Inflyatsiya darajasi prognozi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishishning asosiy omillari

Oʻzbekiston Markaziy banki 2020-yil IV choragi uchun pul-kredit siyosatining sharhini eʼlon qildi, unda inflyatsiya darajasi 2021-yilda 9-10 foizga qadar yana-da pasayishi kutilmoqda.

2020-yilda dunyoda koronavirus inqirozining xususiyatlaridan biri talab va taklif tufayli yuzaga keladigan shoklarning ichki va tashqi iqtisodiy sharoitning yomonlashuvi bilan bir vaqtda sodir boʻldi.

Koʻplab mamlakatlar 2020-yil dekabrdan boshlab virusga qarshi emlashni boshlaganiga qaramay, dunyoda pandemiya hanuzgacha davom etmoqda va shu munosabat bilan ayrim mamlakatlar tomonidan
karantin cheklovlarining qayta kiritilishi 2021-yilda tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bunday vaziyatda inflyatsiyani 2021-yil oxiriga kelib 9-10% darajasida saqlab qolish uchun barqaror tashqi va ichki sharoitlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega, bu 2020-yil IV choragida pul-kredit siyosatini koʻrib chiqishdan kelib chiqadi.

Birinchidan, 2021-yilda dunyoda epidemiologik vaziyatning yaxshilanishi, tadbirkorlik subyektlarining yangi sharoitlarga moslashishi va faoliyatini davom ettirishi asosiy shartlardan hisoblanadi.

Shuningdek, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining prognozlariga koʻra, 2021-yilda tashqi savdo-hamkor mamlakatlarning iqtisodiy oʻsish surʼatlari bosqichma-bosqich tiklana boshlaydi.

Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy hamkorlar milliy valyutalarining AQSH dollariga nisbatan kurslari keskin tebranishlarsiz barqaror shakllanishi kutilmoqda. Oʻz navbatida, joriy yil oxiriga qadar xalqaro pul oʻtkazmalarining 8-10 foizga oʻsishi kutilmoqda. Ushbu omillar, soʻmning almashuv kursining uzoq muddatli trendiga yaqin shakllanishiga va inflyatsiyaga katta bosim oʻtkazmasligiga xizmat
qiladi.

2020-yilda YAIMga nisbatan umumiy byudjet taqchilligi nisbatan yuqori boʻldi va bu, oʻz navbatida, joriy yilda ham inflyatsiyaga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishda davom etadi. Shu bilan birga, byudjet xarajatlarining belgilangan parametrlardan past darajada amalga oshirilishi inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim paydo boʻlishining oldini oladi.

Bundan tashqari, 2021-yilda inflyatsiyaning asosiy omillaridan biri bu keyingi yillarda narxlarni erkinlashtirish boʻyicha islohotlar doirasida energiya resurslari narxlarining koʻtarilishini keyinga qoldirilishi hisoblanadi.

Shuningdek, hisob-kitoblarga koʻra, 2021-yilda iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalari hajmi nominal YAIM oʻsishiga mutanosib boʻladi va 16-20 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, ichki bozorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabning katta qismi import hisobidan qondiriladi. 2020-yilda oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, kungaboqar yogʻi, shakar, goʻsht mahsulotlari va kartoshka narxlarining sezilarli darajada oʻsishini, asosan, asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishlab chiqarishning pasayishi bilan izohlash mumkin, bu jahon bozorlarida ushbu mahsulotlar narxlarining oʻsishiga olib keldi. Shu bilan birga, prognoz qilinayotgan inflyatsiya koʻrsatkichlariga erishish uchun asosiy shartlardan biri bu oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy eksportchilari boʻlgan xorijiy davlatlar tomonidan turli cheklovlarning qoʻllanilmasligi va joriy yilda jahon narxlarining nisbatan barqarorligi hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, narxlar dinamikasiga taʼsir etuvchi noaniqliklar sharoitida 2021-yilda inflyatsiyaning 9-10 foiz atrofida barqaror shakllanishi, asosan, yuqoridagi sharoitlarga bogʻliq boʻladi. Shu bilan birga, Markaziy bank inflyatsiyaning joriy darajasi va uning prognoz trayektoriyasidan kelib chiqib, inflyatsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish maqsadida pul-kredit siyosatini amalga oshirib boradi.

Ehtimoliy xatarlar

Yaqin oylarda iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kuchayish ehtimoli pastligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, inflyatsiyaning bir martalik omillarining vujudga kelish ehtimoli va inflyatsion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bogʻliq xatarlar mavjud.

Yaqin istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi xatarlardan biri sifatida qolmoqda. Proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti boʻyicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziqovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish koʻp jihatdan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bogʻliq boʻladi. Ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish, shu jumladan, bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.