Oramizda shunday insonlar borki, ularning jismoniy imkoniyati cheklangan, lekin maʼnaviyati yuksak, ruhi esa juda kuchli va matonatli. Afsuski, nogironligi boʻlgan shaxslar koʻpincha ishlash, taʼlim darajasini oshirish va jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etish imkoniyatidan mahrum boʻladi. Hozirgi paytda ularning soni jahon miqyosida tahminan 1 milliard nafarni tashkil etadi. Aksariyat hollarda ular kamsitish va “qoʻli kaltalik”dan aziyat chekadi. Albatta, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi eng katta masʼuliyat davlat zimmasiga tushadi.

Aytish kerakki, BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi mamlakatimiz tomonidan 2009-yil 27-fevralda imzolangan, ammo, uni ratifikatsiya qilish masalasi hal etilmagan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida ushbu masala ilgari surilib, imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish, alohida qonun qabul qilish lozimligi taʼkidlangan edi.

Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlar samarasi oʻlaroq, 2020-yilda yangi tahrirdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirildi va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar qonun darajasida belgilandi.

Qayd etish lozimki, Prezidentimizning 2021-yil 22-fevralda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida soʻzlagan nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi bildirilgan va Oʻzbekistonda alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlangan edi.

Davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbusi doirasida Oʻzbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi. Mazkur konvensiya nogironligi boʻlgan shaxslarning tenglik asosida barcha huquqlarini toʻliq amalga oshirilishini ragʻbatlantirish, himoya qilish va taʼminlashga qaratilgani bilan juda ahamiyatli. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, mustaqil harakatlanish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Bir soʻz bilan aytganda, endilikda mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari mavjud. Galdagi dolzarb masala – ushbu normalarda belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishidan iborat.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) manziliga ham nogironligi boʻlan shaxslar tomonidan koʻplab murojaatlar kelib tushadi va ular shaxsan Ombudsman nazoratiga olinadi. 2020-yilgi murojaatlar tahlili shuni koʻrsatadiki, imkoniyati cheklangan shaxslar koʻpincha nogironlikni belgilashda ortiqcha ovoragarchilik va sarf-harajatlarni keltirib chiqaruvchi omillarning mavjudligidan, ish topishda toʻsiqlar borligidan norozi boʻlib murojaat qilishgan. Qolaversa, arizalar orasida uy-joy ajratishdagi imtiyozlardan foydalanish va maxsus aravacha, protez va boshqa vositalarni bepul ajratilishi uchun koʻmak soʻrab murojaat etishgan.

Alohida qayd etish kerakki, bu kabi masalalar joriy yil kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonuni bilan oʻz yechimini topishi belgilangan. Unga koʻra, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirilib, tekshiruvdan oʻtkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida bepul amalga oshiriladi.

Shuningdek, imkoniyati cheklanganlarning ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliq qator masalalar ham qonun darajasida belgilandi. Tashkilotlar nogironligi boʻlgan shaxslarning sport inshootlari, dam olish, turistik obyektlardan bepul foydalanishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi, ularga bepul tibbiy yordam koʻrsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida tegishli choralar koʻrishi, nogironligi boʻlgan shaxslarni sanatoriya-kurortda bepul sogʻlomlashtirish, shuningdek dori vositalari, parvarish uchun moʻljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi boʻlgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish huquqi shular jumlasidan.

Qolaversa, nogironligi boʻlgan bolalarning bepul umumiy oʻrta, maktabdan tashqari, oʻrta maxsus va professional taʼlim olishini qonun bilan kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qoʻshimcha qabul kvotasi ajratilishi va boshqa shu kabi qator imtiyozlar va huquqlar belgilangan.

Eng muhimi, qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga koʻra, kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal koʻrish holatlari, shuningdek ularning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.

Ushbu normaning nozik bir jihati borki, bu tegishli davlat tashkilotlari va hokimiyatlarga anchayin murakkab, zalvorli va moliyaviy tomondan yaxshigina mablagʻ talab etuvchi vazifalarni yuklaydi. Bu – nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy obyektlarda hech qanday toʻsiqlarsiz harakat qilishi uchun shart-sharoitlarni yaratishdir. Toʻgʻri, shu kunga qadar ham bino va inshootlar, yoʻlaklar, transport vositalarining maʼlum bir qismigina nogironlarning erkin harakatlanishi uchun moslashtirildi, lekin bu yetarli emas. Bundan buyon bunday shaxslarni hech bir shaklda kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik uchun qulay muhitni taʼminlashning aniq mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiq. Imkoniyati cheklangan shaxslar har qanday ijtimoiy obyektlardan va xizmatlardan hech qanday toʻsiqlarsiz foydalana olishi shart. Shu bilan birga, ularni taʼlim bilan toʻliq qamrab olish maqsadida inklyuziv taʼlim olish huquqini amalga oshirish mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish lozim.

Bu borada nafaqat davlat tuzilmalarining, balki fuqarolik jamiyati institutlarining ham faolligi talab etiladi. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirilgan sharoitlarni yaratish boʻyicha barcha nodavlat notijoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ishlashga tayyor.

Shu oʻrinda qayd etish lozimki, Ombudsman instituti bilan Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, uning doirasida nogironligi boʻlgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy hayotda faol qatnashishi uchun koʻmaklashish, mehnatga jalb etish, ularning huquqlarini himoya qilish, ushbu yoʻnalishda huquqiy madaniyatini yana-da yuksaltirish boʻyicha hamkorlikda ishlanmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarni yana-da kengaytirish va mustahkamlash davr talabiga aylandi. Shu jihatdan Ombudsman instituti tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda joylarda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirish, imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish bilan birgalikda mazkur xujjatning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish boʻyicha qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Shunisi eʼtiborliki, BMTga aʼzo davlatlar dastlabki milliy maʼruzani Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan soʻng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishlari belgilangan. Demak, jahon hamjamiyatiga bu borada dastlabki hisobotni taqdim etishimizga vaqt yetarli. Agar shu muddat mobaynida barchamiz birlashgan holda harakat qilsak, nogironlarning nafaqat poytaxt, balki respublika boʻylab munosib yashashi, oʻqishi, mehnat qilishi, davolanishi va dam olishi uchun moslashtirilgan sharoitlarni yaratilishiga erisha olamiz. Demak, shu zaminda yashayotgan har bir inson, hattoki jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay hayotidan rozi boʻlishi uchun harakat qilsak, shu saʼiy-harakatlarimiz natijasidan butun jamiyatimiz bahramand boʻladi.

Feruza ESHMATOVA,

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman).