Ayni paytda barcha yurtdoshlarimiz karantin talablarining yumshatilishini intizorlik bilan kutmoqdalar va ular rostdan ham karantin 15-avgustdan yumshatilarmikin, degan oʻyda yurganlari aniq. Bu oʻzimizga bogʻliq ekanini mutasaddilar qayta-qayta taʼkidlashmoqda.
“Xabaringiz bor, navbatdagi karantin davri 15-avgustgacha uzaytirilgan. Biz maʼlum darajadagi plato chizigʻiga, barqarorlikka erishishimiz, kelgusida kasallanishlar holatini kamaytirishimiz va karantin cheklovlarini bekor qilishimiz uchun hozirgi vaqtda oʻrnatilgan cheklovlarga amal qilishda davom etishimiz kerak”, — dedi A.Abduhakimov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Bosh vazir oʻrinbosari fuqarolarning tibbiyot niqoblarini pastga tushirib olmay toʻgʻri taqishlari, antiseptiklardan foydalanishlari va ijtimoiy masofa saqlashlari muhimligini taʼkidladi.
“Mana shu 15 kun ichida barcha talablarga qatʼiy rioya eta olsak, u holda mazkur muddat tugagach, mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozirgi cheklovlarni olib tashlashimiz mumkin boʻladi”, – dedi u.