Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston IT-xizmatlar autsorsing markazi sifatida oʻz ekotizimini shakllantirishni va obroʻsini mustahkamlashni muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Bu xorijiy kompaniyalarning qiziqishini tobora orttirib, mahalliy IT-kompaniyalarning xorijiy bozorlarga eksportini koʻpayishiga xizmat qilmoqda.
Sentyabr oyidagi yangi rezidentlarning 2/3 qismi, yaʼni 66 ta kompaniya eksportga yoʻnaltirilgan. Taqdim etilgan biznes-rejalarga koʻra, ular faoliyatining birinchi yilida mahalliy mutaxassislar uchun 700 dan ortiq ish oʻrni yaratishni moʻljallamoqda.
Shunday qilib, rezident-eksportchilarning umumiy soni 936 taga, rezidentlar orasidagi xorijiy kompaniyalar soni esa 574 taga yetdi.
Yangi rezidentlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagicha: autsorsing xizmatlari (19 ta kompaniya), dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish (22 ta kompaniya), oʻz dasturiy mahsulotlarini sotish (16 ta kompaniya), kreativ industriya sohasidagi xizmatlar (3 ta kompaniya).
Yangi eksportga yoʻnaltirilgan rezidentlarning eksport geografiyasiga AQSH, Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va BAA bozorlari kiradi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari, ayniqsa Singapur va Malayziyaning Oʻzbekiston IT sohasiga qiziqishi ortib borayotganini taʼkidlash lozim. Xorijiy korxonalar xalqaro buyurtmalar bilan ishlash uchun bek-ofislar va autsorsing kompaniyalari, shuningdek, Oʻzbekiston orqali yangi bozorlarga kirib borish uchun bosh qarorgohlar ochmoqda. Bu mamlakat eksportini oshirish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilishga yordam beradi, natijada IT ekotizimini rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratilishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Singapurning “BIPO SERVICES SILK ROAD” kompaniyasi Oʻzbekistonda IT-autsorsing xizmatlarini koʻrsatish uchun oʻz ofisini ochmoqda. Kompaniyaning asosiy eksport bozorlari Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlari boʻlib, rejalashtirilgan eksport hajmi 1 million dollarni tashkil etadi.
Malayziyaning “SUMMITNEXT” kompaniyasi Oʻzbekistonda 110 nafargacha xodim ishlaydigan ofis ochishni rejalashtirmoqda. Kompaniya IT-xizmatlar autsorsingiga ixtisoslashgan boʻlib, AQSH, Germaniya, Hindiston va Malayziyani asosiy eksport bozorlari deb hisoblaydi. Kutilayotgan eksport hajmi ham 1 million dollarni tashkil etadi.