Bunday deyishimizga asoslarimiz bor, albatta.
Prezidentimiz ushbu massivga tashrif buyurgach, biz ham ijodiy guruhimiz bilan Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumaniga yoʻl oldik. Bir vaqtlar Qorayantoq deb nomlangan mahalla faollari, oddiy odamlar bilan suhbatlashib, u yerdagi imkoniyatlar bilan tanishdik.
* * *
Biyday choʻlni ikkiga boʻlib oʻtgan ravon yoʻlda mashina bir maromda olgʻa intiladi. Bir qarashda sahroni eslatadigan qum barxanlari shuvoq, yantoq kabi choʻl oʻsimliklari sabab qorayib koʻrinadi. Yaqin borsangiz, bahor nafasi tekkan kungay betlarda maysalar nish urganiga guvoh boʻlasiz. Oldinda esa viqorli togʻlar!
Saratonda ham qori erimaydigan togʻlar kishini oʻziga ohanraboday tortadi. Ha, Surxondaryoning tabiati mana shunday moʻjizakor. Boysuntogʻ choʻqqisidagi qor qish nafasini berayotgan bir paytda Termizni yoz chillasi zabtiga oladi. Oʻsha paytda choʻldagi maysalar qovjirab, erta bahorda qorayib turgan shuvogʻu yantoqlar yashil toʻnini kiygan boʻladi.
Jarqoʻrgʻon tumanining katta qismi mana shunday choʻldan iborat. Shu bois, suvsiz choʻlda asosan choʻponlar yashagan. Qum barxanlaridan iborat dashtda qoʻra tiklash ham oson emas. Chunki imorat uchun zarur barcha narsa, hatto paxsadevor uchun tuproqni ham tashib kelish kerak.
Tumandagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilgan joy yaqin-yaqingacha choʻponlar yashaydigan ovloq manzil edi. Mahalla nomi ham shunga xos tarzda Qorayantoq deb atalardi. Hozir butunlay zamonaviy qiyofaga kirgan mahallani oʻziga xos moʻjaz shaharcha, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Biz oʻtirgan mashina massiv hududiga yaqinlashar ekan, avvalo, mahallaning yashil “belbogʻi”ga duch keldik. Tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan yashil maydonda turfa nihollar qator saf tortgan.
— Mana shu ish puxta reja bilan qilinibdi, — deydi hamrohlarimizdan biri koʻchatlarga ishora qilib. — Yozda choʻlning issigʻi yuzni kuydiradi. Daraxt koʻp boʻlsa, massivga garmsel “bostirib” kirolmaydi-da!
— Mahallaga yetib olaylik, bunga oʻxshash rejali ishlarning koʻpini koʻrasiz, — gapga qoʻshiladi yoshi ellikni qoralagan haydovchimiz Akbar aka. — Katta shaharlarda qanday sharoit boʻlsa, hammasi shu yerning oʻzida bor.
Shu chogʻ koʻp qavatli uy boʻlganidan keyin shahar sharoiti boʻlishi aniq-ku deb oʻylaysiz. Soʻng Prezidentimiz tashrif buyurgan massivda zamonaviy oʻquv markazi borligi, yangi maktab qurilgani yodga tushadi. Ha, endi har bir mahallada kattami-kichik oʻquv markazi bor, maktablarning zamonaviy qiyofaga kirishi yangilik emas-ku. Ammo mahalla bilan yaqindan tanishar ekanmiz, bunday oʻylar xato ekanini, ming bora eshitgandan koʻra, bir marta kelib koʻrish afzalligini anglaymiz.
Ayni dam mahallaga “Yangi Oʻzbekiston” nomi bejiz berilmaganiga amin boʻlamiz. Chunki massivdagi har bir jihat yangi Oʻzbekiston qiyofasiga, undagi islohotlar ruhiga uygʻun. Masalan, mamlakatimizda muammolarni joyida hal etishga jiddiy eʼtibor berilyapti. Buning uchun mahalla tizimi bosqichma-bosqich, ammo qisqa muddatda tubdan isloh etildi. “Yangi Oʻzbekiston” MFYda mana shu ishlarni toʻgʻri tashkil etish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
— Shu mahallada qirq yildan beri yashayman, — deydi mahalla raisi Elmurod Alliyorov. — Biz ham mol boqib, qirlarga qoʻy haydab katta boʻlganmiz. Oxirgi uch yilda mahallamiz butunlay oʻzgarib, shaharchaga aylandi. Mahallamizning binosi yoʻq edi. Hali u, hali bu tadbirkorning binosida ijarada turardik. Tez-tez koʻchishga majbur edik. Mahallamiz uchun barcha shart-sharoitga ega zamonaviy bino qurib berildi. U yerda “mahalla yettiligi” ishlashi, ochiq, shaffof tizimdan samarali foydalanishi uchun zarur texnik imkoniyatlar yaratilgan. Ancha yillardan beri mahalla tizimida turli lavozimlarda ishlaganman. Hozirgiday sharoit, imkoniyat hech qachon boʻlmagan. Mahalla ahlini band qilish uchun shu yerning oʻzida koʻplab tadbirkorlik subyektlari ishga tushirildi. Savdo va xizmat koʻrsatish markazlari ochildi. Bunday imkoniyatlardan aholi juda mamnun.
Mahallada 68 ta koʻp qavatli uy qurildi. Ulardagi 1,5 mingta xonadonga aholi koʻchib kirdi. Rejaga koʻra, koʻp qavatli jami 116 ta uy qurilishi kerak. Hozir qurilish davom etyapti. Qolgan uylar ham tez orada bitadi. Muhimi, uylarga kommunal xizmat koʻrsatishning barchasi markazlashgan tizimga ega. Bundan tashqari, poliklinika, 180 oʻrinli bogʻcha, 330 oʻrinli maktab qurildi. Ilgari bunday sharoit yoʻq edi. Oʻquvchilar qishda sinfxonada oʻtirib sovuq yerdi. Hozir zamonaviy qozonxonasi bor. Xonalar issiq, zamonaviy oʻquv qurollari, zarur texnik vositalar bilan toʻliq jihozlangan. Koʻp qavatli uylar uchun ikkita markazlashgan qozonxona qurilgan.
Mahallaning infratuzilmasi ham havas qiladigan darajada. Ilgari bu joylarda chiroq, yorugʻlik yoʻq edi hisob. Hozir koʻchalar charogʻon. Xavfsiz yoʻlakni aytmaysizmi! Kechki paytlarda yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlar shu yoʻlak boʻylab sayrga chiqadi. Endi shaharga borish shart emas, hamma sharoit shu yerning oʻzida muhayyo qilindi.
Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish bilan birga oldimizga Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyishdek katta marrani olganmiz. Buning uchun esa, albatta, zamonaviy bilimlarni egallagan, ruhiyati milliy tafakkur bilan boyigan avlod zarur. “Yangi Oʻzbekiston” massivida buning uchun ham yetarlicha sharoit yaratilgan. Nafaqat yaratilgan, balki boshqalarga namuna boʻladigan jihatlari ham bor. Birgina maktabdan misol, ushbu muassasa davr talablariga toʻla javob beradi. Muhimi, mamlakatimiz siyosatiga mos ravishda maktabda barcha uchun teng sharoit yaratilgan. Xususan, nogironligi boʻlgan bolalar uchun zarur imkoniyatlar yaratilib, inklyuziv taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Maktab hovlisiga kirib borar ekanmiz, oʻquvchi qizlarga duch keldik. Ulardan biri maxsus aravachada, sinfdoshi esa uning yonida quvnoq ohangda nimadir haqida suhbatlashib ketardi. Tasodifan oʻqituvchilardan ham avval bizga yoʻliqqan bu oʻquvchilar tashrifda Prezidentimiz bilan uchrashgan, birga suratga tushgan oʻquvchilar ekan.
— Toʻqqiz yil uyda tahsil olgandim. Maktabga kelganimga bir yildan oshdi. Bu yerda koʻp doʻstlar topdim, — deydi maktab oʻquvchisi Feruza Jumaqulova.
Uning gapini sinfdoshi tasdiqlab, suhbatga qoʻshiladi.
— Feruza maktabimizga kelganiga bir yildan sal oshdi. Hozir darslarni birga oʻzlashtiramiz. Tanaffusda hovlida aylanib gurunglashamiz. Unga qarashish, kutib olib, kuzatib qoʻyish uchun maxsus oʻqituvchi ham tayinlangan, — deydi sinfdoshi Mushtariy Karimova. — Kelgan paytlarida oʻquvchilar bilan unchalik chiqisha olmasdi. Mana, hozir darslarni yaxshi oʻzlashtirib, biz bilan yaqin dugona boʻlib ketdi. Hatto yaxshi oʻqigani uchun shu yil ona tili fanidan oʻtkazilgan olimpiadada, bilimlar bellashuvida ham qatnashdi.
Ushbu maktabda hozir 500 dan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida oʻqitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan. Maktabda 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagog faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yoʻlaklar, oʻquv xonalari, ovqatlanish, muolaja xonasi hamda sport zali zarur sharoitlar bilan taʼminlangan. Mana shuning oʻziyoq ijtimoiy davlat tamoyilini toʻla ifoda etadi. Muhimi, maktabda bilim olishning zamonaviy metodlari joriy etilmoqda.
— Maktabimiz 2023-yil sentyabr oyidan buyon faoliyat yuritmoqda. U 330 oʻringa moʻljallangan. Inklyuziv taʼlim ham yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu taʼlim ilk yoʻlga qoʻyilganida uddalay olarmikanmiz degan hadik bor edi, — deydi 66-maktab direktori Shahzoda Kamolova. — Chunki nogironligi bor bolajonlar bilan ishlash, ularning koʻngliga yoʻl topish oson emas. Hozir toʻrtta shunday oʻquvchimiz sogʻlom bolalar singari jamiyatga qoʻshilib ketdi. Bundan hamma pedagoglar va ota-onalar, oʻquvchilar mamnun. Prezidentimiz maktabimizga tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhim ekaniga eʼtibor qaratdi. Oldimizga yangi vazifalar qoʻyib, bizga juda katta ishonch bildirdi.
Gap taʼlim haqida ketar ekan, mahallaning yana bir oʻziga xos jihatini aytish zarur. Yaʼni mahallada xorijiy tillar va axborot texnologiyalari oʻquv markazi ish boshlagan.
— Xorijda oʻqib kelib, tumanimiz markazida kichik oʻquv markazi ochish bilan faoliyat boshlaganman, — deydi oʻquv markazi rahbari Yigitali Abdullayev. — Yurtimizga qaytib kelib ish boshlashimga yangi Oʻzbekistondagi islohotlar sabab boʻlgan. Shundan keyin oʻquv markazimizni asta-sekin kengaytirib bordik. 2025-yilda 6,5 milliard soʻm hisobiga ushbu massivda oʻquv markazi barpo etdik. Majmuamiz 400 oʻringa moʻljallangan. Unda yiliga 2 mingdan ortiq yosh taʼlim olishi, loyihalar ustida ishlashi mumkin. Markazimizda 200 ga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat oldi. Bundan tashqari, 150 ga yaqin oʻquvchimiz IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etdi. Markazda 20 ga yaqin mutaxassis faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari markazimizga tashrif buyurib, sharoitlar bilan tanishdi. Bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, oʻquv markazlari uyushmasini tashkil etish taklifi bildirildi. Bu oʻquv markazlariga juda katta imkoniyatlar yaratadi. Ular bir-biri bilan bevosita tajriba almashish imkoniga ega boʻladi. Yutuqlar ragʻbat olib, respublika miqyosida ommalashtiriladi. Bularning barchasi yurtimizda ilm-fanni rivojlantirish uchun bajarilmoqda. Yana bir muhim jihat. Prezidentimiz yoshlarga xorij tillarini oʻrgatish, zamonaviy bilimlarni berish bilan birga ularni milliy urf-odat va qadriyatlar ruhida, vatanparvar qilib tarbiyalash vazifasini ham qoʻydi. Ochigʻi, bu jihat bizni jiddiy oʻylashga, oʻziga xos tayyorgarlik koʻrishga undadi. Chunki milliy tafakkurni yoshlar ongiga chuqur singdirish oʻqituvchilardan shunga munosib tayyorgarlikni, maxsus oʻquv qoʻllanmalar yaratishni talab etadi. Hozir shu kabi muhim vazifalar ijrosi haqida izlanishni, amaliy harakatlarni boshladik. Xususan, axborot texnologiyalari yoʻnalishida 500 dan ortiq mutaxassis tayyorlash, 50 ta yangi ish oʻrni yaratish va xususiy maktab ochish harakatidamiz.
Yangi Oʻzbekistondagi yana bir muhim islohotlardan biri, hech shubhasiz, aholi xavfsizligi, tinch va osuda mahalla muhitini yaratish masalasidir. Mahallada bu jihatga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, mahalla hududi kattaligi hisobiga ikki nafar profilaktika inspektori faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, massivda “mahalla muhofazasi” xizmati tashkil etilgan. Endi mahalla raisi va boshqa masʼullar kuz-qish mavsumida xavfsizlik masalasini uyma-uy yurib, aholiga tushuntirishga majbur emas. Ular oʻzining asosiy vazifasi — aholi masalalarini hal etish bilan shugʻullanadi. Xavfsizlik masalasi esa mahallaga biriktirilgan inspektor zimmasida.
— Hozir mahallamizda 2020 ta xonadon bor. Ularda 8 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi profilaktika inspektori Ogʻabek Allaberdiyev. — Avval hududdagi osoyishtalikka faqat mahalla raisi va profilaktika inspektori masʼul deb qaralardi. Hozir nafaqat mahalla, balki tuman, viloyat, respublika darajasidagi rahbarlar ham quyi boʻgʻinga tushib, fuqarobay, xonadonbay ishlarni tashkil etmoqda. Natijada mahallamizda soʻnggi ikki yilda jinoyat sodir boʻlmadi, “yashil” toifaga kirdi. Mahalla hududida 78 ta kamera oʻrnatilgan. Shundan 44 tasi yuzni tanib olish imkoniga ega, 4 tasi avtomatik roʻyxatga oladigan, 30 tasi kuzatuv kameracidir. “Xavfsiz yoʻlak”, “xavfsiz xonadon” tamoyillari ham amalda. Qoʻriqlash xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan.
Yangi Oʻzbekistondagi yana bir muhim islohot bu, hech shubhasiz, aholi daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirishdir. Qolaversa, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, ijtimoiy himoya masalasi ham muhim. Mazkur masalalarga ham mahallaning oʻzida yechim beradigan loyihalar ishlab chiqilgan. Xususan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obʼyekti qurilgan. “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasi ish boshlagan. Eʼtiborlisi, kompaniya tumandagi 161 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. Shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Bu ham qoʻshimcha ish oʻrni, ham sifatli xizmat degani. Hududdagi koʻp qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari oʻrnatilgani esa tabiatni asrash, “yashil” energiyaga oʻtishdagi islohotlarga uygʻundir.
Bundan tashqari, ichimlik suv, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilgan. Shu yerda 250 kilovattli transformator oʻrnatilgan. Qolaversa, 4,5 gektarga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul oʻsimliklari ekilgan. Muhimi, kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy quriladi. Jumladan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) koʻp qavatli uy-joy, yangi yoʻllar qurilishi, koʻkalamzorlashtirish hamda istirohat bogʻi barpo etilishi rejalashtirilgan. Ayni damda qurilish ishlari davom etmoqda.
Mahalla bilan tanishib, uning yashil yoʻlaklari, gulga burkangan koʻchalari oralab ortga qaytishga shaylanar ekanmiz, yuzidan nur yogʻilib turgan nuroniyga duch keldik. Otaxon epchillik bilan bizdan oldin salom berdi.
— Bizdan ham gap oling-da, uka, rahmatimizni, shukronamizni el bilsin, — deydi mehnat faxriysi Abdullaxon Tursunov jurnalist ekanimizni bilgach. — Mahallamiz aholisi shaharga va bozorni izlab uzoqqa borishiga hojat yoʻq. Bir qadam qoʻying, hammasi muhayyo. Ilgari bunday ovloq joylarda mana shunday shaharcha quriladi, desa birov ishonmasdi. Eshitdingizmi, Toshkentdan keladigan poyezd yoʻli ham zamonga moslanarkan. Endi 14 soatda keladigan poyezd 7 soatda yetib kelarmish. Poyezdimiz ham islohotlarimizday tezlik olarkan deb xursand boʻlib oʻtiribmiz.
Otaxonning duosini olib ortga qaytarkanmiz, hamrohlarimiz yuzida mamnunlik balqiydi. Ular ham biz kabi bu maskandan olis ketgisi kelmayotganday ortiga, qum barxanlari aro qad rostlagan baland binolar, zamonaviy tadbirkorlik subyektlaridan koʻz uzmaydi. Ortimizdan “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan nihollar xoʻshlashib qoʻl siltayotganday koʻrinadi.
Yoʻldoshlarning suhbati beixtiyor Prezidentimizning Surxondaryoga tashrifi, shu munosabat bilan boshlangan katta islohotlarga ulanib ketadi. Kimdir voha katta sanoat maydoniga aylanib borayotganini eslaydi. Oʻtgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trillion soʻmga yetganini maqtanadi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4820 taga yetkazilgani, ulardagi mahsulotlar xorijga ham sotilayotgani qizgʻin muhokama mavzusiga aylanadi.
“Ey, eksport mayli, lekin chekka bir viloyatga 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya oʻzlashtirilganiga nima deysiz”, gapni ilib ketadi yana bir hamrohimiz. U gapining tasdigʻi uchun davlatimiz rahbari tashrif davomida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar boʻlgan 44 ta loyihani ishga tushirganini ham eslaydi.
— Bularning barchasi ish oʻrni, daromad, Surxondaryo uchun pul degani, — deydi ogʻir-bosiq boʻlib kelayotgan haydovchimiz. — Menimcha, ichimlik suv esdan chiqmaydigan ish boʻldi. Toʻpalang suv omboridan Termizgacha toza ichimlik suvni olib kelish tarixiy ish!
Tagʻin gap tomorqa maktabiga ulanadi. Endi hamrohlar dehqonlar ham ilm bilan ish koʻrish kerak ekani, Surxondaryoda bu borada katta imkoniyatlar borligini muhokama qiladi. Yeldek ketib borayotgan mashina oynasidan tashqariga qaraymiz. Ikki yon baland qum barxanlari. Ular sahrodagi karvon yoʻlini eslatadi. Necha asrlar oldin, Buyuk ipak yoʻlidan avval ham bu yerda karvon yoʻllari boʻlgan. Ulardan biri “Lojuvard yoʻli”dir.
Bronza davriga (mil. avv. III-II ming yilliklar) oid bu yoʻlning bir tarmogʻi Badaxshon, Baqtriya va Margʻiyona hududlarini Xorazm, Soʻgʻd, Markaziy Qozogʻiston va Ural bilan, yana bir tarmogʻi esa Baqtriya va Margʻiyonani Mesopotamiya bilan bogʻlagan. Yoʻl nomi Badaxshon lojuvardi bilan bogʻliq. Ana shu yoʻl qadim Termiz rivojiga hissa qoʻshgan. Yoki Termiz taraqqiy etgan shahar boʻlgani uchun karvon yoʻli shu hududdan oʻtgan. Bu ikkisi bir-biriga chambarchas bogʻliq.
Ehtimol, ikkinchi taxmin haqiqatga yaqin. Zero, bugun ham yangi Oʻzbekistondagi islohotlar, keng imkoniyatlar dunyo ahlini Markaziy Osiyoga chorlamoqda. Bu esa bizni lojuvard kabi zamonaviy karvon yoʻliga munosib hissa qoʻsha olish salohiyatimiz borligini anglatadi.
Yangi Oʻzbekiston bunday natijaga oʻtgan 10 yil davomida tinimsiz mehnat, izlanish orqali erishdi. Buning qanchalik katta natija keltirayotganini Surxondaryodagi islohotlar, yangi belgilangan marralar misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Shu oʻrinda shoir Shodmonqul Salomning quyidagi misralari yodga tushadi:
Hazrat Sulton choʻqqisida erigan qor,
Termiziyning ziyoratin qilar bajo.
Ikki togʻning orasida bir osmon bor,
Koʻkragimni toʻldirgandir oʻshal havo.
Bobotogʻdan Boysuntoqqa uchar lochin:
Mening mangu hayratimsan, Surxondaryo!
Boboravshan GʻOZIDDINOV,
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari