Yo‘lga qo‘yilgan xizmatlardan 30 mingdan ortiq fuqaro foydalandi

    30 mingdan ortiq fuqaro Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan xizmatlardan foydalandi.

    Xabaringiz bor, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi soha faoliyatiga oid qator jarayonlarni raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da bir nechta elektron xizmatlarni yoʻlga qoʻydi.

    Bugungi kunda fuqarolar ushbu portal orqali quyidagi xizmatlar uchun onlayn arizalar bermoqda:

    • shahodatnoma dublikatini olish;
    • eksternat tartibida imtihon topshirish;
    • bolani bir maktabdan boshqa maktabga koʻchirish;
    • taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlari nostrifikatsiya qilish;
    • chet el fuqarolarining farzandlarini maktabga qabul qilish.

    Raqamlarga murojaat qilsak, bugungi kunga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 27 651 nafar fuqaro shahodatnoma dublikatini olgan boʻlib, 4 692 nafari eksternat tartibidagi imtihonlarga tavsiya etilgan.

    Shuningdek, 1577 nafar ota-onalarning farzandini boshqa maktabga koʻchirish, 145 nafar chet el fuqarolarining farzandlarini maktabga qabul qilish bilan bogʻliq onlayn arizalari ijobiy yechim topgan. 684 nafar fuqarolarning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlari esa nostrifikatsiya qilingan.