“Raqamli Oʻzbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2021-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasi;
- 2021-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasini 2021-yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”;
- Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali toʻgʻrisidagi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasini navbatdagi yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan har yilning 1-dekabriga qadar ishlab chiqiladi va Muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ochiq maʼlumotlar portaliga egalik qiladi, shuningdek uni texnik qoʻllab-quvvatlash va taʼminlash hamda uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi.
Davlat statistika qoʻmitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirishga masʼul hisoblanadi.
3 oy muddatda quyidagilar ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun Muvofiqlashtirish komissiyasiga kiritilishi zarur:
- Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi - Portalni elektron hukumat hamda vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilish boʻyicha reja-grafikni;
- Davlat statistika qoʻmitasi - davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda Portalda majburiy eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar toʻplamlari Roʻyxatini.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021-yil 1-avgustga qadar Portalning yangi talqinini ishlab chiqib, ishga tushirilishini taʼminlash topshirildi.
Quyidagilar ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- ochiq maʼlumotlarning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
- maʼlumotlarning ochiqligini tashkiliy-metodik va axborot-texnologik qoʻllab-quvvatlash;
- “Open Data Day” va “Open Data Week” tadbirlarini muntazam oʻtkazish;
- axborot bazasini kengaytirish;
- ochiq maʼlumotlarning monitoringi;
- xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek ochiq maʼlumotlar sohasi uchun kadrlar tayyorlash.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.12.2020-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.