Ortiqcha vaznli bemorlar oʻrtasida oʻlim koʻrsatkichi yuqori ekanining sababi aniqlandi

    AQSHning Stenford universiteti olimlari COVID-19 virusi ortiqcha vaznli insonlarda ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aniqladi.

    Buning uchun 22 nafar bemordan olingan yogʻ toʻqimalari namunalariga SARS-CoV-2 virusi mavjud eritmalar laboratoriya sharoitida yuborildi. Yakunda infeksiya yogʻ hujayralariga samarali taʼsir koʻrsatib, ularda koʻpayishi va keyin boshqa toʻqimalarga tarqalishi maʼlum boʻldi.

    Shuningdek, yogʻ toʻqimasida immunitet hujayralari ham koʻp uchraydi. Ular infeksiya yuqqan paytda faollashishi tufayli oʻsha joyda kuchli yalligʻlanish hosil boʻladi.

    Navbatdagi bosqichda virus qoʻshni hujayralarga uzatilib, asta-sekin butun organizm faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

    Bu — nega semiz kishilar oʻrtasida koronavirusdan oʻlim xavfi 10 baravar yuqori ekanligining ilmiy tasdigʻi. Chunki tanada yogʻ miqdori qancha koʻp boʻlsa, yalligʻlanish ehtimoli shuncha baland boʻladi.

    Bundan tashqari, olimlar, SOVID-19 oqibatida hayotdan koʻz yumgan bemorlar yurak sohasi, ichak, buyrak va oshqozon osti bezi atrofidagi yogʻ toʻqimalarida koronavirus mavjud boʻlganini aniqladi.

    Tadqiqotchilar fikricha, yogʻ toʻqimasi virus uchun rezervuar vazifasini oʻtaydi va bunday muhitda bemor tuzalgandan soʻng ham virus saqlanib qolishi mumkin.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.