13 million so'mga yaqin aviachipta pullari iste'molchilarga undirib berildi

    Mamlakatimizda 15 Iyun 2020 2171

    2020 yil 27 fevral sanasida Navoiy shahrida joylashgan aviakassadan Samarqand-Domadedova yo‘nalishi bo'yicha 17 mart kuni uchish uchun turmush o‘rtog'i va farzandlariga jami 5 000 000 so‘mga aviachipta sotib olgan fuqaro M.Ahmedova karantin bilan bog'liq muammolar sabab aviachiptadan foydalanmay qolgan va chiptani qaytarishga majbur bo'lgan.

    Lekin pul mablag‘ini qaytarib olishda turli to‘siq va muammolarga duch kelgani bois O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Novoiy viloyat birlashmasiga murojaat yo‘llagan. Vaziyat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi va ijobiy hal etildi. Fuqaroga aviachipta uchun to‘lagan 5 000 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

    Yana bir ana shunday holat Navoiy shahrida yashovchi fuqaro M. Tosheva bilan sodir bo‘ldi. 2020 yil 12 mart kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borish uchun 1 574 000 so‘mga aviachipta sotib olgan M.Tosheva jamiyatga murojaat qilib, karantin sababli bekor qilingan reys uchun to‘lagan mablag‘ini ololmay ovora bo‘lib yurganidan noroziligini bildirdi. 2020 yil 9 iyun kuni ushbu murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etildi va fuqaroga aviachipta uchun to‘lagan 1 574 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

    Farg‘ona viloyatida ham aviachipta bilan bog‘liq muammoli vaziyat yuzaga keldi. Bag‘dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Cho‘rindi qishlog‘ida yashovchi Mahkamovlar oilasidan murojaat kelib tushdi. Unda oilaning 4 nafar vakili joriy yil mart oyida Rossiya Federatsiyasi Moskva shahriga olingan aviachiptadan fors-major holat yuzaga kelib foydalana olmaganliklari sababli pulini qaytarib ololmayotganliklari bayon etilgan. Masalani Bag‘dod tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqilishi jarayonida, iste'molchilarning aviachipta uchun to‘langan umumiy summasi 6 280 000 (olti million ikki yuz sakson ming) so‘m pullarini qaytarishga erishildi. Bir necha kunlar davomida echimi noaniq bo‘lib kelgan muammoni bartaraf etib berilganligi uchun fuqarolar yozma ravishda o‘z minnatdorchiliklarini izhor qildilar.

    "Hurmatli iste'molchi! Agarda sizning iste'molchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyaning 1091 yagona qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin" deyiladi O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.