Oʻzbekistondagi uylarning zilzilaga bardoshliligi va hududlardagi seysmik ball boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi aniqlik kiritdi.
Respublika hududlari seysmik ball koʻrsatkichlari boʻyicha zonalarga boʻlingan boʻlib, obyektlarni joylashtirishda mazkur seysmik ball koʻrsatkichlari inobatga olinadi.
— Obyektni loyihalashtirishdan oldin u joylashgan yer maydoni boʻyicha topografik tasvir va geologik tadqiqot amalga oshiriladi. Grunt tarkibi va xususiyatlari, sizot suvlar sathi va shu kabi boshqa masalalar ham oʻrganiladi. Ushbu tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda, obyektni joylashtirish, uning qavatlar soni, fundamenti, konstruksiyalari va gabarit parametrlari boʻyicha loyiha yechimlari tanlanadi. Mazkur jarayonlardan keyin obyektlar boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi. Soʻngra vakolatli ekspert tashkilotlari tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi. Bunda ham seysmik xavfsizlik va mustahkamlik masalalari boʻyicha alohida koʻrib chiqiladi. Ijobiy ekspertiza xulosalari olingach, qurilish ishlarini boshlashga ruxsat beriladi, — deydi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov.
Qurilish-montaj ishlari tugallangan bino va inshootlardan foydalanishga ruxsat berish boʻyicha 16 576 ta murojaatlar kelib tushgan. Bunda 11 162 ta obyektlarning qurilish ishlari, belgilangan normalarga toʻgʻri kelmasligi bois qatʼiy rad etilgan.