Tanlov Britaniya Kengashi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda “ChangeSchool London” bilan birgalikda tashkil etildi. Tanlov natijalariga ko'ra, Toshkent Davlat texnika universiteti “Yilning tadbirkor universiteti” mukofoti g'olibi, deb topildi.

Tanlovda Britaniya Kengashining “Creative Spark” dasturi ishtirokchilari bo'lgan O'zbekistonning 11 ta yetakchi universitetlari sakkizta nominatsiya bo'yicha ishtirok etdi. G'oliblarni tanlash Buyuk Britaniyaning yetakchi tadqiqot markazlarining ijodiy iqtisodiyot mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.

Tanlovning taqdirlash marosimida O'zbekistondagi Britaniya Kengashi direktorining o'rinbosari Jamilya G'ulomova nutq so'zlab, “Ushbu tashabbus — loyiha jamoalarining birgalikdagi ishlarini namoyish etish va birgalikda qilingan mehnatning samarasi uchun ajoyib imkoniyat. Tadbirda universitetlarning ishtirok etishi juda muhim, chunki u ijodiy fikrlash, kooperatsiya va tarmoqni rivojlantirishga yordam beradi. Qolaversa, iqtisodiy rivojlanish, ish bilan ta'minlash va yangi korxonalar yaratilishini qo'llab-quvvatlaydi”, — deya ta'kidladi.

TDTU “Yilning tadbirkor universiteti” tanlovida birdaniga uchta nominatsiya bo'yicha g'olib bo'ldi. Ulardan biri — “Yil mukofoti” nominatsiyasi.

2019-yildan boshlab TDTU har yili talabalar uchun “Start up” tanlovini o'tkazib kelmoqda. Shuningdek, universitet 2019-yilgi tanlov g'oliblari bilan hamkorlikda o'zlarining 3D-printer modelini yig'gan UZDELTA jamoasi maktablar uchun asboblar va namoyish materiallari hamda 3D printerda bosilgan tibbiyot xodimlari uchun texnologik niqoblar yaratadigan zavod ochishni rejalashtirgan.

TDTU energiya tanqisligi va uglerodsiz iqtisodiyot muammolarini hal qilish uchun mutaxassislarni tayyorlaydigan yangi “Muqobil energiya manbalari” o'quv dasturini joriy qilganligi uchun “Yashil universitet” nominatsiyasida ham mukofotni qo'lga kiritdi.

Tanlov ishtirokchilari orasida Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti “To'qimachilik” nominatsiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Ta'sir” nominatsiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti “O'quv dasturida tadbirkorlik” nominatsiyasida g'olib, deb topildi.

Ma'lumot uchun, Tadbirkorlik universiteti mukofoti — bu O'zbekistonda birinchi marotaba o'tkazilayotgan tajriba loyihasidir va universitetlarga tadbirkorlikni o'rgatish, korxonalarda o'qitish, talabalar markazlari faoliyatini qo'llab-quvvatlash, sanoat bilan bog'lanish, ekotizim va jamoalarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar uchun beriladi. Ushbu tashabbuslar tadbirkorlik, o'quvchilarda murakkab muammolarni hal qilish salohiyati, bilim moslashuvchanligi, ijodkorlik va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiradi.