Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 605-son qaroriga asosan oliy taʼlim muassasasidan uzoq joylashgan hududlardan kelgan birinchi bosqich talabalari (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) boʻlgan ijara asosida yashaydigan talabalar)ga sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara toʻlovining bir qismi qoplab berilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, joriy oʻquv yilida talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan birinchi bosqich talabalar uchun 24–27-sentyabr kunlari ijara toʻlovining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi.
Eslatma: Nizomga asosan “talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan” deganda yotoqxonada turishga ehtiyoji bor, ammo joylar soni cheklanganligi bois ijarada turishi taqozo qilgan talabalar tushuniladi. Shu bois, oʻz ixtiyoriga koʻra ijarada turuvchilarga kompensatsiya toʻlovlari belgilanmasligi eslatib oʻtiladi.
Arizalar vazirlikning kontrakt.edu.uz platformasi orqali faqat onlayn qabul qilinadi.
Maʼlumot oʻrnida, 2024/2025-oʻquv yili 9-sentyabrdan boshlanganligini inobatga olib, ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga qulaylik yaratish maqsadida ishchi tartibda talabalardan onlayn ariza qabul qilish joriy yilning 16-sentyabr sanasiga qadar amalga oshirildi.
Talabalarga oylik ijara toʻlovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qatʼi nazar quyidagicha qoplanadi:
Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (340 ming soʻm);
qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (170 ming soʻm).