IT-Park Sirdaryo filiali eksportga yoʻnaltirilgan 6 ta yangi IT kompaniyani, shu jumladan, taʼsischilari Malayziya, Estoniya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ispaniya kabi mamlakatlar boʻlgan xorijiy kapital ishtirokidagi 5 ta kompaniyani rezidentlikka jalb qildi. Kompaniyalar orasida Malayziyaning BPO (business process outsourcing) xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan “UPSTREAM BPO” MCHJ va Janubiy Koreyaning dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va texnik xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan “SOFT BRAINS” MCHJ kabi 2 ta kompaniyani alohida taʼkidlash mumkin.
— Mazkur kompaniyalarning asosiy faoliyat yoʻnalishlari IT va BPO xizmatlari, dasturiy taʼminot ishlab chiqish, dizayn va multimedia ishlab chiqarishdan iborat, — deydi IT-Park Sirdaryo viloyati filiali direktori Oybek Anvarov. — Ular tomonidan birinchi yarim yillikda 1 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi mahsulotlar va xizmatlar xorijiy mamlakatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.