Shu munosabat bilan “Yuksalish” umummilliy harakat BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashi aʼzoligiga Oʻzbekiston Respublikasining nomzodi ilgari surilishini qoʻllab-quvvatlovchi ochiq murojaat loyihasini tayyorladi. Joriy yilning 5-oktyabr kuni ZOOM-konferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuv davomida 147 nodavlat notijorat tashkiloti ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. Barcha fikr va takliflar inobatga olingan holda murojaatning yakuniy versiyasi tayyorlandi.

Qayd etish kerak, soʻnggi 3-4 yilda Oʻzbekistonda xalqaro va milliy hujjatlarimizda mustahkamlab qoʻyilgan inson huquqlarini himoya qilish kafolatlari asoslarini takomillashtirish borasida katta yutuqlarga erishildi.

Bu sohada, jumladan, davlat boshqaruvining shaffofligi va hisobdorligini oshirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, bolalar, yoshlar huquqlarini himoya qilish va taʼminot masalalari boʻyicha sezilarli yutuqlarni xorijiy ekspertlar, siyosatshunoslar va xalqaro tashkilotlar ham taʼkidlamoqda.

Albatta, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi jarayonlar hanuz kamchiliksiz emas, lekin shu bilan birga idoralar va tashkilotlar oʻrtasidagi muvofiqlashtirish sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Muammolarni hal qilishda davlat organlari va jamoatchilikning birgalikdagi faoliyati koʻzga tashlanadi. Masalan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi. Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga koʻra, 2019-yilda Oʻzbekiston hukumati tomonidan paxta yetishtirishning barcha bosqichlarida tizimli va davomli ravishda bolalar mehnatidan foydalanish va majburiy mehnatga jalb etish holatlari kuzatilmadi. 2019-yil yigʻim-terim mavsumida 94 foiz yollanma ishchilar ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi, talabalar, oʻqituvchilar, shifokorlar va hamshiralarning dala ishlariga jalb etilishi esa butunlay tugatildi.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan 150ga yaqin nodavlat tashkilotlar ham inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish uchun ragʻbatlantirish sohasidagi ijobiy oʻzgarishlarni taʼkidlaydi, 2021—2023-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga Oʻzbekiston nomzodi koʻrsatilishi tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi.

Yuz berayotgan jarayonlar muqarrar xarakterga ega, bu haqda davlat rahbari bir necha marta taʼkidlagan. Yaqinda tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya bunga dalildir. Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya — koʻplab xalqaro va jamoat maslahatlashuvlari mahsuli. Maslahatlashuvlar davomida bildirilgan konstruktiv takliflar Milliy strategiyaning yakuniy variantini ishlab chiqishda inobatga olindi. Xususan, inson huquqlarini taʼminlash sohasida xalqaro majburiyatlarga amal qilish boʻyicha Parlament komissiyasini tuzish, har chorakda Milliy strategiyaning amalga oshirilishi yuzasida vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlarini tinglash tavsiya etildi.

Mamlakatning inson huquqlarini taʼminlash va xalqaro majburiyatlarni bajarishga sodiqligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida ham dolzarblik kasb etdi. Buni bir qator xorijiy ekspertlar va siyosatshunoslar avvalo, dunyoda va Markaziy Osiyo mintaqasida Oʻzbekiston tajribasini, qisqa vaqt ichida barcha sohalarda amalga oshirilgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni nisbatan ommalashtirish sifatida baholadilar. Ushbu islohotlar tajribasi Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun ham, dunyoning boshqa davlatlari uchun ham, shu jumladan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi doirasida ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Soʻnggi yillarda ijtimoiy-siyosiy makonda katta oʻzgarishlar yuz berdi, bu makonda aholi tanqidlariga oʻrin berildi va tanqidlar xolis qabul qilinmoqda, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarining poymol etilishi bilan bogʻliq holatlarga davlat organlari oʻz vaqtida munosabat bildirmoqda. Hukumatning, ham fuqarolar va ham jamoatchilikning oʻz majburiyatlariga sodiqligi kuzatilayotganini alohida taʼkidlashni muhim, deb hisoblaymiz.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yil Jenevada boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha kengashning 37-sessiyasida Oʻzbekiston 2021-2023-yillar mobaynida Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatida saylanish istagini ilk bor bildirdi. Ushbu qaror mamlakatda inson huquqlari himoyasini sifat jihatidan yaxshilash, ushbu sohada Oʻzbekistonning xalqaro hamkorligini sezilarli darajada faollashtirish boʻyicha maqsadli ishlar doirasida, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro tashkilotlarning ijobiy baholarini inobatga olgan holda qabul qilindi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida Oʻzbekiston Respublikasining saylanishini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish Oʻzbekistonning Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyasida ham belgilangan.

Yuksalish umummilliy harakati matbuot xizmati