Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent tumani hokimi 2022-yil 6-sentyabr kuni e-auksion platformasi orqali 397,9 gektar yer maydonini 30 yilga ijaraga berish yuzasidan oʻtkazilgan savdolarda 999 mlrd 999 mln 999 ming soʻmlik taklifi bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritgani toʻgʻrisida xabarlar tarqalgandi.

Keyinchalik hokim Rahimjon Rixsiyev yaylovni onlayn auksion tizimining ishlashini oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun tajriba tariqasida ijraga olgani taʼkidlab, raddiya bergan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, 2022-yil 13-sentyabr kuni hokim Rixsiyev taʼsischiligida qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan Animals Service MCHJ tashkil etilgani va u (oʻrganish oʻtkazilgan 23-oktyabr holatiga) mazkur korxona taʼsischiligidan chiqmagani maʼlum boʻldi.

Shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida qator viloyatlarda 1378 nafar davlat xizmatchisi (138 nafari hokim va hokim oʻrinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning oʻrinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari) davlat xizmati bilan birga (rahbar yoki taʼsischi sifatida) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgani aniqlangan.

Davlat xaridlari sohasida oʻtkazilgan oʻrganishlarda esa hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, gʻolib boʻlgani oydinlashgan.

Xususan, 2021-2022-yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd soʻmlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va taʼminot xodimlari, 30 ta holatda injener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalarni huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining taʼsischisi (benefitsiari) boʻlgan.

Shu kabi Surxondaryo viloyatida 155 ta holatda 16,1 mlrd soʻmlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xoʻjalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda boʻlim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining taʼsischisi (benefitsiari) boʻlganligi aniqlandi.

Masalan, Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021-yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha 8 mlrd. soʻmlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning yetakchi mutaxassisi taʼsischiligidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan.

Xuddi shunday, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd. soʻmlik, Fargʻona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd. soʻmlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd. soʻmlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd. soʻmlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd.soʻmlik davlat xaridlari boʻyicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

Ushbu holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik haqida taqdimnomalar kiritildi, shuningdek, davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari boʻyicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.