Uzbekistan Airways shu yilning aprel oyida Madridga parvozlarini tiklaydi

    “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi kelajak rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

    Bugun “Uzbekistan Airways” bosh ofisida kompaniya tashkil etilganining 33-yilligiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Anjumanda soʻzga chiqqanlar, kompaniyaning 2024-yilda erishgan asosiy koʻrsatkichlari haqida soʻz yuritdi. Yil davomida aviakompaniya 40 416 ta aviaqatnovni amalga oshirib, 6 007 151 yoʻlovchi tashidi. 2025-yilda salkam 7 million kishi xizmat koʻrsatishni rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

    Muntazam, charter va yuk tashuvchi aviaqatnovlarida 59 276 tonna yuk tashildi. 2024-yil yakunlariga koʻra, yoʻlovchi oʻrindiqlarining bandligi 83,1 foizni tashkil etdi.

    Matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, havo kemalari parkini toʻldirish maqsadida kompaniya ikkita “Airbus A320 neo”, ikkita “ATR-72” va bitta “LET-410” rusumli samolyotlarni xarid qilgan. Shuningdek, yoʻnalishlar tarmogʻi kengaytirildi. Xususan, Toshkentdan Sanya, Fukuok, Maxachqala, Nijnevartovsk, Xanchjou, Xurgadu, Nyachang va Goaga parvozlar ochildi. Shuningdek, endilikda Nukusdan Istanbul va Olmaotaga, Fargʻona vodiysidan esa Sankt-Peterburgga parvozlar mavjud. Toshkentdan Rim, Mumbay va Lahorga, shuningdek, Qarshi shahridan Sankt-Peterburgga parvozlar qayta tiklandi.

    Yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Yevropaga parvozlar hozirgi kunda Ozarbayjon va Turkiya orqali amalga oshirilmoqda.

    Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulovning taʼkidlashicha, 2025-yilda Toshkent — Madrid, Toshkent — Urumchi, Fargʻona — Urumchi va Fargʻona — Dehli kabi yangi yoʻnalishlarni ochish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, agar shu yilning mart aprel oylarida Xitoy bilan vizasiz rejim joriy etilsa, bu aviakompaniya uchun yangi istiqbollar ochishi mumkinligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, matbuot anjumanida ayni paytda “Boeing” kompaniyasi bilan memorandum imzolash boʻyicha muzokaralar olib borilayotganligi bildirildi. Mazkur kelishuv doirasida uzoq muddatli istiqbolda 14 ta “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlarini sotib olish rejalashtirilgani haqida maʼlum qilindi.

    Shuningdek, tadbirda aviakompaniya 33-yillikni nishonlash munosabati bilan aviachiptalarga chegirmalar eʼlon qilingani ham aytildi.

    Xususan, 2025-yil 28-yanvar kuni yoʻlovchilar barcha yoʻnalishlar boʻyicha aviachiptalarni tariflardan 30 foizgacha chegirma bilan xarid qilishi mumkin boʻladi. Shu kuni parvozdagi barcha yoʻlovchilarga aviakompaniya nomidan esdalik sovgʻalari topshiriladi.