Ilm-fan insonni yuksaklarga ko'taradi. O'qish, izlanish orqali orttirgan tajribamiz, bilimlarimiz nuri hayotimiz davomida so'nmas mash'al bo'lib xizmat qiladi. Termiz davlat Universiteti noorganik kimyo ixtisosligi tayanch doktoranti Aziza Xolboeva mana shu saboqni anglaganlardan. U sira ham tinib bilmaydi. Tunu kun bilimini boyitishni, yangiliklar yaratishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.  Yoshligida buvisining turli giyohlardan dorilar tayyorlashini ko'rgan Aziza o'simliklar tarkibiga, ulardan yangi narsa yaratishga qiziqib qoladi. Mana shu istak uni kimyo sohasiga etakladi. Aziza shu dargohda o'qib, maqsadi sari intiladi.

Bilamizki, Respublikamizning Qoroqalpog'iston, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo kabi hududlarda termit hashoroti ko'p uchraydi.  Aziza Xolboyeva yog'och qurilish materiallarini mitti zararkunandalardan himoyalovchi yangi kimyoviy antiseptik vosita yaratdi. Ular yog'ochlarni eb, katta ziyon etkazadi. Mana shu xavf sabab aholi qurilishda yog'och materiallarini ishlata olmaydi. Boshqa vositadan foydalanish esa ortiqcha mablag' talab qiladi.

— Biz ishlab chiqarishga tatbiq etayotgan antiseptik antiperin vosita yog'och materiallariga surtilganda yoki sepilganda termitlardan ishonchli himoya qiladi, — deydi Aziza. — Qolaversa, yog'ochga bunday ishlov berilgan so'ng 700 gradusgacha issiqlikka dosh beradi. Ya'ni favqulodda yong'in holatlarida birdan yonib ketmaydi. Yong'in kuchayishining ham oldi olinadi. Tadqiqot natijalarim Ma'mun akademiyasining qadimiy yodgorliklarida qo'llanilib, haqiqatdan ham biz tavsiya qilayotgan vosita yog'ochni himoya qila olishi isbotlandi. Hozirgi kunda Respublika termitalogiya markazi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz.

Azizaning birinchi galdagi maqsadi doimo harakatda bo'lish, o'qish, izlanish. Mamlakatimiz kimyo sanoatida o'zining munosib hissasini qo'shishni niyat qilgan innovator bugunga qadar ko'plab yutuqlarni qo'lga kiritdi. “Yurt kelajagi” (2013), “Yuksak ma'naviyatli avlod”(2014), tanlovlarida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Shuningdek, “Ulug'bek” davlat stipendiyasi (2014-2015), “O'zbekiston belgisi”(2015) ko'krak nishoni bilan taqdirlanib, 2019-yilda imtiyozli ipoteka krediti asosida uy sohibi bo'ldi. YUtuqlari boisini shunday ta'kidlaydi:

— Bakalavrga shartnoma asosida qabul qilinganimda o'qishga kirganimni ota-onamdan yashirib, kira olmadim deb aytmoqchi bo'lganman. Sababi moddiy ahvolimiz yaxshi emasdi. To'satdan xabar topgan dadam:  “Qanchalik qiynalsam ham, seni o'qitamiz”, degan. Men ota-onamning peshona teri evaziga to'rt yil o'qib, shunchaki diplomni qo'ltiqlab ketishim mumkin emasligini anglaganman. Yaxshi o'qib, ular ko'ksini faxrga to'ldiradigan farzand bo'lishga intilganman. Yutuqlarga erishishimda ustozim Hayit To'rayevni xissasi katta. Ular bir gapni uqtiradilar: “Ilm yo'lini tanlagan insonning to'xtab qolishga haqqi yo'q” Shunday ekan men doimo izlanishdaman.

Tengdoshlarini ilhomlantirib, yutuqlarga boshlovchi yetakchilar, olim va ma'rifatparvar insonlar davr tayanchi. Mana shunday yangilik yaratishga qodir bo'lganlar jamiyatni yuksaltiradi.

Feruza Jo'rayeva,

jurnalist