Maʼlum boʻlishicha, video murojaatda qayd etilgan Ravshanbek Umarov Navoiy viloyatidagi 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtab kelmoqda.Olingan maʼlumotga koʻra, mahkum R.Umarov joriy yilning olti oyi davomida yaqin qarindoshlari bilan 8 marotaba telefon orqali suhbatlashgan va 3 marotaba uzoq muddatli uchrashuvda boʻlgan hamda 4 marotaba uzatmalarni qabul qilgan.

Video murojaatda qayd etilgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida, joriy yilning 7-avgust kuni Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari bilan birgalikda 11-son jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mahkum R.Umarov bilan holi tarzda uchrashilib, suhbatlashildi. Suhbat davomida mahkum R.Umarov koloniyada yashash, ovqatlanish, yuvinish, tibbiy xizmat koʻrsatish va boshqa maishiy sharoitlar boʻyicha eʼtirozi yoʻqligini, u tomonidan yozilgan murojaatlar, xatlar tegishli manzillarga yuborilayotganligini hamda tazyiq va bosimlar oʻtkazilmayotganligini maʼlum qildi.

U suhbat davomida oʻziga nisbatan chiqarilgan sud hukmlaridan norozi ekanligini bildirib oʻtdi. Mintaqaviy vakil tomonidan muammo yechimi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.Murojaat nazoratga olindi.

Mahkum R.Umarov bilan oʻtkazilgan suhbat davomida koloniya xodimlarining xatti-harakatlaridan yoki boshqa masalalar yuzasidan murojaat qoldirishi mumkinligi soʻraldi. U koloniya xodimlariga nisbatan shikoyati yoʻqligini va murojaat ham qoldirmasligini maʼlum qildi.

Qayd etib oʻtish joizki, Ombudsman, uning xodimlari va Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda muntazam ravishda 11-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari bilan birgalikda ushbu koloniyaga 6 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Ushbu tashriflar davomida mahkum R.Umarov biror marotaba murojaat qilmagan va shikoyat qoldirmagan, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) axborot xizmati.