Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, temir yoʻl transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.
Endilikda, mazkur huquqbuzarlik mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, temir yoʻl transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bogʻliq hodisa, u haqidagi maʼlumotlarni qasddan yashirish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, avtomobil transportida tegishli guvohnoma yonida boʻlmagan holda yoʻlovchi tashish, yoʻl haqi tariflarini oshirish, muntazam yoʻnalish boʻyicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, tasdiqlangan yoʻnalish sxemasidan chetga chiqish BHMning 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.