16 ming 500 ta attestatsiya komissiyasi faoliyati tugatilmoqda

    Ta'lim 22 Sentabr 2021 1440

    Bugun AOKAda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev, bosh boshqarma boshliqlari Anvarjon Mahmudov, Dilshod Temirov, boʻlimi boshligʻi Safarali Hamroyev ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumani oʻtkazildi.

    Unda Vazirlar Mahkamasi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan maʼlumot berildi:

    Soʻnggi 3 yilda 300 ming nafardan ziyod pedagog oʻz ixtiyori bilan muddatidan avval attestatsiyada ishtirok etish uchun ariza bilan murojaat qilgan.

    Natijada 2018-yildan beri oliy toifali oʻqituvchilar 2 barobarga, birinchi toifalilari esa bir yarim barobarga oshdi.

    Biroq shunga qaramay mazkur jarayon boʻyicha yillar davomida oʻqituvchilarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlib kelayotgan byurokratik tartiblar va turli hisobotlardan iborat qogʻozbozlik mavjud edi. Masalan, toifa olish istagida boʻlgan oʻqituvchi hujjatlarini maktab direktori oʻrinbosari tomonidan tumanga, tuman viloyatga va undan soʻng respublikaga yetib kelar edi.

    Ushbu jarayonda ishtirokchilar soni koʻpligidan turli tamagirlik holatlari yoki xatoliklar uchrab turayotgandi. Oʻqituvchining faoliyati samaradorligiga baho berish tizimi qogʻozbozlik va hisobot toʻldirishga asoslangan edi. Bu esa oʻz navbatida oʻqituvchilarga turli ovoragarchiliklarga uchrashiga, aldanishiga yoki korrupsiya holatlarining yuzaga kelishiga sabab boʻlayotgandi.

    Endi pedagoglarga uyida yoki ishxonasida turib oʻzi elektron tizim orqali toʻgʻridan-toʻgʻri hujjat topshirish imkoniyati yaratildi va bunda inson omili boʻlmaydi.

    Xususan, yangi qaror bilan vazirliklar va idoralar hamda taʼlim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalarini tuzish va yigʻma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinmoqda. Yaʼni 16 ming 500 ta komissiya faoliyati tugatilmoqda.

    Buning oʻrniga oʻqituvchi attestatsiyadan oʻtish uchun davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Taʼlim inspeksiyasining veb-sayti orqali murojaat qilish tartibi joriy etilmoqda.

    Qogʻozbozlik va ovoragarchilikni kamaytiradigan yana bir yangilik pedagog kadrlarga qogʻoz shakldagi attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi. Bunda, oʻqituvchi xohlagan paytida QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi sertifikatni oʻzining shaxsiy kabinetidan yuklab olishi mumkin.

    Taʼlim inspeksiyasining “pedkadr.tdi.uz” platformasi UzASBO hamda maktab boshqaruv (ERP) dasturlari bilan integratsiya qilinmoqda. Bu oʻz navbatda, maktab buxgalteriyasiga oʻz toifasini oshirgan oʻqituvchilardan hech qanday hujjat talab qilmasdan, ularning ish haqini avtomatik tarzda qayta hisoblash va toʻlab borishga imkon beradi.

    Oʻqituvchilardan talab qilinadigan hujjatlar soni 9 tadan 3 tagacha qisqarmoqda. Bunda, Taʼlim inspeksiyasi zarur hujjatlarni elektron axborot almashinuvi orqali boshqa vazirliklardan mustaqil oladi.

    Taʼlim inspeksiyasi tomonidan pedagog kadrlar va ularning attestatsiya natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jamlangan maxsus elektron baza (pka.tdi.uz) yaratildi. Endilikda pedagog shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL), pasport seriyasi hamda raqamini kiritib, attestatsiya natijalari bilan tanishishi mumkin.

    Mazkur bazada 600 ming nafardan ortiq pedagoglarning malaka test sinovi natijalari, dars oʻtish mahorati hamda mehnat samaradorligi boʻyicha olingan ballar, attestatsiya komissiyalari tomonidan chiqarilgan qarorlar va malaka toifa sertifikati haqidagi maʼlumotlar jamlangan.

    Shuningdek, pedagog kadrlarning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat seriyasi va raqamini kiritish orqali sertifikatning kimga tegishliligini ham tekshirish mumkin. Bu esa oʻz navbatida shaffoflikni taʼminlab, turli firibgarliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

    Pedagog kadrlarga ushbu qaror qabul qilingunga qadar berilgan attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlar oʻz kuchida qoladi hamda amaldagi malaka toifasini (lavozimini) tasdiqlashda va amal qilish muddati tugagunga qadar sertifikatda koʻrsatilgan malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha bazaviy tarif stavkalari asosida haq toʻlashda hisobga olinadi.

    Yana bir muhim oʻzgartirish bu oilaviy sharoiti hamda tajribasi inobatga olinib, ustoz-murabbiylarga qulayliklar yaratildi. Yaʼni taʼlim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan oliy malaka toifali (bosh oʻqituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar, uch yoshgacha bolalari bor ayol oʻqituvchilar, pensionerlar hamda homilador ayollar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.

    Yangi qarorda faolligi va mehnati bilan yutuqlarga erishgan pedagog kadrlarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

    Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlangan pedagog kadrlar, “Ustoz” milliy mukofoti gʻoliblari, Worldskills musobaqalari sovrindorlarini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlari, respublika miqyosidagi fan olimpiadalari va koʻrik-tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) bir pogʻonaga oshiriladi.

    Shu bilan birga, qarorda nodavlat taʼlim tashkilotlari pedagoglariga attestatsiyadan oʻtib toifa olish huquqi berilishi ham nazarda tutilgan.

    Bunda pedagoglarning malaka toifalari ular boshqa taʼlim tashkilotiga, taʼlim tashkilotining bir turidan boshqasiga yoki nodavlat taʼlim tashkilotidan davlat taʼlim tashkilotiga ishga oʻtganda saqlab qolinadi.

    Maʼlumot uchun, bugungi kunda maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarida 655 ming nafardan ortiq pedagoglar faoliyat yuritmoqda.

    Ularning 30 ming nafari oliy, 88 ming nafari birinchi, 153 ming nafari ikkichichi malaka toifasiga, 246 ming nafari mutaxassis lavozimiga ega, 137 ming nafari esa malaka toifasiga ega emas.

    2020-yilda attestatsiyada qatnashgan qariyb 6000 nafar oʻqituvchiga oliy malaka toifasi berilgan boʻlsa, joriy yilda ularning soni 10 500 nafarga yetdi.