2020-yilga Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilgan byudjet mablagʻlari qanday sarflanyapti?

    Fan 19 Noyabr 2020 3512

    Innovatsion rivojlanish vazirligiga 2020-yilda Davlat byudjetining “Fan” sohasi uchun jami 604,6 mlrd. soʻm ajratilgan.

    Shundan, 428,2 mlrd. soʻm (71%) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga, 95,2 mlrd. soʻm (16%) doktorantura va ilmiy daraja uchun ustama haqlariga hamda qolgan 81,2 mlrd. soʻm (13%) ekspertlar mehnat haqi, vazirlikni saqlash va vazirlik tizim tashkilotlari xarajatlariga yoʻnaltirilgan.

    Vazirlar mahkamasining 2020-yil 16-apreldagi 232-son hamda 2020-yil 21-sentyabrdagi 575-son qarorlariga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilgan byudjet mablagʻlari 20,0 mlrd. soʻm miqdorida maqbullashtirilgan.

    1. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari boʻyicha fundamental, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar.

    Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi. Yangi tartib sifatida, yakuniy mahsulot va moliyalashtirish hajmi aniq boʻlgan tematik loyihalarga davlat buyurtmasi muntazam ravishda eʼlon qilinmoqda.

    Hozirgi kunda (01.10.2020-y. holatiga) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida yillik moliyalashtirish hajmi 425,0 mlrd. soʻmlik 1313 ta loyihalar bajarilmoqda, shu jumladan 74,4 mlrd. soʻmlik 334 ta fundamental loyihalar, 289,9 mlrd. soʻmlik 845 ta amaliy loyihalar, 41,3 mlrd. soʻmlik 81 ta innovatsion loyihalar, 12,5 mlrd. soʻmlik 28 ta maqsadli loyihalar, 6,9 mlrd. soʻmlik 25 ta xalqaro qoʻshma loyihalar (“Oʻzbekiston-Belarus”, “Oʻzbekiston-Germaniya” va “Oʻzbekiston-Turkiya”) bajarilmoqda. Bundan tashqari, Xitoy va Hindiston davlatlari bilan qoʻshma loyihalarga tanlovlar eʼlon qilingan.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyuldagi 366-son qaroriga muvofiq Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlarida davlat ilmiy dasturlari doirasidagi 80 ta 18,3 mlrd. soʻmlik fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi toʻxtatildi va undan boʻshagan byudjet mablagʻlari ularni saqlash xarajatlarini moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.

    2. Doktorantura va ilmiy daraja uchun ustama haqlariga ajratilgan byudjet mablagʻlari.

    Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tayanch doktorantura va doktoranturaga oʻqishga qabul qilish boʻyicha tasdiqlangan kvotalarini hisobga olgan holda tayyorlangan xarajatlar smetasiga muvofiq joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlar parametrlarida belgilangan tartibda OTM uchun “Taʼlim” sohasi boʻyicha va ITM uchun “Fan” sohasi boʻyicha 62,2 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar ajratilgan.

    Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qaroriga muvofiq ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga falsafa doktori ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun lavozim maoshining 30 %gacha hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun lavozim maoshining 60 %gacha qoʻshimcha haq toʻlashga 33,0 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar ajratilgan.

    3. Ilmiy loyihalarni ekspertizasi hamda vazirlik va vazirlik tizim tashkilotlariga ajratilgan byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan ishlar.

    Ilmiy loyihalarni ekspertiza qilish uchun vazirlik huzurida tarkibi davriy yangilab boriladigan, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan 18 ta fan yoʻnalishlari boʻyicha 450 ta malakali olim va mutaxassislardan iborat ilmiy-texnik kengashlar tashkil qilingan. Buning natijasida, loyihalarni baholashda ilmiy jamoatchilikni keng qamrovli ishtiroki taʼminlandi.

    Ilk bor startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirilib, Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan byudjet mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 33 mlrd. soʻmlik 35 ta startap loyihalar moliyalashtirildi va raqobatbardosh yangi mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi.

    Shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish vazirligi maʼmuriy binosining qurilish montaj ishlariga Jamgʻarmaga ajratilgan byudjet mablagʻlari hisobidan 25,0 mlrd. soʻm moliyalashtirilgan.

    Joriy yilda Ilgʻor texnologiyalar markazi qoshida tashkil etilgan CAT Science startap akseleratori 30 ta startap, shu jumladan 21 ta Toshkent shahridan, 8 ta viloyatlardan va 1 ta Qirgʻiziston davlatidan guruhlar akseleratsiya dasturida ishtirok etishdi.

    Ilgʻor texnologiyalar markazida koronavirus infeksiyasiga chalinganlikni aniqlash boʻyicha test oʻtkazish amaliyoti muvaffaqiyatli oʻzlashtirildi. Buning uchun Markazda SARS-Cov-2 virusini aniqlash boʻyicha maxsus laboratoriyada tashkil etildi va bir oyda 500 mingta test ishlab chiqishga erishildi.