Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press tur tashkil qilindi.
Tadbir davomida OAV xodimlari dastlab Toshkent shahri, Yangihayot tumanidagi “Profpack” qogʻoz chiqindilarini qayta ishlab chiqarish korxonasida boʻlishdi.
“Aholi sonining oshib borishi va ehtiyojlarning ortishi oʻz navbatida chiqindilarning koʻpayishiga ham sabab boʻlmoqda, — dedi Ekologiya vazirligining Chiqindilarni boshqarish siyosatini belgilash boʻlimi bosh mutaxassisi Umarjon Abdullayev. — Jumladan, respublikamizda yiliga 7 mln tonnadan ortiq maishiy chiqindi hosil boʻladi. Bu chiqindilar 300 ga yaqin chiqindilarni qayta ishlash korxonalariga yuboriladi. Chiqindilarning 25-30 foizini qayta ishlash imkoni mavjud”.
“Profpack” korxonasida dastlab qogʻoz chiqindilar qozonda ivitilib, pichoqda maydalab olinadi. Keyin qogʻoz ishlab chiqaruvchi mashinaga solinadi. Shu tarzda bosqichma-bosqich quritilib, tayyor qogʻoz koʻrinishiga keltiriladi.
“Bir sutkada 120 tonnagacha chiqindini qayta ishlab chiqaramiz. Talabga qarab har xil koʻrinishda qogʻoz qutilar tayyorlab beramiz. Korxonamizda 400 ta ish oʻrni mavjud boʻlib, hozirda 300 nafar xodim ish bilan taʼminlangan, — dedi ”Profpack“ korxonasi injener-ekologi Farrux Imomaliyev. — Qogʻoz chiqindilarni qayta ishlash orqali daraxtlarni ham saqlab qolamiz. Masalan, 1 tonna mahsulotni qayta ishlab chiqarganimizda 17 ta daraxtni kesilishdan asraymiz. Bir kunda oʻrtacha 100 tonna qogʻoz chiqindilarni qayta ishlasak, 1700 ta daraxtni kesishga hojat qolmaydi”.
Press-tur Yunusobod tumanidagi chiqindilarni tashish stansiyasida davom etdi.
— Yunusobod tumanidagi chiqindilarni tashish stansiyasi toʻliq taʼmirlangan va Germaniyadan keltirilgan texnika vositalari bilan taʼminlangan, — dedi Qayta yuklash va chiqindilarni yoʻq qilish boʻyicha “Maxsustrans” filiali rahbari Rafayel Bekmullin. — Bu yerga chiqindilar saralangan holda olib kelinadi. Ular ochiq holda saqlanmaydi va 24 soat ichida olib chiqib ketiladi.
Toshkent shahar “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Ismoil Saʼdullayev esa chiqindilarni olib ketish uchun yangi texnika vositalari xarid qilinganini aytib oʻtdi.
“Hukumat tomonidan 69 million dollarlik imtiyozli kredit ajratildi. Bu mablagʻga biz 341 tadan ortiq zamonaviy texnika vositalarini xarid qildik. Shuningdek, shahar uchun 18 000 dan ortiq qutilar sotib olindi, — dedi u. — Toshkent shahrida kuniga 2300-2400 tonna chiqindi chiqadi. Bu chiqindilar kun davomida ”Maxsustrans“ texnikalari yordamida chiqindi yigʻish stansiyalariga olib boriladi. Belgilanmagan joylarga tashlab ketilgan chiqindilar uchun alohida, qurilish chiqindilari uchun esa alohida mashinalar ajratilgan”.
I. Saʼdullayevning taʼkidlashicha, chiqindilarni qayta ishlashni 50 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.
Press-tur yakunida OAV xodimlari Ohangarondagi chiqindi poligoni faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.
Maʼlumot uchun, Toshkent shahrida hosil boʻlgan qattiq maishiy chiqindilar Toshkent viloyatida joylashgan Ohangaron poligoniga olib chiqiladi. 2022-yilning 9 oyi davomida jami 998 857 m3 (399 542 tonna) qattiq maishiy chiqindi yigʻilgan va 95 643 tonnasi qayta ishlangan. Shundan 6 997,4 tonnasi polimer chiqindilari, 18 753,98 tonnasi qogʻoz chiqindilari, 346,7 tonnasi rezina chiqindilari, 46,6 tonnasi tekstil chiqindilari, 4 504,1 tonnasi shisha, 64 994,42 tonnasi metall chiqindilari va 0,57 tonnasi boshqa turdagi chiqindilardir.