Rosti, oʻsha payti mazkur nashrni varaqlayotib, biron-bir tadbirga bagʻishlab faqat bir marta chop etiladigan jurnallar haqida oʻylagandim, xayolimdan “Samarqandim” — ham shundaylar sirasidan emasmikin degan oʻy oʻtgandi.
Oʻylaganimdek boʻlib chiqmadi. 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida “Samarqandim” — “My Samarkand” jurnalining ikkita soni bosmadan chiqib, keng jamoatchilik-ustoz jurnalistlar, siyosatchilar, ziyolilar-ijodkorlar qoʻliga yetib ham bordi. Eʼtiborli jihati, jurnal joriy yildan boshlab nafaqat oʻzbek, balki ingliz tilida ham nashr etilmoqda. Ingliz tili jahon tili ekani eʼtiborga olinsa, “MY SAMARKAND”ni endi dunyo ahli oʻqiydi.
Chet elliklar bilan koʻp bor muloqotda boʻlgan jurnalist sifatida bilamanki, xorijliklar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda, jumladan, Samarqandda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi maʼlumotlarni ishonchli manbalardan olishni istaydi. Endilikda ular bu jarayonda “MY SAMARKAND” dan ham foydalanadi, deb oʻylayman.
Texnika, internet jurnalistikasi rivojlangan, ijtimoiy tarmoqlar orqali hamma oʻz fikrini bemalol bildirayotgan, sunʼiy aql imkoniyatlaridan foydalanish kengayib borayotgan davrda yashayapmiz. Ayni kunda telefondan, kompyuterdan, planshet yoki noutbuk kabi zamonaviy texnika vositlaridan boʻshamayotgan aholi eʼtiborini bosma ommaviy axborot vositalari – gazeta va jurnallarga qaratish oson ish emas. Maʼlumki, milliy media maydonimizda yuzaga kelgan kuchli raqobatga hamma gazeta va jurnallar ham dosh beraolmayapti.
Milliy va dunyo media olamida ana shu kabi yangilanish va raqobat taʼsiri hukm surayotgan bir paytda yangi gazeta va jurnallarning chop etila boshlagani, ular oʻz oʻquvchilarini topayotgani koʻngilni ravshanlashtiradi. Ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy, tarixiy, ommabop “Samarqandim” — “My Samarkand” jurnali bunga bir misol.
Mazkur nashrga, jurnal tahrir hayʼatiga Samarqand davlat universiteti rektori, senator Rustam Xolmurodovning rahbarlik qilayotgani, jurnalistika sohasi nazariya va amaliyoti boʻyicha katta tajribaga ega Farrux Hamroyevning “Samarqandim”ga bosh muharrirlik qilayotgani, jurnal tahrir hayʼati tarkibida mahalliy va xorijlik akademik va olimlar, siyosatchi va ekspertlarning borligi ham unda chop etiladigan materiallar saviyasi ne chogʻli ekanidan soʻzlaydi.
“Samarqandim” — “My Samarkand”ning joriy yil 1 va 2 sonlaridan oʻrin olgan “Prezident Shavkat Mirziyoyevning ozod tafakkur gʻoyasi haqida oʻylar”, “Vatan va vijdon”, “Samarqand qalbi...”, “Qalbimda abadiy iz qoldirdi...” sarlavhali materillar, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid hamda “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slova” gazetalari bosh muharriri Oʻtkir Rahmatning ijod namunalari bilim va maʼnaviyatingizni boyitadi.
Bir mulohaza. “Samarqandim” — “My Samarkand” SamDU muassisligida chop etilmoqda. Nazarimda “Samarqandim” ga kamida viloyat va shahar hokimligi darajasida eʼtibor zarur deb hisoblayman. Chunki mamlakatimizda shu paytgacha biror bir tarixiy shahar nomida jurnal chop etilgani yoʻq. “Samarqandim” — “My Samarkand” bu borada birinchi. Aslida jahon tajribasida tarixiy shaharlar nomi bilan nashr etiladigan jurnallar bor. Bunga “Istanbul”, “Rim” kabi jurnallarni misol sifatida keltirish mumkin.
Maʼlumki, 1913-yil 20-avgustda Samarqandda jadidlar rahnamosi Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan birinchi oʻzbek tilidagi “Oyina” jurnaliga asos solingan edi. Oradan 111-yil yil oʻtib Samarqandda “Samarqandim” jurnaliga tamal toshi qoʻyilgani eʼtiborga molik.
Xolmurod SALIMOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.