Bugun kundalik hayotimizda, masalan, biznes, sayohat, sogʻliqni saqlash, bank, aloqa yoki taʼlimda sunʼiy intellekt yechimlari yaqqol koʻzga tashlanyapti. Smartfonlardagi FaceID, barmoq izi orqali biometrik identifikatsiya tizimi, ovozli yordamchilar, onlayn marketpleys va ijtimoiy tarmoqlardagi tavsiya etuvchi tizimlar sunʼiy intellektning biz eng koʻp uchratadigan texnologiyalariga asoslangan yechimlarni oʻz ichiga oladi. Ular qatorida soʻnggi yillarda hayotimizga ChatGPT kirib keldi. Bu odamlarning sunʼiy intellektga qiziqishini keskin oshirdi.
Aslida, u bugun paydo boʻlgan texnologiya emas
Sunʼiy intellekt bir necha yillardan buyon rivojlanib kelayotgan yoʻnalish. Ilk bor 1956-yilda Germaniyaning Dortmund shahrida tashkil etilgan konferensiyada olimlar tomonidan sunʼiy intellekt atamasi ilgari surilgan. 1997-yilda shaxmat boʻyicha jahon chempioni Kasparov birinchi marta sunʼiy intellekt bilan shaxmat oʻynagan. Soʻnggi yillarda u jadal taraqqiy etdi. Chunki uning rivojlanishi uchun zarur boʻladigan katta hajmdagi maʼlumotlar toʻplami, infratuzilma, yaʼni server qurilmalari yuzaga keldi. Katta hajmli va sifatli maʼlumotlar sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan yechimlarni ishlab chiqishda muhim omil boʻldi. Imkoniyat kengaygani sari sunʼiy intellekt boʻyicha dasturiy mahsulotlar ham koʻpaymoqda. Odamlar zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni boshladi. Shu tariqa u texnologiya va jamiyat rivojida global tendensiyaga aylanib ketdi. Yaqinda AQSH hukumati “Open AI” kompaniyasiga sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun 500 milliard dollar ajratgani, Xitoy hukumati 140 milliard dollarga yaqin miqdorda sarmoya kiritayotgani unga eʼtibor tobora kuchayib borayotganini anglatadi.
— Tahlillarga koʻra, sunʼiy intellekt yaqin kelajakda dunyodagi yalpi ichki mahsulotning 20 foizini beradi, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi masʼul xodimi Fazliddin Anvarov. — Bu juda katta raqam. Tabiiyki, qaysi davlat yaqin kelajakda sunʼiy intellektni rivojlantira olsa, yetakchilik maqomini saqlab qoladi. Shu bois, bugun davlatlar bu yoʻnalishga katta sarmoya yoʻnaltiryapti.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari odamlarga xizmat koʻrsatmoqda va bu tobora ommalashib boryapti. U inson ishtirokisiz murakkab vazifalarni mustaqil bajaradi. Ayniqsa, matn, tasvir, kompozitsiya, video va arxitektura dizaynida uning alohida oʻrni bor. Bu sohadagi vositalar ijodkor hamda ishlab chiqaruvchilar uchun muhim resursga aylanmoqda.
Kibertahdidlarga qarshi yordam bera oladimi?
Axborot xavfsizligi kelajagida sunʼiy intellekt roli qanchalik muhim?
— Har qanday yangi texnologiya kabi sunʼiy intellektning ham ijobiy va salbiy jihatlari bor, — deydi Fazliddin Anvarov. — Misol uchun, mashhur odamning videosini soxtalashtirish, u gapirmagan gaplarni gapirtira olishi mumkin. Faqat ekspertlargina bu kabi videolar farqini ajrata oladi. Hozirgi kunda firibgarlik turlari koʻpayib borayotganini inkor eta olmaymiz. Plastik kartadan pul yechib olish kabi holatlarda ham sunʼiy intellekt qoʻllanilayotgani afsuslanarli. Bunday noxushliklarning oldini olish maqsadida chora-tadbirlar koʻrilyapti. Xususan, 2026-yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan sunʼiy intellekt sohasida etika kodeksi ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Baʼzi ekspertlar sunʼiy intellektning insoniyatga katta foyda keltirishi hamda uni inson oʻzining nazoratida ushlab turishi zarurligini taʼkidlaydi. U inson boshqaruvida boʻlsa, xavfsiz. Agar u inson omilisiz oʻzini oʻzi boshqarish darajasiga yetsa, bu muayyan xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Insonning xayoliga keladigan barcha narsa kelajakda sodir boʻlishi ehtimoli ortadi.
Hozirgi kunda sunʼiy intellekt qaysi sohada qoʻllanilmasin, barchasi inson nazoratida. Misol uchun, sogʻliqni saqlash sohasida bitta shifokor bir kunda 100 ta MRT tasvirini tahlil qilsa, sunʼiy intellekt yordamida 500 ta tasvir tahlil etilishi mumkin. Shifokor har bitta tasvirni oʻqib chiqib, u bilan tanishish shart emas, xulosani uning oʻzi qoʻyib beradi, shifokorning vazifasi tashxis toʻgʻri qoʻyildimi-yoʻqmi, shuni tekshirish boʻladi. Bu shifokorning vaqtini tejab, ish unumdorligini oshiradi. Lekin baribir oxirgi nuqta inson omili — shifokor tomonidan qoʻyiladi. U faqat ish jarayonida samaradorlik va mahsuldorlikni oshiradi, toʻgʻri qaror qabul qilinishiga yordam beradi.
— Moliyaviy hisobotlarda aytilishicha, biz sunʼiy intellekt inqilobi markazida turibmiz. 2026-yilga borib sunʼiy intellekt global bozori 39,7 foiz oʻsishi prognoz qilinmoqda, — deydi Fazliddin Anvarov. — Bu jarayonda ayrim kasblarga ehtiyoj kamayadi degan hadik yoʻq emas. Oʻylaymanki, kelgusida u kirmagan sohaning oʻzi qolmaydi. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, muayyan davrlarda kasblar yangilanishi sodir boʻlgan. Misol uchun, 100-yil oldingi baʼzi kasblar hozir yoʻqolib ketgan, chunki unga ehtiyoj yoʻq. Bugun ham shunday. Hatto Ay-Ti sohasi ham sezilarli oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Boshlangʻich darajadagi mutaxassislarga talab yildan yilga kamayib bormoqda, chunki bir paytlar inson aralashuvi talab qiladigan vazifalarni sunʼiy intellekt tezroq va yuqori aniqlikda bajarishi imkoniyati oshib bormoqda.
Kelajakda baʼzi kasblarning yoʻqolish ehtimoli yuqoriligini inkor etib boʻlmaydi. Lekin qaysi soha boʻlmasin, sunʼiy intellektni bilgan odam oʻz ishini yana ham mukammalroq bajaradi. Sunʼiy intellekt uning ishini olib qoʻymaydi. Aksincha, ish unumdorligi, vaqtni tejashga yordam beradi. Shunchaki ulardan foydalanishni oʻrganish kerak, xolos.
Baribir ustoz kerak
Mutaxassislar fikricha, sunʼiy intellekt anʼanaviy oʻqitish usuli oʻrnini bosa olmaydi. Masalan, hozirgi kunda har kim internet orqali oʻzi xohlagan yoʻnalish boʻyicha taʼlim olishi, mutaxassis darajasiga yetishi mumkin. Ammo eʼtibor bering, keyingi yillarda oliy taʼlim muassasalari soni ortib boryapti. Sunʼiy intellekt oʻquvchilarga shaxsiy dasturini tuzish va qaysi sohalarga iqtidori borligini prognoz qilish imkonini beradi. Har bir oʻquvchining oʻrganish tezligi, qobiliyati va qiziqishlari, oʻzlashtirish koʻrsatkichidan kelib chiqib, kelajakda uning qaysi sohada muvaffaqiyatga erishish imkoniyati kengroqligini tahlil qiladi. Oʻqituvchilar esa yozma ishlar, testlar, uy vazifalarini u orqali avtomatik baholashi mumkin. Bu vaqtni tejash va shaxsiy muloqotga vaqt ajratish imkonini oshiradi. Ammo oʻqituvchi sunʼiy intellektga butunlay suyanib qolmasligi kerak. U yetakchi emas, oʻrgatuvchi ekanini unutmasligi lozim. Talabalar esa fikrlash, oʻz ustida ishlash koʻnikmalarini unutmasligi shart.
Nogironligi bor talabalar uchun matnni ovozga aylantirish, ovozni matnga aylantirish, avtomatik subtitrlar kabi imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu oʻz oʻrnida taʼlim jarayonini yaxshilashga yordam bersa-da, uning oʻrnini toʻliq egallay olmaydi. Baribir ustoz kerak.
Eʼtibor kuchaymoqda
Prezidentimiz Yoshlar kuniga bagʻishlangan nutqida «Yana bir muhim yoʻnalish — sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha bank-moliya, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va energetikani ustuvor sohalar sifatida belgilab, 100 ta loyihani amalga oshiramiz. Bu borada yana katta-katta rejalarimiz bor. Xususan, qadriyatlarimiz va madaniyatimizni oʻzida ifoda etadigan sunʼiy intellektning milliy modelini ishlab chiqishni boshladik.
Aminmanki, bu ishlarimiz boy tariximiz va zamonaviy yondashuvlarni oʻzida uygʻunlashtirib, yoshlarning yangi kreativ gʻoyalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu tizim samara berishi uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturini ishga tushiryapmiz.
Shu yilning oʻzida “AI Study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlarimiz sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻrganadi. Ishonaman, bu yangi loyiha hisobidan sunʼiy intellekt sohasida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarimiz yanada koʻpayadi», dedi.
“Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari”ni “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi deyish mumkin. Istiqbolli bu soha yoshlarni tobora koʻproq jalb etmoqda. Loyihadan koʻzda tutilgan maqsad — yoshlarning sunʼiy intellektdan foydalanish koʻnikmasini oshirish. Misol uchun, oddiy ChatGPTdan foydalanishning ham oʻziga yarasha usullari bor. Mutaxassis ChatGPTdan yaxshiroq foydalanadi. ChatGPTga inson oʻzi xohlayotgan maʼlumotlarni qanchalik toʻliq, aniq kirita olsa, u ham shunchalik aniq javob beradi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil yanvar oyida BAAga tashrifi doirasida ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirish va ularni turli sohalarga muvaffaqiyatli joriy etishga qaratilgan strategik sheriklikni kengaytirish yoʻllari koʻrib chiqilgan edi.
Natijada BAA hukumati bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda ushbu loyihaning platformasi ishlab chiqilgan va unda beshta yoʻnalish boʻyicha darsliklar joylashtirilgan. Maqsad — uch yil davomida bir million yoshning sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha koʻnikmalarini oshirish.
Hozirgi kunda AQSHning “Meta”, “NVIDIA” kompaniyalari oʻquv qoʻllanmalari, darsliklarini aistudy.uz platformasiga joylash masalasida hamkorlik boʻyicha muzokaralar oʻtkazilmoqda.
Bu, birinchi navbatda, yoshlarning sunʼiy intellektga qiziqishi, dasturiy mahsulotlardan yana ham samarali foydalanish koʻnikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Sunʼiy intellekt jamiyat hayotining ajralmas qismi boʻlib xizmat qilayotgan bir paytda undan oqilona foydalanib, jamiyatning ijobiy rivojlanishiga yoʻl ochadigan kreativ gʻoyalarni ilgari suradigan qobiliyatli mutaxassislarga talab yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu imkoniyatlardan foydalanish uchun yoshlar oʻz malakalarini jahon mehnat bozorining oʻzgaruvchan talablariga moslashtirishi zarur. Bunda esa davlatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan eʼtibor muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








