Qarorga koʻra, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tartibi joriy etiladi. Bunda:

- amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bosqichma-bosqich toʻliq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi;
- normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha namunaviy shakldagi savolnoma (cheklist) toʻldirilib, loyiha qabul qilingunigacha boʻlgan bosqichlarda unga ilova qilinadi;
- cheklist toʻldirilmagan loyihalar adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmaydi va ishlab chiquvchiga qaytariladi;
- normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida aniqlangan korrupsiyaviy omillar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilanadi.

Qarorga koʻra, 2021-yilda amaldagi 190 ta normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi.

2022-yil 1-yanvardan ilmiy tashkilotlar va OTM vakillari hamda jismoniy shaxslar – mustaqil ekspertlar normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazishi mumkin.

Ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy koʻrib chiqiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyati har olti oy yakunida baholanadi.

Shunga koʻra, xodimlarni lavozim maoshlarining 100 foizi miqdorida bir martalik pul mablagʻlari berish orqali ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash boʻyicha choralar koʻriladi.

Qaror bilan shuningdek, qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.