir nafas qarorim yoʻqtur.

Keldim bu sori oʻz ixtiyorim birla,

Lekin borurimda ixtiyorim yoʻqtur.

Bunday haroratli, oʻtli, koʻngil isyoni ufu­rib turgan misralarni bitish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Vatan, ona diyor sogʻin­chi, ushalmas bu kabi orzu-armonlar shoirning “Gʻurbat ichra, ey koʻngil, eldin vafo istar­ni qoʻy, Chun vafosin koʻrmading hargiz diyoru yorning”, “Dema Boburga netarsen, bosh olib ketmak ne? Tengrining xosti mundoq esa men netgaymen?”, “Yuz jabru sitam koʻrgan, ming mehnatu gʻam koʻrgan, Osoyishe kam koʻrgan men­dek yana bir bormu?” kabi satrlarida butun boʻy-basti bilan namoyon boʻladi.

Bugun jahonning siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy manzarasi tubdan oʻzgarib, inso­niyat koʻp qutbli dunyoga oʻtayotgan bir paytda yosh avlod, umuman, millatimiz uchun Bobur kabi ibrat boʻlgulik ulugʻ bobolarimiz bor­ligidan, ularning oʻgitlari, oʻlmas asarlari hozirgi notinch zamonda toʻgʻri yoʻl topishi­mizda mayoq vazifasini bajarayotganidan har qancha faxrlansak arziydi.

“Boburnoma”da Bobur Movarounnahrdagi shaharlarni, nabotot va hayvonot olamini, tarixiy shaxslarning xarakterlarini tas­virlaganda, ularga cheksiz mehr-muhabbat, farzandlik tavozesi bilan yondashadi.

Xususan, Andijon haqida “Oshligʻi vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi boʻlur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm ermas. Andijonning noshpotisidin yax­shiroq noshpoti boʻlmas. Eli turkdur. Shahr va bozorasida turki bilmas kishi yoʻqtur. Elining lafzi qalam birla rosttur”, deydi.

Samarqand haqida esa bunday yozadi: “Bu rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Uzumi va olmasi va qovuni va anori, balki jami mevasi xoʻb boʻlur. Xoʻb nonvoliqlari va oshpazliqlari bordur. Olamda yaxshi qogʻaz Samarqanddin chiqar”.

Toʻgʻrisi, bu kabi haqqoniy satrlarni yozish, xolis baho berish uchun shu yurtni se­vish, uning har bir qarich yerini, bu yerlar­ning xossalarini mukammal bilish zarur edi. Hazrat Boburda bu fazilatlarning bar­chasi mujassam boʻlgan.

Bobur xarakterida unga temuriylardan meros boʻlib oʻtgan toʻgʻrilik, rostlik, har bir ishga adolatpeshalik bilan qarash fikri kuchli edi. Amir Temurning “Kuch adolatda­dir” shiori unga ham oʻtgan boʻlib, har bir ho­disaga yondashganda shu jihat shoirga madad boʻldi. Bu haqda Bobur “Boburnoma”da otasi Umarshayx Mirzodan ibrat boʻlib qolgan bir voqeani qalamga oladi:

“Adolati bu martabada ediki, Xitoy karvoni keladurganda, Andijonning sharqiy tarafidagʻi togʻlarning tubida ming oʻyluk korvonni andogʻ qor bosdikim, ikki kishi qu­tuldi. Xabar topib muhassillar yiborib, korvonning jami jihotini zabt qildi. Har chandikim vorisi hozir yoʻq erdi, bovujudki ehtiyot saxlab, bir-ikki yildin soʻngra Sa­marqand va Xurosondin vorislarini tilab kelturub, mollarini solim topshurdi”.

Otasidan oʻtgan bu fazilatga Bobur taxtda oʻtirganida ham, qoʻlida qilich tutib jangga kirganida ham, gʻamli kunlarida ham, shodon onlarida ham sodiq qoldi.

Masalan, Qorabogʻ yaqinidagi Oqsaroy degan joyda “Seydim Ali darbonning bir oʻbdon navkari birovning bir koʻza yogʻini tor­tib olgʻani uchun eshikka kelturib tayoqlat­tim, tayoq ostida oʻq joni chiqdi”, deb yoza­di. Qalot degan joyda Hindistondan kelgan savdogarlarni “Aksar barin boʻldilarkim, mundoq yogʻiylik mahalda yogʻiy viloyatigʻa kela­durganni talamoq kerak, men rizo boʻlmadim. Dedimkim, savdogarning ne gunogʻi bor?” deya ularga ozor yetkazishlariga yoʻl qoʻymaydi.

Bu voqeadan nafaqat biz yoki turkiy dunyo, balki butun jahondagi taraqqiyparvar in­sonlar ibrat olsa arziydi. Hozir ayrim dav­latlar bir-biriga tishini qayrab, yangidan yangi urush oʻchoqlarini yoqayotgan bir paytda Bobur asarlari adolat, haqiqat, erk ovozi boʻ­lib yangrashi turgan gap. Dunyo olimlarining Boburga qarab intilayotganining sababida ham shu haqiqat yotibdi. Undan oʻrganadigan joylar juda koʻp.

Ayniqsa, Boburning halolligi, eʼtiqodi pokligi, toʻgʻrisoʻzligi temuriy shohlarga, shahzodalarga, sarkardalarga, ularning ula­molariyu umarolariga bergan taʼrifu tavsif­larida yaqqol namoyon boʻladi. Bu borada Bobur oʻz otasidan tortib, togʻalarigacha, amakila­riyu yaqinlarigacha — barchasining yaxshi-yomon tomonlarini birma-bir tasvirlab oʻtadi. Bu narsa bugungi avlodga, ayniqsa, sabr-toqat, qunt, hafsala borasida bir oz shoshqaloqlik qilayotgan, ilm-hunar oʻrganish borasida oʻz us­tida tinimsiz ishlashi lozim boʻlgan yoshlarga har tomonlama oʻrnak boʻlishi darkor.

Masalan, Bobur otasining yaqinlaridan Ali Mazidbek qavchinning “munofiq va fo­siq va haromnamak va yaramas kishi” ekani­ni tasvirlaydi. Hasan Yoqubbekning “kichik koʻngullik, yaxshi taʼblik, chust va chasponlik, mardona” ekanini aytib, shu bilan birga, “ichi tor va kamhafsala va xudpisand va qat­tiq soʻzluk va sovuq yuzluk kishi edi”, deb baho beradi. Bundan tegishli xulosalar chi­qarishimiz kerak.

Tarix xolislikni sevadi. Bobur shaxsiga baho berganda mezon uning oʻz soʻzlari, ta­rixiy haqiqat boʻlmogʻi lozim. Undan bizga meros boʻlib qolgan asarlarning guvohlik berishicha, Bobur voqea va hodisalarga real yondashgan, bir tomonlama baho bermagan, hat­to gap kelganida oʻz yaqinlarining, temuriy­larning ham ojiz tomonlarini ayamay ochib tashlagan, gʻanimlarining esa ezgu ishlariga tan bergan.

Bu donishmand, mard, jasur insonlarga­gina xos fazilat. Boburda bu fazilatning eng oliy koʻrinishi mujassam edi. Boburiy­lar saltanatining shakllanishi va rivojla­nishida ham aynan mana shu jihat poydevor boʻlib xizmat qilgan. Bundan biz faqat oʻrga­nishimiz kerak.

Bobur oʻz zamonasining ilgʻor fikrli, maʼ­rifatli kishilaridan biri sifatida yaratish, yangi binolar, bogʻu rogʻlar, saroylar qurish bilan mashgʻul boʻldi. Oʻz yurti Andijonu Samarqandda qura olmagan binolarni Afgʻo­nistonda, Hindistonda barpo etishga harakat qildi. Uning bu boradagi saʼy-harakatlarini eʼtirof etgan ingliz adibi Uilyam Rashbruk Boburni “Oʻn oltinchi asr bunyodkori”, deya ulugʻlab, u haqda asar yaratgan.

“Boburnomada”da uning bunyodkorli­gini, yaratuvchanligini tasdiqlovchi satr­larga juda koʻp duch kelamiz. Masalan, “Odinapur qoʻrgʻonining oldida, janubiy tarafida, bir balandida tarixi toʻq­qiz yuz oʻn toʻrtta bir chahorbogʻ soldim”, “Istalifcha kent maʼlum emaskim xeyli yerlarda boʻlgʻay. Ulugʻ rud kentning ichidin oqar. Bu kentta Bogʻi Kalon otligʻ Ulugʻbek Mirzoning bir magʻsub bogʻi bor erdi. Men egalariga baho berib oldim. Bogʻning oʻrta­sidin bir tegirmon suyi hamisha joriy­dir. Bu ariq yoqasida chinorlar va daraxt­lardur, burun ariq egri-bukri va besiyoq erdi. Men buyurdimkim, bu ariqni reja va siyoq bila qildular. Bisyor yaxshi yer boʻldi”, deya oʻzining bunyodkorlik borasidagi ishla­rini eʼtirof etadi.

Xuddi shunday ulugʻ ishlarni Gʻazni, Ko­bul, Ogra, Piroʻzpur, Dulpur degan joylarda amalga oshiradi, joylar tanlab, bogʻlar bar­po etadi, atrofini obod qiladi.

Boburning yaratuvchanligi uning Fargʻo­nadan mevali daraxt koʻchatlarini afgʻon, hind yerlariga olib borib ektirishida ham koʻrinadi. Shu haqda bunday yozadi: “Kobul va kentlarida sardseriy mevalardin uzum va anor va oʻruk va olma va bihi va amrud va shaftolu va olu va sanjid va bodom va yangʻoq koʻptur. Men olubolu niholi keturib ekturub­men, yaxshi olubolular boʻldi va hanuz taraq­qiyda edi”. Bunday holat ilm-fanda iqlim­lashtirish deb ataladi.

Bobur yashagan davr jangu jadallarga, toʻs-toʻpolonlarga toʻla, shiddatli bir davr edi. Har bir yigit kishi chavandozlik, qi­lichbozlik, kamonbozlikdan boxabar boʻli­shi talab etilardi. Bobur saroy tarbiyasini koʻrgan shaxs sifatida bularning barchasidan nafaqat xabardor boʻlgan, balki u oʻsha davr­ning mard va qoʻrqmas, matonatli, shijoat­li jasur jangchilaridan, sarkardalaridan, urush taktikasini mukammal egallagan sara lashkarboshilaridan biri edi. Ot minish­da, qilichbozlikda, suzishda, kamon otishda unga teng keladigan navkarlar kam boʻlgan. Bobur janglarda toblangan, purtajriba, harb ishining hadisini olgan hukmdorlar­dan sanalardi.

“Boburnoma”dan olingan “Mahkam zarb sovuq edi. Ul martabada sovuq edikim, ushul ikki-uch kunda ikki-uch kishi bu orada sovuq­ning shiddatidin oʻlub edi. Bir ariq suyi­dakim yoqalari qalin muz toʻngub edi, oʻrtasi suvning tezligi jihatidin yax bogʻlamaydur edi, bu suvgʻa kirib gʻusl qildum. Oʻn olti qatla suvgʻa choʻmdum. Suvning sovuqligʻi xey­li taʼsir qildi”, degan satrlar Boburning jismoniy jihatdan toblanganini, baquvvat­ligini koʻrsatib turibdi. U janglarda yuz, balki ming bor yogʻiy bilan yuzma-yuz kelgan, ammo qoʻrqib ortiga chekinmagan, har vaqt dushmaniga tik boqib, ularga qarshi mardo­navor kurashgan. Umuman olganda, biz — bu­gungi avlod Zahiriddin Muhammad Boburdan har tomonlama oʻrnak olsak arziydigan ji­hatlar bisyor.

Uchinchi Renessansiga poydevor qoʻyayotgan xalqimiz uchun Boburning hayoti va ijodi haqiqiy ibrat maktabi vazifasini oʻtaydi, desak aslo adashmaymiz.

Abdulhay SOBIROV,

Andijon davlat universiteti professori,

filologiya fanlari doktori