Semirish — murakkab surunkali kasallik boʻlib, tanada yogʻ toʻqimalarining ortiqcha toʻplanishi salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi. Natijada 2-tur qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortib, tayanch-harakat apparati hamda reproduktiv funksiya uchun salbiy oqibatlar kelib chiqadi.
Shuningdek, semirish sababli saratonning ayrim turlari rivojlanish xavfi ortib, bu — hayot sifati, uyqu va harakatchanlikka taʼsir qiladi.
Ortiqcha vazn va semirish haqida faktlar
2022-yilda dunyo boʻylab har sakkiz kishidan biri semirishdan aziyat chekkan. 1990-yildan beri kattalar orasida semirish darajasi ikki baravardan koʻproqqa, oʻsmirlar orasida esa toʻrt barobar oshdi. 2022-yilda 2,5 milliard (bu katta yoshli aholining 43 foizi degani) kattalar, 5 yoshgacha boʻlgan 37 million bola ortiqcha vaznga ega edi.
Semirish sabablari
Ortiqcha vazn va semizlik energiya isteʼmoli (ovqatlanish) va uning sarfi (jismoniy faollik) oʻrtasidagi nomutanosiblik natijasida kelib chiqadi.
Aksariyat hollarda semirish koʻp omilli kasallik boʻlib, u ekologik, psixo-ijtimoiy sabablar va irsiy moyillik tufayli yuzaga keladi. Qolaversa, u baʼzi dori-darmonlarni qabul qilish, ayrim xastaliklar mavjudligi, harakatning pasayishi, tibbiy muolajalar, monogen kasallik/genetik sindrom tufayli paydo boʻlishi mumkin. Shuningdek, toʻgʻri ovqatlanmaslik, jismoniy harakatning cheklanganligi ham semirish ehtimolini oshiradi.
Salomatlikka taʼsiri JSST hisob-kitoblariga koʻra, 2019-yilda meʼyordan yuqori tana vazni indeksi yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, saraton, nevrologik xastaliklar, surunkali respirator va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklaridan dunyoda 5 million oʻlim holatiga olib kelgan.
Bolalik va oʻsmirlik davridagi ortiqcha vazn sogʻliqqa katta zarar keltiradi: 2-tur diabet va yurak-qon tomir kasalliklari kabi turli yuqumli boʻlmagan xastaliklar xavfining ortishi va erta rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bolalikdan semirish insonning katta yoshda ham ortiqcha vaznga moyilligini oshiradi.
Profilaktik choralar
Semirish xavfini kamaytirishga bolaning ona qornidagi davridan ilk yillarigacha profilaktika choralarini koʻrish orqali erishish mumkin.
Masalan:
- homiladorlik davrida vazn yigʻish normasiga amal qilish;
- bolani 6 oygacha faqat ona suti bilan oziqlantirish va bu jarayonni imkon qadar 2 yosh yoki undan koʻproqqa choʻzish;
- farzandni sogʻlom ovqatlanishga, jismoniy faollikka, yaxshi uxlashga odatlantirish;
- televizor oldida oʻtkaziladigan vaqtni cheklash;
- tarkibida shakar boʻlgan, yuqori kaloriyali mahsulotlar isteʼmolini kamaytirish.