O'rmon fondining 4,5 million gektari o'rmonzorlar maydonidan iborat bo'lib, o'rmon bilan qoplangan er maydoni 3,3 million gektarni tashkil etadi. O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi tizimidagi davlat o'rmon fondining qariyb 86 foizi cho'l hududlarida joylashganligi bois o'rmonlashtirish tadbirlarini jadallashtirish hamda himoya o'rmonzorlari barpo etish hajmlarini ko'paytirish dolzarb vazifadir. Bugungi kunda mamlakatimizda bu boradagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida o'rmonlar maydoni kengaytirilmoqda. Xususan, iqlim o'zgarishi va cho'llanishga qarshi kurashish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliyotga keng joriy etildi.

O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi hamda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasi bilan hamkorlikda 2021- 2022 yil respublika hududlarida, jumladan avtomobil` yo'llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, tez o'suvchi va boshqa ko'chatlarni ekish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlandi.

O'tgan 2021 yil kuz mavsumida “yashil makon” umummilliy tadbiri doirasida respublikamiz bo'ylab jami 85 million dona daraxt va buta ko'chatlari ekilib, reja 114 foizga bajarildi. Shuningdek, joriy yilning bahor mavsumida ham davom ettirilib, 127 milliondan ziyod mevali, manzarali daraxt va buta ko'chatlari ekildi hamda belgilangan topshiriq 101,6 foizga bajarildi. 

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga ko'ra, daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish  belgilangan. SHu maqsadda hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish, ko'chatxonalar sonini ko'paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish kabi vazifalar belgilangan.

Mazkur farmonga asosan, shuningdek,  hududlarda yashil bog'lar va yashil jamoat parklari barpo etiladi va daraxtlarni sug'orish tizimi qayta ko'rib chiqiladi. Daraxtlarni shikastlash va nobud qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Kelgusida respublikamiz hududini yanada ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish, yashil hududlarni ko'paytirish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarning 186 ta tuman va shaharlarida 584 gektar maydonda yashil bog'lar, 184 ta tuman va shaharlardagi 306 ta ob'ektlarda 2022-2024 yillarda jami 1082 gektar maydonda yangidan yashil jamoat parklari barpo etiladi.

O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan hududlarga mos ko'kalamzorlashtirish uchun tavsiya etiladigan daraxt-buta turlarini ekish agrotexnikasi bo'yicha tavsiyanomalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Bugungi kunga qadar yashil bog'lar hamda yashil jamoat parklari tashkil etish bo'yicha tuman va shahar hokimliklarining tegishli qarori qabul qilinib, joriy yilning bahor mavsumida respublikamiz bo'yicha 480 gektar maydonda yashil bog'lar hamda 407 gektar maydonda yashil jamoat parklari barpo etish ishlari amalga oshirildi.

Hududlarda iqlim-sharoitga mos suvsizlik va qurg'oqchilikka chidamli shumtol, qayrag'och, katal`pa, yapon saforasi, gledichiya, tol, terak, jiyda, tut, zarang, kashtan, lipa, eman, qayrag'och, akatsiya kabi daraxt va buta turlarini ekishga alohida e'tibor qaratilmoqda.