Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan shu kunlarda aholining ayrim tibbiy buyumlarga nisbatan ehtiyoji ortib bormoqda.
Mazkur vaziyatdan moʻmay daromad orttirib qolishga urinayotgan ayrim shaxslar esa sifati kafolatlanmagan tibbiy buyumlarni yashirin ravishda pullash orqali yurtdoshlarimiz salomatligini jiddiy xavf ostiga qoʻyishi mumkin.
Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi va “Toshkent-Aero” ixtioslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida ana shunday urinishlardan biri bartaraf etildi.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumani hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. 12 dona qogʻoz qutilarga solingan 1200 dona pulsoksimetrlarni sotishga uringan vaqtida toʻxtatib qolindi.
Dorixonalardan tashqarida 120 million soʻmga realizatsiya qilinayotgan mazkur tibbiy buyumlar hozirda vaqtincha saqlovga olindi va holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.