Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida respublikamizning barcha go‘shalarida keng quloch yoygan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uzoq-uzoqlarda joylashgan hududlarning qiyofasini tubdan yangilash, ularni zarur infratuzilma, shu jumladan, kommunal xizmatlar bilan to‘liq ta’minlash va shu tariqa odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning dunyoqarashini o‘zgartirish, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunga kelib, ushbu dasturlar doirasida ko‘plab qishloq va mahallalarda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, aholini ichimlik suv, oqova xizmatlari, gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash darajasi sezilarli oshdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021 yilda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish maqsadida 352 ta ob’ektda, 3 407,8 km uzunlikdagi tarmoq va 384 ta inshootda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Ushbu maqsadlarga 1 trln. 055 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Shundan 874,3 mlrd.so‘mlik manzilli dastur tasdiqlangan.
Joriy yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, 535,4 mlrd. so‘m moliyalashtirilib, 2 994,1 km tarmoqlar qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Ushbu dasturlarda ko‘zda tutilgan 352 ob’ektga pudrat tashkilotlari Qurilish vazirligining qurilish-pudrat tashkilotlari reytingida “SS” va undan yuqori pog‘onaga ega bo‘lgan salohiyatli pudrat tashkilotlar tanlab olinib, shartnomalar tuzildi hamda qurilish ishlari boshlandi.
Joriy yilning sentabr-oktabr oylarida 283 ob’ektda qurilish-montaj ishlarini yakunlab, ularni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 69 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirish hujjatlari rasmiylashtiril-moqda.
Natijada jami 1,1 mln nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi hamda 2,9 mln nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.