Ortiqcha vaznli insonlar uchun sogʻlom ovqatlanishning 5 ta muhim qoidasi taqdim qilindi

    Salomatlik va strategik rivojlanish instituti boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova sogʻlom ovqatlanishning muhim qoidalari haqida aytib oʻtdi.

    Kam harakatlik, genetik omillar, endokrin kasalliklar, notoʻgʻri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlar hamda stresslarga beriluvchanlik sababli soʻnggi yillarda dunyo miqyosida ortiqcha vazn va semizlik jiddiy muammoga aylandi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining statistik maʼlumotlariga koʻra, yurak qon-tomir kasalliklari yer yuzida oʻlimning asosiy sababchisi boʻlib, aynan semizlik uning rivojlanishiga olib keladi.

    Xoʻsh, bu muammoning oldini olish uchun nima qilish lozim?

    Salomatlik va strategik rivojlanish instituti boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova sogʻlom ovqatlanishning muhim qoidalari haqida aytib oʻtdi.

    1-qoida. Kunda 3 mahal asosiy ovqatlanish shart:

    Nonushta;
    Tushlik;
    Kechki ovqat.

    Asosiy taomni imkon boricha, qorin ochmasdan bir vaqtda isteʼmol qilish kerak. Shuningdek, asosiy ovqatdan avval 1 stakan suv ichish lozim.

    2-qoida.

    Suv ichgandan soʻng va asosiy ovqatdan avval xom sabzavotlar (pomidor, bodring, karam, rediska, bulgʻor qalampiri, qizil sabzi, turp, salat bargi va boshqa koʻkatlar)ni alohida yoki salat koʻrinishida isteʼmol qiling. Salatga uyda tayyorlangan mayonez, qatiq/shoʻr boʻlmagan suzma yoki zaytun, kungaboqar moyi va limon sharbati qoʻshish mumkin.

    3-qoida.

    Asosiy ovqatdan soʻng 2 soat oraligʻida 30 daqiqagacha jismoniy yuklama (1 soniyada 2 qadam tashlab piyoda yurish yoki velosiped haydash yoki shunga oʻxshash jismoniy faollik) boʻlishi shart.

    4-qoida.

    Hoʻl mevalarni kunning birinchi yarmida asosiy ovqatdan 2 soat keyin isteʼmol qilish maqsadga muvofiq.

    5-qoida.

    Agarda uyquga ketishdan avval qorin ochsa, suvda qaynatilgan 2 ta tuxum oqi yoki 50-100 gramm atrofida oq goʻsht (tovuq, kurka toʻsh goʻshtlari) yoki yarim stakan yogʻsiz qatiq/kefir isteʼmol qilish mumkin.