FVV bergan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 13 oktabr kuni soat 17:30 larda tumanning tog‘li hududlarida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida «Qo‘ng‘irot» mahallasidagi Shakarbuloq qishlog‘i hududidan sel oqimi o‘tgan.

Ma’lum qilinishicha, yo‘ldan adashgan Damas haydovchisi va uning hamrohi yo‘nalishni aniqlash maqsadida sel oqimi o‘tadigan hududda to‘xtagan. Avtomobil sirpanib, sel o‘zanidagi chuqurroq joyga tushib ketgan.

Shundan so‘ng haydovchi mashinadan tushib, telefon orqali bog‘lanishga uringan va hamrohini sel kelayotganidan ogohlantirgan.

Biroq sel oqimi Damas avtomobili va uning ichidagi yo‘lovchini oqizib ketgan. Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yo‘lovchining jasadi topilgan.

Hodisa joyiga tuman hokimligi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari jalb etilgan.