Mohichehra Mamedovaning Qoʻlba mahallasiga kelin boʻlib tushganiga 7 yil boʻldi. U sartaroshlik boʻyicha oʻquv kurslarida taʼlim olgan, soʻng shogird boʻlib uch yil ayollar sartaroshxonasida malaka oshirgan. Farzandlari yosh boʻlgani tufayli hech qayerda ishlay olmadi. Shunga qaramay, Mohichehra izlanuvchan, oʻziga nihoyatda talabchanligi bois, uyda bekor oʻtirishni istamadi. Turmush oʻrtogʻining yonida turib, roʻzgʻor aravasini birga tortishga, oila farovonligiga hissa qoʻshishga qaror qildi.

— Uy sharoitida boʻlsa-da, bekor oʻtirmay, pul topishga harakat qildim, —deydi Mohichehra Mamedova. — Mahallamizda ayollar sartaroshi va paynet toʻlov tizimi yoʻqligi uchun shu ishlarni oʻzim qilmoqchi boʻldim. Tuman hokimi qabuliga borib, oʻziga uchrashdim. U niyatimni toʻgʻri tushundi. “Ishtiyoq bilan kelibdi. Yuragida oʻti bor ekan, yordam beramiz. Ishni eplab ketadi”, dedi.

Nihoyat Mohichehra Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi orqali subsidiya oldi, goʻzallik saloni uchun kerakli jihozlar bilan taʼminlandi. Yaqinda “Hunarmand” uyushmasiga ham aʼzo boʻldi.

— Qoʻlba mahallasida qariyb 4 ming odam yashaydi, — deydi mahallaning yoshlar yetakchisi Farid Iskandarov. — Ularning mingdan ziyodi yoshlar. Yoshlarga hunar oʻrgatishda Mohichehra kabi hunarmand ayollar borligi juda asqatadi. Ijtimoiy ahvoli ogʻir qizlarga bepul kasb oʻrgatadi.

Mohichehra Jizzax pedagogika kollejini bitirgan. Oʻqituvchi boʻlishni orzu qilardi, biroq oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgani sababli niyatiga yetolmadi. Soʻng Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimiga murojaat qilgach, “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Kompyuter savodxonligi boʻyicha bepul kurslarda oʻqidi, qoʻshimcha hunar oʻrgandi. Tirishqoq hunarmand tadbirkorlik faoliyatini boshlab oldi.

— Ish boshlaganimga bir oy boʻldi. Dastlab qoʻshnilarim mijoz boʻlib keldi. Ularga xizmatim maʼqul kelganidan xursand boʻldim. Turmush oʻrtogʻim salon uchun alohida joy ochib, taʼmirlab bermoqchi. Oʻshanda oʻquv kursi ochib, bitiruvchi qizlargayam hunar oʻrgataman. Hozir uch nafar shogirdim bor, — deydi hunarmand ayol. — Orzularim juda koʻp. Ishbilarmon xonimlarni koʻrsam, havasim keladi. Oʻzim oʻqiy olmaganim uchun bolalarimni oʻqitishni niyat qilganman. Tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirishni, eldan kam boʻlmaslikni istayman. Yaqinda turmush oʻrtogʻim issiqxonachilikka qiziqib qoldi. Hokimlikka murojaat qildik, hozir faqat tashqi qolipini keltirib qoʻyishdi. Qolgan ishlar ham tezroq hal boʻlishiga umid qilyapmiz.

Bunyodkorliklardan ilhom oladigan hunarmand

Ruslan Yangiboyev Forish tumanining Xonbandi mahallasida yashaydi. 2018-yildan buyon hunarmandlik bilan shugʻullanadi. U yasagan temir buyumlarning xaridori koʻp. Shu bilan birga, Ruslan tumandagi “Hunarmand” markazi rahbari.

— Mahallamizda hunarmandlik markazini tashkil qilganmiz. Shu yerda ishsiz fuqarolar, yigit-qizlar bandligini taʼminlash uchun qoʻl mehnatini rivojlantiryapmiz, — deydi tirishqoq yigit. — Hozir markazda 12 nafar hunarmand bor. Ular zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, kashtachilik va milliy liboslar tikish bilan shugʻullanmoqda. Oʻzim zamonaviy toʻsin, seyf, metall haykalchalar yasayman. Buyurtma asosida ishlayman. Bolalikdan oilaviy muhitimiz shu kasb bilan bogʻliq, otam temirchilik qilgan. Oʻzim ham ustachilikka qiziqib, shu yoʻnalishda oʻqiyapman.

Ruslan Hindistonning “Sambhram” universiteti Jizzax filiali 3-bosqichida oʻqiydi. Ustozlaridan kerakli bilimlarni olib, hunarmandlikka doir yangiliklarni oʻrganib, oʻzlashtirib, daromadi ham kun sayin ortmoqda.

— Bir oyda ish haqimdan tashqari oʻrtacha 2 million soʻm atrofida daromad topaman. Yaqinda Xitoy bilan shartnoma tuzdik. Xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqarish uskunalarini keltirdik. Shularni ishga tushirsak, mahallamizdagi 9 nafar yoshni ish bilan taʼminlaymiz, oilamizga qoʻshimcha daromad keltiramiz. Bugungi kunda innovatsion yangiliklar ustida ishlayapmiz, metallga ishlov berishning yangi usulini topganmiz. Shuni qoʻllashga harakat qilyapmiz, — deydi yosh hunarmand.

Shu yilning iyun-iyul oylarida Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan yosh tadbirkor va hunarmandlar forumida Ruslan ham ishtirok etdi. Biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan yoshlar, tengqurlari bilan fikr almashdi. Oʻziga kerakli maʼlumotlar oldi, tajriba toʻpladi. Uyga qaytgach, qoʻshimcha ikkita uskuna sotib olishga qaror qildi. Boshlanishiga Xalq bankining tuman filialidan 33 million soʻm kredit va shaxsiy mablagʻi hisobidan uskunalar olib keldi. Mahallasidagi 4 nafar ishsiz yoshni ish bilan taʼminladi. Hozir bir kunda 3000 dona sovun ishlab chiqaryapti.

— Bugun yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qator imtiyozlar bor. Bundan menga oʻxshagan tengqurlarim samarali foydalansa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Koʻp yoshlar berilayotgan imkoniyatdan foydalanishga harakat qilganida baʼzida eʼtiborsizlikka duch keladi. Oʻzim ham avvaliga 6-7 oy shu masalaning yechimini qilolmaganman, — deydi yosh hunarmand. — Ishbilarmon tengqurlarimni koʻrganda havas qilib, ulardek boʻlishga, olgʻa yurishga urinaman. Bundan-da yuksak marralarga erishishga, nimalardir yangilik qilishga intilaman. Mamlakatimiz yanada gullab-yashnasin, biz, yoshlar shundan quvvat olib, unib-oʻsaveraylik.