Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali direktori Yashin Ahmadov bilan mazkur kasallik va uning oldini olish choralari xususida suhbatlashdi. Qishning sovuq kunlarida bir qator mavsumiy kasalliklar avj oladi.

Shulardan biri revmatizm. Unga koʻproq 7-15 yoshli bolalar chalinadi va xastalik oʻgʻil-qizlarda kattalarga nisbatan ogʻirroq kechadi.Revmatizmni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omil oyoqda oʻtkazilgan surunkali tonzillit. Yaʼni tez-tez tomogʻi ogʻrib turadigan bolalar anginasi oʻz vaqtida davolanmasa, 10-14 kun oʻtgach, bemorda revmatizm rivojlanishi mumkin.

Uning oʻtkir shaklida anginadan tuzalgan bemorni maʼlum muddat oʻtib, yana yuqori harorat bezovta qiladi. Tirsak, bilak-kaft usti, tizza, boldir-oyoq panjasi boʻgʻimlari va tanasining boshqa qismlari qizarib, shishadi.10-12 kun oʻtgach, poliartritga xos barcha alomatlar yoʻqoladi. Ammo mazkur holat vaqtinchalik boʻlib, xastalik chogʻida yurakning mushak qavati, klapanlari, tashqi pardasi zararlanadi.

Xususan, bu holat yurak nuqsoni shakllanishiga olib keladi. Revmatizm boshqa aʼzo va toʻqimalar, chunonchi, nerv tizimida ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda bolaning oyoq-qoʻllari beixtiyor uchib turadi, oʻta qoʻzgʻaluvchanlik, tez toliqish kuzatiladi. Xastalikning oʻtkir bosqichida bemor, odatda, shifoxonada muolaja oladi. Kasalxonadan chiqqach ham uzoq vaqt shifokori kuzatuvida boʻladi.

Holsizlanish, tez charchash, rangparlik, ishtaha pasayishi, kechqurun tana harorati koʻtarilishi, baʼzan bosh ogʻrigʻi, yurak oʻynashi, hansirash, boʻgʻimlar sohasidagi teri ostida mayda, qattiq va ogʻriqsiz revmatik tugunchalar hamda pushti, halqasimon toshmalar revmatizmga xos alomatlardir. Bu kasallikdan asab tizimi shikastlanganda, bolaning kayfiyati va xulq-atvori oʻzgarib, behalovat, eʼtiborsiz va serjahl boʻlib qoladi.

Uning xotirasi pasayadi.Bemor beixtiyor tartibsiz, beoʻxshov va keraksiz harakatlar qiladi. Uning koʻzlari pirillaydi, yuz mushaklari tortiladi. Natijada bola oʻzi mustaqil kiyinib-echina va ovqatlana olmaydi. Shuningdek, turtinib-surtinib yura boshlaydi.

Qaytalama revmatizm davrida organizmda immunologik va biokimyoviy buzilishlar sodir boʻlib, yurakda yalligʻlanish jarayoni kuchayadi. Revmatizmga faqat mutaxassis tomonidan tegishli tekshiruvlardan soʻng aniq tashxis qoʻyilishi mumkin. Agar oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, bemorni muvaffaqiyatli davolasa boʻladi.