Bugungi kunda respublikada jami 184 174 km avtomobil yoʻllari mavjud boʻlib, shundan:

umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari – 42 869 km;

ichki xoʻjalik yoʻllari – 116 560 km;

idoraviy yoʻllar – 24 745 kmni tashkil etadi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari maxsus vakolatli organ – Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tasarrufida, ichki xoʻjalik yoʻllari – mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida, idoraviy yoʻllar yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufida boʻladi.

2020-yilda jami 5 186,3 mlrd.soʻm (rejaga nisbatan 101,8 %) miqdorida avtomobil yoʻllarini qayta qurish, taʼmirlash va saqlash ishlari bajarilib, 6 442,6 km (rejaga nisbatan 101,2 %) avtomobil yoʻllari qayta qurildi va taʼmirlandi.

2021-yilda 4 577,4 mlrd.soʻm mablagʻlar oʻzlashtiriladi hamda 3 935,8 km avtomobil yoʻllari qayta quriladi va taʼmirlanadi. Jumladan:

investitsiya dasturi doirasida 2 165,0 mlrd.soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 95,8 km avtomobil yoʻllari qayta quriladi;

kapital taʼmirlash dasturi doirasida 355,0 mlrd.soʻm miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilib, 100,0 km avtomobil yoʻli kapital taʼmirlanadi;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash va saqlash boʻyicha 1 801,8 mlrd.soʻm miqdorida ishlar bajarilib, 2 540,0 km avtomobil yoʻllari taʼmirlanadi;

ichki xoʻjalik yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha 255,6 mlrd.soʻm miqdorida ishlar bajarilib, 1 200,0 km ichki yoʻllar taʼmirlanadi.