2021-yil 1-apreldan boshlab Prezidentning 14.03.2007-yildagi «Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-3860-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotadi. Tegishli ravishda, ushbu sanadan boshlab unda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilishi toʻxtatiladi. Xususan, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni soʻndirish xarajatlariga hamda lizing obyekti qiymatini toʻlashga yoʻnaltirilgan investitsiya summalariga foyda soligʻi boʻyicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz bekor qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida foyda soligʻi doirasida quyidagi miqdorlardagi investitsiyaviy chegirma nazarda tutilgan:
- yangi texnologik uskunalar qiymatining, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlarining va (yoki) axborot tizimlarini yaratishga doir investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy taʼminotini sotib olishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summalarining 10%i miqdorida;
- ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasining 5%i miqdorida.
SK 317-m. 17-bandiga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlar boʻyicha investitsiyaviy chegirma berilmaydi, u quyidagilar amalga oshirilgan hisobot (soliq) davrida qoʻllaniladi:
- yangi texnologik uskunani ishga tushirilgan;
- oʻz ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash amalga oshirilgan, ishlab chiqarish yangi qurilish shaklida kengaytirilgan, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilish amalga oshirilgan, axborot tizimlarini yaratish boʻyicha investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy taʼminoti sotib olingan (SKning 308-moddasiga qarang).
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan.
Oleg Zamanov.