110 ta kompaniya IT Park rezidenti maqomidan mahrum etildi

    Ushbu rezidentlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasiga yuborildi.

    Bu haqda IT Park xabar berdi.

    Qayd etilishicha, IT Park rezidenti maqomi kompaniyalarga nafaqat Oʻzbekistonda, balki xalqaro maydonda ham rivojlanish uchun koʻplab imkoniyatlar yaratib, soliq imtiyozlari, “Zero Risk”, “Local2Global” va boshqa maxsus qoʻllab-quvvatlash dasturlari koʻrinishidagi davlat tomonidan koʻrsatiladigan yordamni kafolatlaydi. Rezident kompaniyalar esa oʻz faoliyatini xolisona amalga oshirishi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589 son qarori bilan belgilangan qoidalarga rioya qilishi lozim.

    VMQ va IT Park rezidentining faoliyat shartlari toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq bir qator majburiy shartlar belgilangan:

    — Roʻyxatga muvofiq biznes-rejada koʻrsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;

    — Har yili moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini auditdan oʻtkazish, auditorlik xulosasining nusxasini IT Parkga yuborish va boshqalar.

    IT Park rezidentlariga qoʻyiladigan talablar mamlakat va kompaniyalarning innovatsion va texnologik taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan raqobatbardosh muhitni saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan.

    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori bilan belgilangan majburiyatlar va talablarning bajarilishi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra, 2023-yil yakunlari boʻyicha auditorlik xulosasini topshirmagan 110 ta rezident aniqlandi. Mazkur kompaniyalar IT Park oldidagi majburiyatlarini bajarishmadi, shu munosabat bilan ular barcha soliq imtiyozlari va preferensiyalarini bekor qilgan holda rezident maqomidan mahrum etildi.